Termiz kichik sanoat zonasiga kirib borar ekansiz, tadbirkorlarning loyihalari, tashabbuslari bilan yaqindan tanishish barobarida, yoshlarning ishga jalb etilgani, er yigitlar barobarida xotin-qizlarning ham mehnat qilayotgani dilingizni ravshan etadi. Ushbu hududda 9 ta tadbirkorlik subyekti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, biri-ikkinchisini takrorlamaydigan loyihalar amalga oshrilayotganiga guvoh bo‘lasiz. Chunki bozor bitta, hamma tadbirkor bir xil mahsulot ishlab chiqarsa, uni sotish, xaridorini topish muammoga aylanishi shubhasiz.

—Termiz shahar kichik sanoat zonasida jami 9 ta lot joylashgan bo‘lib, bu yerda 70 nafar ishchi mehnat qilayotir, — deydi viloyat kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi bosh mutaxassisi Toxir Ibodov. — Sanoat zonalaridagi lotlar tadbirkorlarga faqatgina yer ko‘rinishida berilgan edi. Bu esa uncha-muncha tadbirkorlik subyektiga ishini rivojlantirib ketishga qiyinchilik tug‘dirayotgandi. Masalan, tadbirkor qurilishini qilsinmi, unga kommunikatsiya tarmog‘ini o‘rnatsinmi, asbob-uskuna sotib olsinmi, xom ashyo, ishchilar degandek, o‘rtamiyona tadbirkor uchun bu biroz noqulaylik tug‘dirardi. Biroq endilikda sanoat zonalarining infrastukturasi, kommunikatsiyalar tarmog‘i ham davlat tomonidan amalga oshiriladigan bo‘ldi. Bu esa tadbirkorni qo‘llashdagi muhim qadamdir. Tadbirkorlikda yana bir jihat muhimki, sohada innovatsiyani jadallik bilan qo‘llay bilish kerak.

Xitoylik tadbirkor bilan suhbatlashganimda, ular menga “bizda tadbirkorlar, eng yirik korxonalar ishlab chiqarishdan tushadigan mablag‘ning 80-90 foizini innovatsiyaga, takrorlanmas qulaylik va yangilik yaratishga sarflaydi. Bugun bozor iqtisodiyoti har jabhada o‘z so‘zini aytib turgan palla. Bir kun yangilik va innovatsiyadan chetda qolding, degani tadbirkor uchun qattiq zarba bo‘ladi. Bugun sen bir uskuna ishlab chiqarsang, ertaga boshqasi senikidan yaxshiroq imkoniyatli qurilma ishlab chiqardi deylik. Demak birinchi tadbirkor o‘z-o‘zidan sinadi” degandi. Tadbirkorlarimiz orasida esa innovatsion loyihalari va tashabbuslari bilan yangilik yarataman, deganlari serob emas. Tadbirkorlarimiz bugungi kunda innovatsion loyihalarga emas, dolzarb bo‘lib turgan qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarishga o‘zini urishmoqda. Chunki, ayni paytda vohamizda ham, respublikada ham qurilish, bunyodkorlik ishlari avjida. Ularga nima kerak xom ashyo, qurilish mollari kerak.

Toxir Ibodovning aytishicha, shahar kichik sanoat zonasidagi ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eksportiga hali erishilganicha yo‘q. Mahsulotlar faqatgina mahalliy bozorgagina yo‘naltirilmoqda.
Polietilen paketlar, plastmassa idishlar, xo‘jalik mollari, qog‘oz mahsulotlari, qurilish materiallari — travertindan tortib, gul qog‘ozlargacha o‘zimizda ishlab chiqarilayotgani esa ichki bozorni shu turdagi mahsulotlar bilan ta’minlashda ayni muddao bo‘layotir. Qurilish qilaman, yaxshi niyat ila uy solaman, degan borki, imorati uchun kerakli mahsulotlarni uzoqdan qidirib ovora bo‘lib yurmaydi.
Xayoli “zar”da emas, qurilishda bo’lgan ayol
Termiz shahar kichik sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari orasida diqqatimizni tortgani, ayol boshi bilan qurilish materiallarini ishlab chiqarishga bel bog‘lagan tadbirkor Sayyora Allayevaning ishlab chiqarish maydoni bo‘ldi.
Umumiy qiymati 160 ming dollarlik loyiha bo‘lgani uchun 40 ming dollar tadbirkorning o‘z mablag‘i bilan ish boshlangan bo‘lsa, qolgan qismi kredit bilan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo tadbirkorning kredit olish uchun hech bir garovi yo‘qligi sabab o‘z mablag‘i bilan ishni boshlab qo‘ya qolgan tadbirkor opa endilikda egallab turgan obyektni xususiylashtirib olgan va tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida Xitoydan bir nechta uskuna xarid qilgan.
Sayyora Allayeva rahbarlik qilayotgan “Surxon star mix”dagi ish jarayonlari bilan yaqindan tanishishga kirishamiz. Bir tomonda qurilish mollari, bir tomonda esa jidka aboylar ishlab chiqarilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Ishchilar uchun ham barcha sharoit yaratilgan. Uzoqdan qatnab ishlaydiganlarga yotoqxona ham mavjud.

G‘ayrati so‘zida ham, ishida ham ko‘rinib turadigan Sayyora opa qurilish sohasiga va shu sohada zarur bo‘ladigan mahsulotlar ishlab chiqarishga juda qiziqadi. Qayerga borsa, qurilish borasida biror ishlab chiqarish obyektiga ko‘zi tushib, yoki kimdandir eshitib qolsa bormi, tezgina borib ko‘radi, tajriba orttirishga, ish o‘rganishga harakat qiladi. Texnik vositalarini ham yaxshi tushunadigan tadbirkor ayol biror texnikasi buzilib qolsa ham usta qidirib yurmaydi. O‘zi darrovda texnikani sozlashga kirishadi. Hamma ayol tilloyu taqinchoqlarga, kiyim-kechak latta-puttaga qiziqsa, Sayyora opa qurilish materiallari turini ko‘paytirishga “irs”ini bergan.
—Bir paytlar tashlandiq, qarovsiz yerlar edi, bu yerda ish boshlaganimizdan so‘ng qurilish qildik, sharoitni to‘g‘irladik, to‘rt kishini ishli qildim, — deydi “Surxon star mix” xususiy korxonasi rahbari Sayyora Allayeva. —Samarqand viloyatida qizimning turmush o‘rtog‘i tadbirkorlik qiladi, yirik zavodi ham bor. Ular ham qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Men ishni, tajribani shu yoqda o‘rganib qaytdim.
Tadbirkor bozorgir va xaridorgir jami 15 turdagi mahsulotlar, jumladan, jidka aboylar, emulsiya, travertin, fasadniy shpaklovka, kleylar, turli xildagi bo‘yoqlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Asosiy xom ashyoni Qashqadaryodan olib kelishadi. Jidka aboylar uchun xomashyoni qulay va arzon narxda “Zif textile”da ishlab chiqarilayotgan mahsulotlardan qolgan qiyqimlarni sotib oladi. Tadbirkor ishlab chiqarayotgan jidka aboylarga umuman sintetik matolar qo‘shilmaydi. Ushbu turdagi mahsulotlar bilan pardozlangan xonalar havo o‘tkazuvchan, salomatlikka mutlaqo zararsizligi bois bugun uning xaridori ko‘p.
Ko’pchilikning tadbirkor bo’lgisi, birdaniga mo’maygin daromad topib, el og’ziga tushgisi keladi. Ammo tadbirkorlikni ham nonni qattiq tishlagan, belini qirq joyida bog’laganga chiqargan. Buni bugun tadbirkorligini boshlab, ertasiga uni rivojlantirib ketolmayotgan, yoki ishlab chiqargan mahsuloti xaridor kutaverib omborxonalarda sarg’ayayotganlar yaxshi bilishadi. Birgina qurilish materiallari ishlab chiqarishning o‘zini oladigan bo‘lsak, ishlab chiqarish obyekti doim chang, qiyqimlar sochilgan, ish yurishmagan, mahsulotlar tom-tom uyilib, xaridorga ko‘z tikilgan holatlarning o‘ziyoq kishida tadbirkorlikka kirishishda hadik uyg‘otadi. Ammo qiyinchiliklarga sabr qilgan, ishning ko‘zini bilgan, izlanuvchan, g‘ayrati toshgan insongina tadbirkor bo‘ladi.
Sayyora Allayevadan ham “mahsulotlarniku ishlab chiqarayapsiz, ammo uni sotishda qiyinchilik bo‘lmayaptimi, bu borada sizga mutasaddilar qanday ko‘mak berishayapti” deya masalaning boshqa tomoni bilan ham qiziqqanimizda, “tadbirkorlik bugun viloyatimizda qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun ham hech ikkilanmay ish boshlaganman. Avvaliga joysiz, ijarada ishlab faoliyat yuritardim, viloyat hokimiga murojaat qilganimdan so‘ng mana shu joyni berishdi. Birgina muammoyimiz shundaki, ichki bozor bilan cheklanib qolayapmiz. Mahsulotlarimiz jahon bozoriga chiqsa, mutasaddilar eksport qilishga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatsa, qo‘shni davlatlar tadbirkorlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimizda ko‘maklashsa, ishimiz yanada rivojlanardi” deya umidlanadi qahramonimiz.
Qurilish metiallarining ham sifatida, ishlab chiqarilishida, tarkibida farq qiladi. Shunday qurilish obyektlari borki, yangi qurilsa ham oradan hech qancha vaqt o‘tmasidan ohori to‘kilib, ta’mirlashga muhtoj bo‘lib qoladi. Sayyora opa esa sifatga alohida e’tibor qaratadi. Opaning bir gapi quloqqa yoqadi: “yaxshi niyat ila uy qurayotgan, imoratini ta’mirlayotgan kishi ishlab chiqargan mahsulotingizdan baraka topsa, qilgan mehnatizga quvonasiz, charchoqlar chiqib ketadi, albatta”.
Dadil-dadil so’zlaydigan, o‘ziga nisbatan ishonchi baland Sayyora Allayevaning o’qishni tamomlagani asli madaniyat yo‘nalishi. Ikki qizi, bir o‘g‘li bor. O‘g‘li qurilish sohasini tanlashni istamadi, ammo ikki qizi ham onasi kasbiga kamarbasta.
Qurilish tashkilotlari bilan shartnoma asosida ham mahsulotlar ishlab chiqarilishi, mahsulotning tezda sotilishi, yaroqlilik muddati o‘tib, tadbirkorga zarar yetmasligi garovidir. Sayyora Allayeva ham ishning bu yog’ini pishiq qiladi. Avval qurilish tashkilotlari bilan shartnoma qiladi, keyin mahsulot ishlab chiqarishga kirishadi.
Statistika “kichik sanoat”dan so‘zlasa…
Prezidentimizning 2018-yil 29-martdagi “Surxondaryo viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2019-yil 2- iyundagi “Kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga asosan, viloyatimizda jami 94,14 gektar yer maydonida jami 36 ta kichik sanoat zonalari tashkil etilgan bo‘lib, umumiy qiymati 394,6 milliard so‘mlik 194 ta loyihalar amalga oshirish rejalashtirilgan. 1037 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Ayni damda kichik sanoat zonasi eng ko‘p tumanlarni oladigan bo‘lsak, Qumqo‘rg‘on tumanida 5 ta, Denovda 4 ta, Angor, Jarqo‘rg‘on hamda Qiziriqda 3 tadan, qolgan hududlarda esa bir-ikkitadan kichik sanoat zonalari tashkil etilgan.
Shundan, 7,7 gektar yer maydonida infratuzilma obyektlari va boshqa obyektlar joylashtirilgan. Foydali hisoblangan 86,5 gektar hududidan 29,9 ming gektar yer maydonida investitsiya loyihalari joylashtirilgan. Bo‘sh yer maydoni 56,6 gektarni tashkil etadi.
Bugungi kunga qadar kichik sanoat zonalari hududida umumiy qiymati 131,3 milliard so‘mlik 91 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilgan va 898 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Birgina 2021-yil davomida umumiy qiymati 45,6 milliard so‘m bo‘lgan 40 ta investitsiya loyihalari amalga oshirildi va 358 ta yangi ishchi o‘rinlari yaratildi.

Shuningdek, qiymati 263,3 milliard so‘mlik 103 ta investitsiya loyihalarini ishga tushirish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rilmoqda va buning natijasida 1170 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.
2022-yilda esa qiymati 176,6 milliard so‘m bo‘lgan 93 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilishi va 1033 ta yangi ishchi o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
2021-yil davomida kichik sanoat zonalari ishtirokchilari tomonidan 86 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, 240 ming dollarlik mahsulotlar eksportga yo‘naltirilgan. 2022-yil yakuni bilan ishlab chiqarish hajmini 150 mlrd so‘mga, eksport hajmini esa 500 ming dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Adolat MO‘MINOVA