Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish nafaqat hudud iqtisodiyotini rivojlantiradi, balki mahalliy ishlab chiqaruvchilarning daromadini oshirib, milliy mahsulotlarning xalqaro bozordagi nufuzini mustahkamlaydi. Ayniqsa, sifatli va eksportbop meva-sabzavotlarni yetishtirish hamda ularni xorijga yetkazib berish bu boradagi muhim omillardan biridir.
Oltinsoy tumanida yetishtirilgan sara va eksportbop uzumlarni tashqi bozorlarga jo‘natish ishlari boshlandi. Tuman hokimi Otabek Mavlyanov hamda tuman prokurori Ravshan Turdiyev mahsulotlarni saralash, qadoqlash va yuklash jarayonlari bilan tanishib, eksport talablari va sifat standartlariga to‘liq rioya etilishi yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Bugungi kunda mehnatkash fermerlar tomonidan yetishtirilgan yuqori sifatli uzumlar xalqaro standartlar asosida tayyorlanib, xorijiy bozorlarga yo‘naltirilmoqda. Bu esa tumanning eksport salohiyatini oshirish, mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini yuksaltirish hamda aholi bandligi va daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.

