Mahalla — jamiyatning eng kichik bo‘g‘ini bo‘lsa-da, uning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati kichik emas. Shu boisdir, biror muammo bilan qaysidir tashkilotning eshigini qoqsangiz, avvalo, “Mahallaga bordingizmi?” degan savolga duch kelasiz.
Chunki muammo ham, talab va takliflar ham, avvalo, mahallada tinglanadi. Imkon va sharoit bo‘lsa, masalaning yechimi ham shu joyning o‘zida topiladi.
Tabiiyki, minglab odamlar yashaydigan hududda muammolar salmog‘i ham shunga yarasha bo‘ladi. Kimnidir ishsizlik, boshqasini uy-joy masalasi qiynaydi. Yana kimdir ijtimoiy nafaqaga, biroz ko‘makka ehtiyoj sezadi. Kimdir salomatligi bilan bog‘liq masala sababli tegishli tibbiy muassasaga yo‘naltirilsa, yana bir fuqaroning ta’limga oid muammosi ko‘ndalang turadi.
Shu bois mahalla boshida turganlarning mas’uliyati ham katta. Har bir masalani joyning umumiy holatidan kelib chiqib, o‘zaro hamjihatlikda hal etish muhim. Bugun hududlarda aynan shu tamo-
yilga asoslangan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Mahallalar bosqichma-bosqich obod bo‘lib, infratuzilmasi yangilanmoqda, imkoniyatlari kengaymoqda.
Og‘ir ahvoldagi mahallalar aniqlanib, davlat dasturlariga kiritilayotgani muammolarni manzilli hal etishga xizmat qilayotgan bo‘lsa, eng yaxshi natija ko‘rsatgan mahallalarga “Prezident mahallasi” maqomining berilishi va qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilayotgani yangi bosqich uchun zamin hozirlamoqda.
Bunday o‘zgarishlarning amaliy ifodasini viloyatimiz misolida ham ko‘rish mumkin.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Angor tumanida bo‘lib, “Bahor” va “Ilg‘or” mahallalarini “Prezident mahallasi”ga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimot davomida mahallalarning markaziy qismini rivojlantirish bo‘yicha bosh reja, “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda hududlarni yanada rivojlantirish rejalari haqida ma’lumot berildi.
E’tiborlisi, mahalladagi o‘zgarish faqat ko‘cha-ko‘y, bino va infratuzilma bilan o‘lchanmaydi. Uning eng muhim mezoni — shu hududda yashayotgan insonlarning hayoti, bandligi, daromadi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchidir. Shu ma’noda viloyat hokimining har ikki mahallaning “mahalla yettiligi” bilan suhbatlashgani ham e’tiborga sazovor. Muloqot davomida aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish va mavjud masalalarni hal etish bo‘yicha fikr almashildi.
Zero, mahallaning obodligi, avvalo, unda yashayotgan oilalarning farovonligi bilan uyg‘un bo‘lgandagina o‘zining haqiqiy mazmunini topadi. Ko‘cha va hududdagi yangilanishlar xonadonlarga, xonadonlardagi o‘zgarishlar esa oilalar turmushiga kirib borgan taqdirdagina bu ishlarning samarasi yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan, G‘anisher Qudratov xonadonida tomorqadan samarali foydalanish ishlari bilan tanishildi.
Tomorqa — oddiygina yer maydoni emas, balki oilaning o‘z imkoniyatlarini ishga solishi, undan unumli foydalanishi va turmush sharoitini yaxshilashi uchun muhim manba.
Bir xonadon misolida ko‘rinayotgan bunday tashabbuslarning mahalla miqyosidagi umumiy ishlar bilan uyg‘unlashuvi esa o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Mahallada obodlikni ta’minlash, aholi bandligini oshirish, oilalar daromadini ko‘paytirish va mavjud muammolarni joyida hal etish bir-biridan ajralgan vazifalar emas. Aksincha, ular bir-birini to‘ldirib, mahalla hayotidagi o‘zgarishlarning yaxlit manzarasini yaratadi.
Eng muhimi, bunday yondashuv chekka hududlargacha yetib borib, mahallalarda yangilanish va o‘zgarishlar ruhini kuchaytiradi, vohadoshlarimizning bugunidan mamnun, ertangi kunidan umidvor bo‘lib yashashi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

