Аyollar nega faqat ikki kasbga o‘qitilmoqda?

Date:

Viloyat hokimligi majlislar zalida Xalq deputatlari viloyat Kengashining qirq oltinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Surxondaryo viloyatidan Oliy Majlis Senatiga saylangan deputatlar hamda Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, korxona, tashkilot rahbarlari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtiroq etgan sessiyani Xalq deputlari viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Аbduraim Choriev ochdi va olib bordi.

 Kun tartibidagi birinchi masala, yaʼni “Temir daftar” ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning bandligini taʼminlash, ularni kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, shuningdek, ularning “Temir daftar”dan chiqarish bo‘yicha joylarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Fayzullo Mamanovning maʼruzasi tinglandi va atroflicha muhokama qilindi.

—      O‘tgan ikki yil mobaynida viloyatdagi 637 ming oilaning 10 foiziga yaqini, yaʼni
58 ming oila “Temir daftar” ro‘yxatiga kiritilib, zaruriy yordamlar ko‘rsatildi. Ularning turmushini yaxshilash, bandligini taʼminlash sektor rahbarlari doimiy nazoratida turdi.
27 ta oilaga uy ajratildi, 38 ta oilaning uy-joyi taʼmirlandi, 28 ta oilaga tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun kreditlar ajratildi, tibbiy yordamga muhtoj 278 nafar kishiga tibbiy xizmat ko‘rsatildi. Jamg‘armalarda yig‘ilgan mablag‘ hisobiga OTMlarda tahsil olayotgan, oilaviy sharoiti og‘ir xotin-qizlarning 100 nafari kontrakt shartnoma to‘lovi to‘lab berildi, — dedi maʼruzachi. — Аfsuski, ko‘p mahallalarda “Temir daftar” ro‘yxatida turgan shaxslarga tikuv mashinasi yoki pishiriqlar tayyorlash pechlari olib berilib, ro‘yxatdan chiqarib yuborish holatlari kuzatilmoqda.

 Maʼurzachiga deputatlardan berilgan savollardan shu narsa oydinlashdiki, o‘tgan yili “Temir daftar” ro‘yxatida turgan fuqarolarning 236 nafari Denov va Аngor tumanlarida faoliyat ko‘rsatayotgan monomarkazlarda kasb-hunar egallash uchun o‘qitilgan. Buning uchun davlat byudjetining katta miqdordagi mablag‘i sarflangan. Biroq monomarkazlarga ko‘pchilik hunar egallash uchun emas, balki stipendiya olish uchun bormoqda. Maʼlumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili va bu yil kasb-hunarga o‘qitilgan fuqarolarning nari borsa 10-15 foizi ishga joylashgan, qolganlarining taqdiri bilan hech kim qiziqmayapti. Monomarkazlarda asosan xotin-qizlar ikki hunar — tikuvchilik va pazandachilikka o‘qitilmoqda, xolos. Vaholanki o‘rgataman va o‘rganaman, degan kishiga hunarlar juda ko‘p. Natija shunga olib borayaptiki, tikuvchi va pazandalar tayyorlayotgan mahsulotlariga xaridor topish qiyinlashmoqda.

 Viloyat bandlikka ko‘maklashish markazi rahbarlari taqdim etgan malumotga ko‘ra, hozir ushbu monomarkazlarda 199 nafar xotin-qiz o‘qitilayapti. Yil oxirigacha yana 13,5 ming nafar xotin-qizni o‘qitish rejalashtirilgan. Tasavvur qiling, shuncha kishi tikuvchi va pazanda bo‘lsa, ular qaysi korxonada ishlaydi va tayyorlayotgan mahsulotiga xaridor topiladi? Savol-javoblar jarayonida bundan keyin monomarkazlarda xotin—qizlarni tadbirkorlar talabi bo‘yicha o‘qitish kerakligi taʼkidlandi. Chunki tadbirkor o‘zining korxonasi talabidan kelib chiqib, hunar egasiga ehtiyoj sezadi va uni ish bilan taʼminlaydi.

 Sessiyada Oliy Majlis Senatining 2021- yil 31- iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning kesilishiga doir masala yuzasidan axboroti to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2030- yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasida belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Ro‘zigul Safarovaning axboroti eshitildi.

 Maʼruzachi 2021- yil mobaynida boshqarma davlat inspektorlari tomonidan atrof-muhit, shuningdek, o‘simlik va hayvonot dunyosiga ziyon yetkazish yuzasidan 5064 ta, shundan 286 tasi mansabdor shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilganini taʼkidlab, ulardan 2 milliard 246 million so‘m jarimalar undirilgani, biroq soha mutaxassislarining brakonerlarning izidan quvish va ularning qochishi sira to‘xtamayotganini afsus bilan taʼkidladi. “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha viloyatimizning barcha manzillarida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish, “Yoshlar bog‘i” , “Jamoat parklari”, Sariosiyo va Uzun tumanlarida hududi 150 gektar bo‘lgan “Yuqori To‘palang” va “Bobotogʼ” milliy tabiat bog‘lari tashkil etilayotgani eʼtirof etilib, bundan keyin ekilgan har bir tup ko‘chatning ko‘karishi uchun fuqarolar masʼuliyatini oshirish, sug‘orish, parvarishlash, quritib qo‘ymaslik choralarini ko‘rish haqida ham fikrlarini bayon etdi. Shuningdek, chiqindi bilan bog‘lik ishlarni tizimli amalga oshirish bo‘yicha qilinishi zarur bo‘lgan vazifalarga to‘xtaldi.

 Bugungi kunda aholini sog‘lomlashtirish, xalqqa tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, murakkab jarrohlik amaliyotlarini viloyatdagi shifoxonalarda tashkil etish hisobiga bemorlarni ortiqcha ovorayu sarson qilishga chek qo‘yish dolzarb vazifalaridan biridir. Sessiyada viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Umid Bo‘rievning “Tibbiyot muassasalari faoliyatining samaradorligini oshirish”ga doir maʼruzasida sohada qilinishi zarur vazifalar bayon qilindi.

 Maʼruza yuzasidan deputatlar tomonidan bildirilgan fikrlardan ravshan bo‘ldiki, hamon viloyat shifoxonalarida tajribali va malakali vrachlar yetishmayapti. Tibbiyot oliygohlarini bitirayotgan yosh mutaxassislar o‘z yashash joyiga qaytishdan ko‘ra, markaziy shaharlardagi shifoxonalarda qolib ishlashni afzal ko‘rishmoqda. Garchand viloyat hokimi granti asosida talabalarni o‘qitishga imkon bo‘lsada, viloyat moliya boshqarmasi mablag‘ topishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani tufayli mahalliy yoshlarni tibbiyot oliygohlarida “Hokim granti” bo‘yicha o‘qitish paysalga solinayapti. Oqibatda oliygohlarda tahsil olayotgan yoshlar kontrakt to‘lovlarini o‘zlari hal etayotgani uchun oliygohlarni bitirgach, viloyatdagi shifoxonalarga kelishni istashmayapti. Shuningdek, viloyat Qon quyish markazi, Termiz va Denov shaharlaridagi perinatal markazllarida zarur tibbiyot jihozlari yo‘qligi bois bemorlarni davolashda muammolar yuzaga kelayotgani taʼkidlandi.

 Bundan tashqari, sessiyada Surxondaryo viloyatida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida 2022- yilda qishloq aholi punktlarida ichimlik suvi va oqava suvi taʼminoti tizimlarini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning manzilli ro‘yxatini hamda Prezidentning 2021 -yil 9- dekabrdagi farmoniga ko‘ra “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda inshootlarini qurish chora-tadbirlarining manzilli ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Kengashning sanoat, transport qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining, Kengashning mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, turizm, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi I. Yoqubovning Prezidentning 2021- yil 6- iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi xususidagi maʼruzasi, shuningdek, xalq deputatlari Sariosiyo tumani Kengashining 2021- yil 11- dekabrdagi va Bandixon tumani Kengashining 2022 -yil 15 -fevraldagi qarorlarini o‘rganish natijalari to‘g‘risida hamda viloyat byudjetiga respublika byudjetidan ajratilgan ssuda mablag‘laridan maqsadli foydalanish to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi. Bundan tashqari, viloyat hokimining sessiyalar oralig‘ida qabul qilgan qarorlari tasdiqlandi.

U. Normatov,

N.Muhibulloev (surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Xitoy bilan sanoat loyihalari amalga oshiriladi

Surxondaryo viloyati hokimligida Ulug‘bek Qosimov Xitoy Xalq Respublikasining “Hebei...

QOZOG‘ISTONDAN MEDAL BILAN…

Mehnat va izlanish, albatta, o‘zining ijobiy natijasini beradi. Buni...

Necha sotixgacha bo‘lgan yerlarga mulk va ijara huquqi rasmiylashtirib beriladi?

Yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi...

Ziqna zaqqum

Kiyimlarining oxori to‘kilib, eskirib ketgan ayol, eriga yolvordi: "Jon...
KunTun
KunTun