YAXSHI SO‘Z MALHAMDIR, YOMONI KULFAT

Date:

Alisher Navoiy badiiy ijodning nodir namunalarini yaratib, jahon badiiy adabiyotiga ulkan hissa qo‘shgan betakror ijodkordir. U o‘zining mazmunan teran, badiiy mukammal asarlari bilan o‘zbek adabiyotini yuqori cho‘qqiga ko‘tara olgan so‘z san’atkori.

Navoiy ijodiy faoliyatida badiiyat bilan bir qatorda tildan foydalanish haqidagi qarashlari ham alohida mohiyat kasb etadi. So‘z, til, nutq odobi, nutq madaniyati, so‘zlashish mahorati haqidagi fikrlari A.Navoiy faoliyatining muhim tomoni bo‘lib, bugungi kunda shoirning shu haqdagi qarashlari tildan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotning asosiy mohiyatini tashkil etadi. Shoirning 1500-yilda yaratilgan “Mahbub ul-qulub” asari so‘z qudratini anglash, nutq odobi haqidagi benazir axloqiy-ta’limiy asardir. Asarda til, so‘zdan foydalanish haqida 100 ga yaqin hikmat keltirilgan.

Alisher Navoiy bu asarda turli ijtimoiy tabaqalar, yaxshi va yomon fe’lli xislatlar haqida fikr yuritar ekan, voizlar (notiqlar) xususida ham mulohazalarini bayon etadi. A.Navoiyning nutq odobi masalasidagi fikrlari orasida to‘g‘ri so‘zni so‘zlash, yolg‘on so‘zdan qochish to‘g‘risidagi qarashlari alohida ahamiyatga ega. Shu boisdan ham shoir voizlik haqida fikr yuritganda ham asosiy e’tiborni voizning to‘g‘ri so‘z bo‘lishiga qaratadi: “Voiz haq so‘zini targ‘ib qilishi, payg‘ambar so‘zidan chetga chiqmasligi kerak, eng avval, uning o‘zi haq va payg‘ambar yo‘liga kirishi, so‘ngra esa nasihat bilan elni ham shu yo‘lga solishi lozim”.

Shoir voizlikni yuksak mahorat egasi bo‘lgan shaxslar egallashi mumkinligi, va’zxonlar zimmasida juda katta mas’uliyat yuklangan bo‘lishini alohida ta’kidlaydi. Asarning va’zxonlar to‘g‘risidagi 21-qismida va’z har qanday kishining ishi emasligi, va’zxonlar kamolga yetgan kishilar bo‘lib, ularning nasihatlari boshqalar uchun o‘rnak bo‘lishini quyidagicha bayon etadi.

“Va’z — murshidlar-pirlar hushyor kishilarning ishidir va ularning nasihatini qabul etgan maqbul kishidir”. Navoiy voizlik haqida fikr yuritar ekan, ularni boshqalarga nisbatan kamolga yetgan, oq-qorani tanigan kishilar bo‘lishi lozimligi, aks holda odamlarni yaxshi yo‘lga boshlash o‘rnida, maqsadsiz yo‘llarga yetaklashi mumkinligini ta’kidlaydi.

Shoir nazdida va’zxon katta bilim-tajribaga, so‘z qudratini namoyon  etuvchi kuchga ega bo‘lishi kerak. Uning nutqindan tinglovchi odam o‘ziga nimalarnidir olsin, nutqdan rohatlanib, hordiq chiqarsin: “Va’zxon shunday bo‘lishi kerakki, uning majlisiga kirgan odam to‘lib chiqsin; to‘la kirgan odam esa yengil tortib, xoli qaytsin.

A.Navoiy voizni olim va halol ish ko‘ruvchi kishi bo‘lishini targ‘ib qiladi. Zero, kimki boshqalarga nasihat qilsa-yu, o‘zi unga amal qilmasa unga hech kim ishonmaydi va uni tinglamaydi.

Alisher Navoiy so‘zlash faoliyatini kishining axloq-odobini ko‘rsatuvchi meyor hisoblaydi. Insonning axloq-odobini belgilovchi muhim tomoni uning nutqi orqali bilinar ekan, kishi o‘z nutqida so‘zlardan o‘rinli foydalanishini, o‘z fikrini o‘ylab bayon etishi lozimligini, kerakli so‘zni aytib, keraksiz so‘zdan voz kechishini targ‘ib qiladi: So‘zni ko‘ngilda pishirmaguncha tilga olma; dilingda bor gapning hammasini tilingga keltirma.

A.Navoiy insonning kimligini uning so‘zi orqali bilinajagini qayta-qayta uqtirar ekan, so‘zida mantig‘i yo‘q kishilarni aqliy jihatdan zaif kishilar deb hisoblaydi. “Kimning miyasida illat bo‘lsa, so‘zida mantiq bo‘lmaydi. Miyasi sog‘lom bo‘lsa, gap-so‘z yoqimli va xatosiz bo‘ladi”.

Shoir achchiq tillilikni qoralaydi. Achchiq tilni zaharli xanjarga qiyoslar ekan, bunday til bilan jarohatlangan ko‘ngilga malham bo‘ladigan so‘zdan boshqa hech narsa yo‘q, ana shunday jarohat olgan ko‘ngilga faqat yaxshi so‘z va shirin til malham bo‘lishini uqtiradi: Agar bir ko‘ngilga til nayzasining jarohati bordir, faqat yaxshi so‘z va shirin til unga malham va rohatdir.

Navoiy nazdida til yomonligi insondagi eng katta kulfat. Yomon tillilik natijasida boshqalarga ozor yetadi, o‘rni bilan bunday odat so‘zlovchi boshiga ham yomon kunlarni soladi. Bu holni shoir: “tili yomon odam — xalq ko‘nglini jarohatlaydi, o‘z boshiga ham ofat yetkazadi” hikmatida butun mohiyati bilan aks ettirgan. Odamning boshqa hayvondan imtiyozi tili orqali ekanligini ko‘rsatar ekan, shoir “muloyim so‘z vahshiylarni ulfatga aylantirishini uqtiradi va achchiq tillilikka shirin suhanlikni qarama-qarshi qo‘yadi.

Navoiy yomon so‘zlikni nodonlik alomati hisoblaydi. Bo‘lar-bo‘lmas so‘z (fikr)larni aytuvchilar, baqirib-chaqirib gapiruvchilar, og‘ziga kelgan gapni, gap deb aytuvchilarni shoir nodonlar deb biladi va ularni insoniylik doirasidan chiqib ketganligiga ishora qiladi: “Ko‘p bemaza so‘zlaydigan ezma — kechalari tong otguncha huradigan itga o‘xshaydi. Nodonning vahshiylarga baqirmog‘i — eshakning bemahal hangramog‘i, og‘izga kelganni demoq nodonning ishi va oldiga kelganni yemoq hayvonning ishi”.

Shoir: “so‘zda har qanday yaxshilikning imkoni borligini” ta’kidlar ekan, xushsuxan, shirinso‘z bo‘lishni targ‘ib qiladi. Tili shirin insonni oqil deb biladi, til bilan dilni bir bo‘lishini, bu a’zolar insondagi eng yaxshi a’zolar ekanligini uqtiradi. Shirin so‘z sof ko‘ngillar uchun asal kabi totlidir. Xushsuxan odam yumshoqlik bilan do‘stona so‘z aytadi; ko‘ngilga tushishi mumkin bo‘lgan yuz g‘am — uning so‘zi bilan daf bo‘ladi. So‘zda har qanday yaxshilikning imkoni bor…

Xushmuomala, shirinso‘z bo‘lishni shoir insonning yaxshi fazilati deb biladi, chunki shunday xulq orqali dushman do‘stga aylanadi, aksincha yomonso‘zlik bilan kishilar ko‘ngliga ozor berilishini quyidagicha ta’riflaydi:

Har kimki chuchuk so‘z elga izhor aylar,

Har neki ag‘yor durur yor aylar,

So‘z qatig‘a el ko‘ngliga ozor aylar.

Yumshog‘i ko‘ngillarni giriftor aylar.

Shoir odob-axloq nuqtayi nazaridan chin va yolg‘on so‘zga baho berar ekan, yolg‘onchilikni qattiq qoralaydi, yolg‘onchilik bir kun boshga balo keltirishini uqtiradi. “Chin so‘zni mo‘tabar” deb biladigan ulug‘ alloma yolg‘on so‘z qanday oqibatlarga olib kelishini ochiq-oydin izohlab beradi: “Har kimniki so‘zi yolg‘on, yolg‘onligi bilingach, uyatda qolgan”.

So‘zning bir-biridan farqi ko‘pdir, ammo yolg‘ondan yomonroq turi yo‘qdir.

Shoir inson so‘zini go‘zal bo‘lishini targ‘ib qiladi. Buning uchun so‘zda go‘zallik ziynatlari bo‘lishi talab qilinadi. Agar ana shu ziynat, ya’ni chinligi unga yetarli bo‘lishini bayon etadi. Agar so‘z go‘zallik ziynati bilan bezalmagan bo‘lsa, unga chinlik bezagi yetarlidir, yolg‘onchining gapi qanchalik chiroyli bo‘lsa, shunchalik qabihdir.

Navoiy yolg‘on so‘zlamaydiganlarni oqil kishi deb hisoblaydi. Oqilning ishi yolg‘on so‘zlamaslik, lekin kishilarga ozor yetkazuvchi, chin so‘zni aytgandan ko‘ra, aytmagan ma’qul deb hi-

soblaydi. Oqil kishi, chindan boshqani demas, ammo barcha chin so‘zni aytish oqil ishi emas. Shoir bu o‘rinda tildan har xil yomon niyatlarda foydalanuvchilarni nazarda tutadi, chunki chin so‘z deb ba’zi narsalarni aytish ham joiz emas.

Alloma tilni tiyishni, lozim bo‘lgan holatlarda so‘zlab, qolgan hollarda sukutda bo‘lishni,

tinglashni odob-axloqning belgisi ekanligini ta’kidlaydi, tilni tiymoq boshga tushadigan kulfatlardan o‘zni asrash ekanligiga ishora qiladi.

Kamtar odamlar ko‘p gapirishdan qochadilar; ular ko‘p eshitmoqni istaydilar va yoqtiradilar. Eshitmoq kishini boyitadi; ko‘p gapirmoq sayozlatadi. Ko‘p gapirgan — ko‘p yangilishadi. “So‘zga erk bergan odam — beandisha va pastkash”ligini uqtirar ekan, shoir ezma, vaysaqi kishilarni qoralaydi. So‘zni o‘z o‘rnida, kerak bo‘lgan o‘rinda aytilishini, aytish kerak bo‘lmagan joyda sukut qilinishi insonning o‘zi uchun foydali ekanligini quyidagicha izohlaydi: “Tan kasalining asosi ko‘p yemakdir, qalb kasalining sababi ko‘p demakdir”.

Xullas, o‘zbek adabiy tilining asoschisi, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy so‘z va til belgisi insonning ziynati ekanligini so‘z ta’rifi, nutq odobi masalalarida juda ko‘p qimmatli mulohazalar bayon etganki, so‘z va til haqidagi bu fikrlar bugungi kunda ham har birimizni barkamol inson sifatida tarbiyalash uchun muhim manba bo‘lib kelmoqda.

Bekpo‘lat UMURQULOV,

Filologiya fanlari doktori, professor

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

TerDUning in vitro laboratoriyasi bo‘ladi

Termiz davlat universiteti huzurida tashkil etilayotgan “O‘simliklarni mikroklonal ko‘paytirish”...

Gulchilik maktabi tashkil etiladi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Denov tumanida amalga oshirilayotgan...

Tadbirkor ko‘magi bilan…

Surxondaryoda ta’lim muassasalarini zamonaviy sharoitlarga moslashtirish ishlari izchil davom...

Maktabda “Muhandislik laboratoriyasi” ishga tushadi

Bandixon tuman hokimi Abdumalik Allamuradov 44-sonli umumta’lim maktabida ilgari...
KunTun
KunTun