Sud faqat adolatni qaror toptirish bilan cheklanib qolmasdan, jamiyat ishonchini qozonishi ham lozim. Ana shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida”gi qarori sud tizimida ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan muhim huquqiy hujjat hisoblanadi.
Sud muhokamasi oshkoraligi — bu sud ishlarining ochiq tarzda ko‘rilishi, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillarining sud jarayonlarida ishtirok etishi, shuningdek, sudlar faoliyati haqida axborot olish imkoniyati yaratilganligidir. Bu prinsip O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun va protsessual kodekslarda mustahkamlab qo‘yilgan. Qonunchilikka ko‘ra, sud muhokamasi odatda ochiq o‘tkaziladi va har bir fuqaro sud jarayonida qatnashish huquqiga ega. Qarorda ta’kidlanganidek, har bir shaxs sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqiga ega. Bu huquq til, millat, jins, ijtimoiy kelib chiqish yoki boshqa belgilarga qarab cheklanmaydi.
Fuqarolar sudlarga og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qilib, kerakli ma’lumotni so‘rashlari mumkin. Sudlar esa qonunda belgilangan muddatlarda javob berishlari shart. Masalan, fuqaro sud majlisining vaqti va joyi, ish qaysi bosqichda ekanligi yoki qabul qilingan qaror haqida ma’lumot olishi mumkin. Agar ma’lumot rasmiy veb-saytda yoki ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan bo‘lsa, sud manbani ko‘rsatish bilan cheklanishi mumkin.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, barcha ishlar ham ochiq ko‘rilmaydi. Qonunchilikda belgilangan ayrim holatlarda ish yopiq sud majlisida ko‘rilishi mumkin. Ya’ni davlat sirlari bilan bog‘liq ishlar, tijorat sirini saqlash zarur bo‘lgan holatlar, shaxsiy hayot daxlsizligiga oid ma’lumotlar hamda voyaga yetmagan shaxslar manfaatiga daxldor ishlar. Bunday hollarda sud asoslantirilgan ajrim chiqaradi va nima sababdan ish yopiq tarzda ko‘rilayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ish yopiq tarzda ko‘rilayotgani haqidagi ma’lumot ochiq bo‘lishi lozim.
Yopiq sud majlisida audio va videoyozuvga yo‘l qo‘yilmaydi hamda bunday ish bo‘yicha ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida tarqatilmaydi.
Ochiq sud majlislarida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etish huquqiga ega. Ular foto, video va audioyozuvni sud raisining ruxsati bilan amalga oshirishlari mumkin. Biroq ommaviy axborot vositalari muayyan ish bo‘yicha sud qarorini oldindan bashorat qilishga yoki sudga bosim o‘tkazishga haqli emas. Sudyalar esa qaror qonuniy kuchga kirmaguncha intervyu berish yoki ommaviy bayonot qilish huquqiga ega emas. Bu talablar sud mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan.
Qonunchilikka ko‘ra, sud qarorlari, odatda, oshkora e’lon qilinadi. Faqat qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollarda — masalan, farzandlikka olish kabi ishlar bo‘yicha — qaror oshkora e’lon qilinmasligi mumkin.
Qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari rasmiy veb-saytlarda joylashtiriladi. Bunda davlat siri yoki boshqa qonun bilan qo‘riqlanadigan ma’lumotlar matndan chiqarib tashlanadi.
Sud muhokamasi oshkoraligi — odil sudlovning muhim kafolati, fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmi va jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash vositasidir. Mazkur qaror sud tizimi faoliyatining yanada shaffof, ochiq va xalqqa yaqin bo‘lishiga xizmat qiladi. Ochiq va adolatli sud — bu kuchli davlat va ishonchli jamiyat poydevoridir.
Nilufar Bobomuratova,
viloyat ma’muriy sudi sudyasi

