Taraqqiyot yo‘lidagi g‘ov

Date:

Korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiladigan, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillariga putur yetkazadigan illatlardan biridir. Shu bois unga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va har bir fuqaroning umumiy vazifasi bo‘lishi lozim. “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, korrupsiya shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy yoxud boshqa shaxslar manfaatini ko‘zlab qonunga xilof ravishda moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida foydalanishi bilan bog‘liq harakatlarni qamrab oladi. Qonunchilikda manfaatlar to‘qnashuviga ham alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, shaxsiy manfaatdorlik xizmat vazifalarini bajarishga ta’sir ko‘rsatishi yoki bunday ta’sir ehtimoli mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlar belgilangan.
Korrupsiyaga qarshi samarali kurashish uchun uning qaysi sohalarda ko‘proq uchrayotgani, kelib chiqish sabablari va unga sharoit yaratayotgan omillarni muntazam o‘rganib borish muhim. Shu maqsadda davlat organlari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar bilan hamkorlikda sotsiologik, maxsus va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazadi.
Sotsiologik tadqiqotlar orqali jamoatchilik fikri o‘rganilib, korrupsiyaga ko‘proq duch kelinayotgan sohalar va uning sabablari aniqlanadi. Maxsus tadqiqotlarda korrupsiyaga oid jinoyatchilik holati, statistik ko‘rsatkichlar va mas’ul organlar faoliyati tahlil qilinadi. Ilmiy tadqiqotlar esa korrupsiyaga qarshi samarali usul va tavsiyalarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun qonunchilikda ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Shu bilan birga, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki unga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi ham nazarda tutilgan. Bu jamoatchilikning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ishtirokini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Korrupsiyaga qarshi kurashishni faqat jazo choralari bilan hal etib bo‘lmaydi. Jamiyatda qonunga hurmat, halol mehnat, mas’uliyat va shaffoflik qadriyatlarini mustahkamlash, ayniqsa, yosh avlod ongida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish zarur.
Davlat tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish ham shu maqsadga
xizmat qiladi.
Zero, korrupsiyaning oqibatlarini bartaraf etishdan ko‘ra, uning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillarni oldindan aniqlash va bartaraf etish samaraliroqdir. Jamiyatda halollik va qonunga itoatkorlik umumiy qadriyatga aylangandagina korrupsiyaga qarshi kurashishda barqaror natijaga erishish mumkin.

S.Xolmatov,
Surxondaryo viloyat ma’muriy sudi sudya
katta yordamchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

O‘zbek alifbosiga o‘zgartirish kiritildi

Senat lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni...

TerDU talabasi kubok g‘olibi

Kattalar va yoshlar (U-20) o‘rtasida og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston...

Faoliyati yangi mezonlar asosida baholanadi

Sport vaziri Adham Ikramov boshchiligidagi yig‘ilishda vazirlik tizimidagi sport...

Birinchi qavatdan tijoriy maqsadda foydalanish mumkin

Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatidagi xonadonlardan tadbirkorlik maqsadida foydalanish...
KunTun
KunTun