Aholiga sifatli va tezkor tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimining ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Shu maqsadda Sariosiyo tumanining “Chilonzor” mahallasi Toqchi qishlog‘ida yangi mahalla tibbiy punkti foydalanishga topshirildi.
68-sonli oilaviy poliklinikaga qarashli mazkur muassasa 1 441 nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi. Tibbiy punkt saxovatpesha inson Nosirxon To‘raqulov tashabbusi bilan bunyod etilib, qurilish uchun 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Muassasada shifokor ko‘rik, muolaja, kunduzgi statsionar hamda kutish xonalari zamonaviy talablarga mos jihozlangan.
Ochilish marosimida mutasaddilar va jamoatchilik vakillari ishtirok etib, ushbu loyiha qishloq aholisining tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi, kasalliklarning erta aniqlanishi va aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Yangi tibbiy punkt nafaqat sog‘liqni saqlash infratuzilmasini rivojlantirish, balki chekka hududlarda yashovchi fuqarolar uchun qulay va sifatli tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

