Viloyatimizda tabiiy suv havzalaridagi baliq resurslarini asrash, ularni ko‘paytirish hamda bioxilma-xillikni saqlab qolish maqsadida muhim choralar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisining 2026-yil 10-martdagi 80-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tomonidan tegishli buyruq qabul qilindi.
Mazkur hujjatga muvofiq, viloyat hududidagi barcha tabiiy suv havzalarida 2026-yil 16-apreldan 31-mayga qadar baliq ovlash qat’iyan taqiqlanadi. Ushbu cheklov baliqlarning urchish davriga to‘g‘ri kelib, ularning tabiiy ko‘payishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ma’lumki, baliqlar ekotizimning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, ularning kamayishi suv havzalaridagi biologik muvozanatga jiddiy zarar yetkazadi. Shu bois, urchish davrida baliq ovlashni cheklash ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim omillardan biridir.
Ekologik nazorat inspeksiyasi hamda Ekopolitsiya bo‘linmalari tomonidan taqiq davrida tabiiy suv havzalarida qat’iy nazorat o‘rnatiladi. Noqonuniy baliq ovlash, brokonerlik va baliq mahsulotlarini noqonuniy sotish holatlariga qarshi Ichki ishlar organlari, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Milliy gvardiya bilan hamkorlikda reydlar tashkil etiladi.
Shuningdek, baliqchilik xo‘jaliklariga tegishli barcha baliq ovlash vositalari taqiq davrida suv havzalaridan chiqarilib, belgilangan tartibda muhrlanadi. Bu esa noqonuniy faoliyatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Alohida e’tibor bioresurslarni tiklashga qaratilgan tadbirlarga ham qaratilmoqda. “Bio meros” umummilliy loyihasi doirasida tabiiy suv havzalarida baliq resurslarini ko‘paytirish va tiklash bo‘yicha biotexnik tadbirlar amalga oshirilib, ularning monitoringi yo‘lga qo‘yiladi.
Mutasaddi tashkilotlar tomonidan aholiga ushbu taqiqning ahamiyati keng tushuntirilishi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ibot ishlari olib borilishi ham belgilangan.
Tabiiy boyliklarni asrash har birimizning burchimizdir. Belgilangan taqiq davrida baliq ovlash qoidalariga qat’iy rioya qilish, kelajak avlodlar uchun boy va sog‘lom ekotizimni saqlab qolishga xizmat qiladi. Zero, tabiatni asrash – o‘zimizni asrashdir.
Dilmurod NORMURATOV,
Jarqo‘rg‘on tuman Ekopolitsiya bo‘limi bosh mutaxassisi

