XALQ BILAN HAMNAFAS MAHALLA

Date:

Mahalla — xalq hayoti bilan eng yaqin bog‘langan, odamlarning kundalik muammolari va manfaatlari bevosita namoyon bo‘ladigan maskan. Shu bois mahallalarda yuz berayotgan har bir ijobiy o‘zgarish, avvalo, aholi turmush farovonligi va hududdagi ijtimoiy muhitda aks etadi.

Aholi murojaatlarini joyida o‘rganish, mavjud muammolarga amaliy yechim topish, obodonlashtirish ishlarini qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda, mahallaning ma’naviy hayotiga e’tibor qaratish ham muhim.

Shu maqsadda deputatlik faoliyatimiz davomida Denov tumani mahallalarida bo‘lib, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazdik. Xonadonlarning turmush sharoiti, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar hamda hududlarni obodonlashtirish jarayonlari bilan yaqindan tanishdik. Eng muhimi, odamlarni qiyna-yotgan masalalar va ularning takliflarini tinglab, muammolarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish choralarini belgiladik.

Xayrobod qo‘rg‘onida Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati N.Lutfullayeva, Denov tumani hokimi bilan birgalikda piyodalar yo‘laklariga beton qoplamasi yotqizish ishlarini ko‘zdan kechirdik. Bu kabi amaliy ishlar mahalla infratuzilmasini yaxshilash, aholiga qulay va xavfsiz sharoit yaratishda muhim ahamiyatga ega.

Tumandagi “Bog‘i Eram” mahallasida ham xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari

R. Salomova, Sh.Qodirova bilan birgalikda  mahalla hayoti bilan yaqindan tanishdik. Xonadonlarga biriktirilgan nuroniylar holidan xabar olindi, “mahalla yettiligi”ning faoliyati, aholi bilan ishlash tizimi va obodonlashtirish ishlari o‘rganildi.

Quvonarlisi, mahallada yo‘llar, ko‘chalar, yashil hududlar va ijtimoiy obektlarni obod qilish ishlari hamjihatlik asosida olib borilmoqda. Bunday o‘zgarishlar nafaqat hudud ko‘rkini oshiradi, balki fuqarolarda o‘z mahallasiga daxldorlik va mas’uliyat hissini kuchaytiradi.

O‘rganish davomida yana bir muhim tashabbusning samaralariga guvoh bo‘ldik. Mahallalardagi har bir ko‘chaga faol va tajribali nuroniylar biriktirilgan. Tuman “Nuroniy” jamg‘armasi tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan ushbu tizim mahalla hayotida katta avlod vakillarining o‘rnini yanada kuchaytirmoqda.

Zero, nuroniylar o‘zlarining hayotiy tajribasi, oqilona maslahatlari va ibrati bilan yoshlar tarbiyasiga munosib hissa qo‘shmoqda. Ayniqsa, milliy qadriyatlar, urf-odatlar va oilaviy tarbiya an’analarini yosh avlodga yetkazishda ularning o‘rni beqiyos. Ular mahallaning nafaqat faol a’zosi, balki ma’naviy tayanchi va yoshlar uchun ibrat maktabi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Obodlik va ma’naviyat bir-birini to‘ldirgandagina mahalla chin ma’noda farovonlik maskaniga aylanadi. Shu bois xalq bilan doimiy muloqot qilish, muammolarni joyida o‘rganish, obodonlashtirish va ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ayni paytda avlodlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash — barchamizning umumiy vazifamizdir.

Mahalladagi har bir ezgu tashabbus, har bir obod ko‘cha va xonadondagi osoyishtalik, yoshlar tarbiyasidagi har bir ijobiy natija — pirovardida xalq farovonligi va yurt ravnaqiga xizmat qiladi.

R.SALOMOVA,

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yurtni ardoqlab…

Vatan mustaqilligi — xalqimizning eng ulug‘ va bebaho qadriyati....

AJDODLAR RUHIGA EHTIROM KO‘RSATAYLIK

Alloh taolo insonni bu dunyoning eng aziz va mukarram...

Kutubxona: kitoblar maskanidan imkoniyatlar makonigacha

Bugungi texnik taraqqiyot hayotimizning deyarli barcha jabhalarini o‘zgartirmoqda. Ta’lim...

XALQ BILAN HAMNAFAS MAHALLA

Mahalla — xalq hayoti bilan eng yaqin bog‘langan, odamlarning...
KunTun
KunTun