Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Uzun tumanida yana bir quvonchli voqea — Yangi ro‘zg‘or mahallasidagi 25-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangilangan binosi foydalanishga topshirildi.
Muassasa to‘liq rekonstruksiya qilinib, 90 nafar tarbiyalanuvchiga mo‘ljallangan zamonaviy va qulay sharoitlarga ega maskanga aylantirildi. Bu yerda “Boysun trans qurilish loyiha” MCHJ tomonidan 4 milliard 194 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Bog‘chaning ochilish marosimida tuman hokimi Xabibulla Bozorov, nuroniylar va mahalla ahli ishtirok etdi. Ramziy lenta kesilib, yangilangan ta’lim maskani bolajonlar ixtiyoriga topshirildi.
Yangi bog‘cha Yangi ro‘zg‘or mahallasi aholisi uchun Mustaqillik bayrami arafasidagi munosib tuhfa bo‘ldi. Endilikda bu maskanda bolalar zamonaviy sharoitlarda ta’lim-tarbiya olib, bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega.
Bayram shukuhi, obodlik va bolajonlarning quvonchi uyg‘unlashgan ushbu maskan mahalla hayotiga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

