Oltinsoy tumanidagi “Chinor” jomeʼ masjidida ezgu an’anaga aylangan xayriya tadbiri bu yil ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Masjid imom-xatibi Ma’ruf Rahmonqulov tashabbusi hamda saxovatpesha homiylar ko‘magida ikki yildan buyon tashkil etib kelinayotgan ushbu xayrli tadbir doirasida 5 nafar o‘g‘il bolaning xatna to‘yi o‘tkazildi.
Bolajonlarga velosiped, kostyum-shimlar hamda har biriga 500 ming so‘mdan pul mablag‘i topshirildi. Shuningdek, 15 nafar o‘quvchi-qizga maktab sumkasi, o‘quv qurollari, maktab formasi va kiyim-kechaklar tuhfa etildi.
Tadbir davomida mehmonlar uchun dasturxon yozildi. Bu kabi ezgu tashabbuslar jamiyatimizda mehr-oqibat, saxovat, hamjihatlik va insoniylik kabi qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

