O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 92-moddasida dastlabki himoya choralarini ko‘rish asoslari belgilangan bo‘lib, ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasiga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bo‘yicha sud, agar:
— ma’muriy ishni ko‘rish yakuni bo‘yicha chiqariladigan sud hujjati qabul qilinguniga qadar arizachining yoki manfaatlarini ko‘zlab ariza berilgan shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishining aniq xavfi mavjud bo‘lsa;
— arizachining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini bunday choralarni ko‘rmasdan turib himoya qilish mumkin bo‘lmasa yoki qiyin bo‘lsa, dastlabki himoya choralarini ko‘rishi mumkin.
Ma’muriy organning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi va mansabdor shaxslarning qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan hamda fuqarolarning yoki yuridik shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi talabni ko‘rib chiqishda sud arizachining arizasiga ko‘ra dastlabki himoya choralarini ko‘rishi shart.
Dastlabki himoya choralarini ko‘rishga ma’muriy sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida yo‘l qo‘yiladi.
Quyidagilar dastlabki himoya choralari bo‘lishi mumkin:
— javobgarga muayyan harakatlarni amalga oshirishni taqiqlash;
— boshqa shaxslarga nizo predmetiga taalluqli bo‘lgan muayyan harakatlarni amalga oshirishni taqiqlash;
— mol-mulkni realizatsiya qilishni to‘xtatib turish;
— ma’muriy organning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi nizolashilayotgan hujjati ijrosini to‘liq yoki qisman to‘xtatib turish;
— javobgarning mol-mulkini yoki pul mablag‘larini xatlash.
Sud tomonidan bir vaqtning o‘zida bir nechta dastlabki himoya choralari ko‘rilishi mumkin.
Dastlabki himoya choralarini arz qilingan talabga mos bo‘lishi kerak.
Ariza (shikoyat) bilan birga berilgan dastlabki himoya choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi ariza arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish bilan bir vaqtda, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilmasdan sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Dastlabki himoya choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi ariza sud majlisi chog‘ida berilgan taqdirda, u shu majlisda ko‘rib chiqilishi kerak.
Agar dastlabki himoya choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi ariza ish yuritish jarayonida berilgan bo‘lsa, u kelib tushganidan keyingi kundan kechiktirmay ko‘rib chiqiladi.
Dastlabki himoya choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi arizani ko‘rish natijalari bo‘yicha ajrim chiqarilib, uning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladi.
Dastlabki himoya choralarini ko‘rish haqidagi yoki dastlabki himoya choralarini ko‘rishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Shikoyat berilishi (protest keltirilishi) ajrimning ijrosini to‘xtatib qo‘ymaydi.
Sunnat Xolmatov,
Viloyat ma’muriy sudi
sudya katta yordamchisi

