Buxoro shahrida taekvondo WT bo‘yicha “Bukhara Open” VII xalqaro ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi. Nufuzli musobaqada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Rossiyadan 750 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi.
Barcha yosh toifalarida kyorugi yo‘nalishida o‘tkazilgan bahslar qizg‘in va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi.
Musobaqada Surxondaryo viloyati sportchilari ham munosib ishtirok etib, 4 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza — jami 10 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Ushbu natija voha sportchilarining taekvondo WT yo‘nalishidagi mahorati va salohiyati yuksalib borayotganidan dalolat beradi. Xalqaro miqyosdagi bunday musobaqalar esa sportchilarning tajriba va mahoratini oshirish, yangi iqtidorlarni kashf etish hamda yurtimiz sport nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

