Shaffoflik va tezkorlikni ta’minlaydi

Date:

Raqamli iqtisodiyot sharoitida davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi mulkiy munosabatlarni zamonaviy, ochiq va qulay mexanizmlar asosida yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 4-oktyabrdagi 526-sonli qarori bilan “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni orqali mol-mulklarni soddalashtirilgan tartibda sotish va ijaraga berish tizimi joriy etildi. Ushbu qaror mulk realizatsiyasi jarayonini tubdan takomillashtirib, uni shaffof, tezkor va ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz amalga oshirish imkonini yaratdi. Shuningdek, ushbu qarorga ko‘ra, davlat daromadiga olingan mol-mulklar “E-auksion shop” platformasi orqali soddalashtirilgan auksion tamoyillari asosida sotiladi. Bunday mol-mulklar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi hamda Bojxona-servis tomonidan elektron savdo do‘koniga joylashtiriladi. Elektron savdolarda ishtirok etish istagida bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar onlayn ariza topshirish orqali savdolarga qo‘shilishlari mumkin. Jarayonning to‘liq raqamlashtirilgani inson omilini kamaytirib, ochiqlik va teng raqobat muhitini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 16-oktyabrdagi 540-sonli qaror ham xususiy mulkdorlar uchun ham keng imkoniyatlar yaratdi. Endilikda o‘ziga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mol-mulkni sotish yoki ijaraga berishni istagan shaxslar uni “E-auksion shop” orqali soddalashtirilgan tartibda amalga oshirishi mumkin. Mulkdor savdo usulini mustaqil tanlaydi: narxni oshirib borish tamoyili asosida auksion shaklida yoki e’lon qilingan qat’iy narxda sotish yo‘li bilan. Bu esa mulkdorlarga ortiqcha vaqt va xarajatlarsiz, keng auditoriyaga chiqish hamda eng maqbul taklifni olish imkonini beradi.
Narxni oshirib borish tamoyili asosidagi savdolar kamida ikki nafar ishtirokchi mavjud bo‘lganda o‘tkaziladi. Boshlang‘ich narx buyurtmachining o‘zi tomonidan belgilanadi, savdoda qatnashish uchun esa boshlang‘ich narxning 5 foizi miqdorida zakalat puli to‘lanadi. Ishtirokchilarning arizalari e’lon joylashtirilgan kundan boshlab savdo yakunlangunga qadar avtomatik tarzda qabul qilinadi. Savdo jarayoni aniq belgilangan muddatlarda o‘tkazilib, besh ish kuni davom etadi. Shu tariqa eng yuqori taklifni bildirgan ishtirokchi aniqlanmaguncha savdo davom etadi va oxirgi tasdiqlangan taklif egasi g‘olib deb topiladi.
Savdo qadamlari ham aniq mezonlarga asoslanadi. Dastlabki to‘rtta qadamda narx boshlang‘ich qiymatning 5 foiziga oshiriladi, keyingi qadamlarda esa 3 foiz etib belgilanadi. Agar savdo obyekti boshlang‘ich narxi
bazaviy hisoblash miqdorining ikki ming baravaridan yuqori bo‘lsa, barcha qadamlarda 2 foizlik oshirish qo‘llanadi. Bu tartib yirik qiymatdagi obyektlar bo‘yicha ham adolatli va muvozanatli savdo mexanizmini ta’minlaydi.
“E-auksion shop” platformasining muhim jihatlaridan biri bu qiymati to‘liq to‘langan savdo obyektlari bo‘yicha rasmiylashtirilgan bayonnoma oldi-sotdi shartnomasi kuchiga ega hisoblanadi va mulk hamda mulkiy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun bevosita asos bo‘ladi. Bunda shartnomani notarial tasdiqlash talab etilmaydi. Bu esa vaqt va mablag‘ni tejash bilan birga, jarayonni sezilarli darajada soddalashtiradi.
Mazkur qarorlarning ahamiyati shundaki, ular mulk savdosida shaffoflikni oshiradi, raqobat muhitini kuchaytiradi va davlat daromadiga olingan mol-mulklarni tezkor realizatsiya qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, xususiy mulkdorlar uchun ham ishonchli, keng auditoriyaga ega va qulay elektron savdo maydonchasi yaratiladi. Natijada, mulkiy munosabatlar zamonaviy raqamli tizim asosida tartibga solinib, iqtisodiy samaradorlik va ochiqlik ta’minlanadi.

Bekzod Jumayev,
“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ Surxondaryo viloyati vakili

Oldingi sahifaIshlar talabga mosmi?
Keyingi sahifaIshlar jadallashdi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Sog‘lom avlod poydevori

Jismoniy tarbiya jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri bo‘lib, u...

Eksport potensiali oshiriladi

O‘tgan bir yil Surxondaryo viloyati uchun energetika sohasida keng...

Raqamli nazorat kuchaymoqda

Sud hujjatlari va boshqa organlar qarorlarining o‘z vaqtida hamda...

Sharqning Avreliy Avgustini

Zahiriddin Muhammad Bobur deganda, ko‘z oldimizda nafaqat buyuk imperiya...
KunTun
KunTun