Aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu tashabbuslar Surxondaryoda izchil davom etmoqda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Denov tumanidagi “Chuqurqishloq” mahallasiga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Tashrif davomida aholi uchun zamonaviy mahalla binosi foydalanishga topshirildi. Yangi maskan fuqarolar murojaatlarini mahallaning o‘zida ko‘rib chiqish, muammolarni tezkor hal etish va davlat xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ko‘makka muhtoj ikki oila uchun bunyod etilgan yangi uy-joylar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi. Viloyat hokimi xonadon sohiblarini tabriklab, ularga tinchlik-xotirjamlik, farovonlik va fayz-u baraka tiladi.
“Chuqurqishloq” mahallasida amalga oshirilgan ushbu xayrli ishlar “Inson qadri uchun” tamoyilining amaliy ifodasi bo‘lib, xalq manfaatlariga yo‘naltirilgan islohotlarning yana bir muhim natijasi bo‘ldi.

