Ma’muriy sudga arizachi Nigora Hasanova (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) ariza bilan murojaat qilib, javobgar Davlat kadastrlari palatasining tuman bo‘limi marhum otasiga tegishli uy-joyni ukasining nomiga
davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan. Birinchi instansiya sudning hal qiluv qarori bilan arizani qanoatlantirish rad etilgan. Arizachi qarordan norozi bo‘lib, apellyatsiya instansiya sudiga shikoyat bilan murojaat qilgan.
Sudlov hay’ati ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, to‘plangan dalillarni atroflicha o‘rganib, shikoyatda keltirilgan vajlarni ish materiallari asosida muhokama qilib, birinchi instansiya sudining arizani qanoatlantirish haqidagi qarori bilan kelishmasdan, arizani qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilindi.
Ish holatlari bo‘yicha arxivdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 1998-yilda shaharcha fuqarolar yig‘ini hududidan fuqaro G‘afur Aliyevga (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) 0,08 ga yer maydoni ajratib berilgan.
Mazkur qarorga asosan Davlat kadastrlar palatasi tomonidan yer maydoni va uy-joy fuqaro G‘.Aliyevning nomiga kadastr hujjati rasmiylashtirilgan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Davlat kadastrlar palatasi tomonidan uy-joy va yer maydonini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir qator qonun va qonunosti hujjatlariga rioya qilinmaganligi ma’lum bo‘ldi. Natijada, fuqaro G‘.Aliyev tomonidan o‘z nomiga o‘tkazilgan uy-joy boshqa bir necha fuqarolarga sotilib, keyinchalik ularning nomiga rasmiylashtirilgan.
Kunlardan bir kuni bu voqealardan xabar topgan N.Hasanova marhum otasiga tegishli bo‘lgan uy-joydan meros olish huquqi buzilganligi, qonun talabi bo‘yicha ushbu uy-joy dastlab otasining nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi mumkinligini inobatga olib, uning huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari Davlat kadastrlar palatasi tomonidan buzilgan deb sudga murojaat qilishga majbur bo‘ladi.
Aslida, marhum (arizachi va uchinchi shaxsning otasi) ning nomiga ajratilgan yer maydonida 1965-yilda qurilgan uy-joyda marhum va uning oila a’zolari (farzandlari bilan birga) yashab kelgan.
Marhum uy-joyga nisbatan 1994-yilga kelib, uyni xususiylashtirish to‘g‘risidagi qarorini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, fuqaro G‘.Aliyevga ham 1998-yilda boshqa bir mahalla hududidan ajratilgan yer maydonini hujjatlarini rasmiylashtirib, boshqa fuqaroga sotib, begonalashtirishga erishadi.Shundan so‘ng, uddaburon farzand G‘.Aliyev yagona o‘g‘il farzandligidan foydalanib, boshqa hududda ajratilgan yer maydonining hujjati bilan otasining nomida qaror mavjud bo‘lsa-da, o‘z tug‘ishganlarini merosga bo‘lgan huquqdan mahrum qilish va ushbu uy-joyni qo‘lga kiritish maqsadida, go‘yoki marhum otasining mulki bo‘lgan uy-joy unga tegishli ekanligi, bu haqda qaror mavjudligi vaji bilan Davlat kadastrlar palatasiga hujjatlarni taqdim etadi.
Sudlov hay’ati ish jarayonini o‘rganish davomida, Davlat kadastrlar palatasi hujjatlarni atroflicha o‘rganmaganligi, Yer kodeksi, Vazirlar Mahkamasi qarori, Plenum qarorining talablariga rioya qilmaganligi oqibatida, marhum otaga tegishli uy-joyni uddaburon o‘g‘ilning nomiga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazib bergan.
Oqibatda, sudlov hay’ati tomonidan birinchi instansiya sudining qarori bekor qilinib, ish bo‘yicha yangi qarorga ko‘ra arizachining arizasi qanoatlantirilgan.
Sud idorasi tomonidan Davlat kadastrlari palatasining marhum otaga tegishli bo‘lgan uy-joyni o‘g‘ilning nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi haqiqiy emas deb topilgan.
Ish yakuniga yetgach, arizachi opa sudda shunday fikr bildirdi.
Ota-onamizdan olti nafar qiz va bir nafar o‘g‘il farzand qolgan. Bizning maqsadimiz, ota-onamizga tegishli bo‘lgan uyni otamizning nomiga o‘tkazib, kelgusida meros talashish emas, balki uy-joydan ukasi bemalol foydalanishi, faqat uyga kelganida ota-onasining xotiralarini yo‘qotmaslik edi, — deydi.
Lekin ukasi uy-joyni begona shaxslarga sotib, hatto uysiz, oqibatda turmush o‘rtog‘i va farzandlari ham ko‘chada qolish darajasiga yetgan.
Sud jarayonida tug‘ishganlari oldida mulzam bo‘lgan aybdor uka bu fikrlarga javoban lom-mim demadi. Chunki u o‘z qarindoshlari oldida uyatli edi.
A. MUHIDDINOV,
Surxondaryo viloyat Ma’muriy sudi sudyasi

