Xorijiy tillarni zamonaviy va samarali usullar asosida o‘qitish, o‘quvchilarning til bilimi va xalqaro sertifikat olish imkoniyatlarini kengaytirish bugungi ta’limning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Shu maqsadda Surxondaryo viloyatidagi umumta’lim maktablarida “SMART TONGUE EDUCATION” — “Aqlli til ta’limi” loyihasini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.
Qayd etilganidek, loyiha 2025–2026-o‘quv yilida Toshkent shahrida tajriba tariqasida amalga oshirilib, 10 106 nafar bitiruvchining sertifikat olishiga imkon yaratgan. Ijobiy natijalar asosida loyiha 2026–2027-o‘quv yilidan hududlarda ham joriy etilmoqda. Uchrashuvda Toshkent shahrining Bektemir tumanidan tashrif buyurgan mutaxassislar loyiha tajribasi, uni maktablarda samarali tashkil etish hamda o‘quvchilarning xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ma’lumot berdilar.
Loyihaning Surxondaryo maktablarida joriy etilishi o‘quvchilarning xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishi, bilimlarini xalqaro sertifikatlar orqali tasdiqlashi va kelgusidagi ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

