Qishloq xo‘jaligida ijara huquqi amal qiladi

Date:

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida yer resurslarini boshqarishda muhim bosqich boshlandi. Prezidentning 2025-yil 12-sentabr kuni imzolagan 172-sonli Farmoni yerdan oqilona foydalanish, bo‘sh maydonlarni muomalaga tezkor kiritish va ijara tizimini yanada shaffof qilishni maqsad qilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, endilikda tuman va shahar hokimliklari hududidagi barcha bo‘sh yer uchastkalari o‘n kun ichida davlat yer kadastrida qayd etilishi lozim. Bu esa yerni hisobga olish va uni bozor muomalasiga chiqarishda ochiqlikni ta’minlaydi. Eng asosiysi, qayd etilgan yer maydonlari ham atigi o‘n kun ichida elektron auksion savdolariga qo‘yiladi. Shu tariqa, yer resurslari ustidan nazorat kuchayib, ularning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yiladi.

Farmon qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanayotgan ijarachilarga ham yangi imkoniyat yaratmoqda. Ular endilikda ijaraga olingan maydonning bir qismini boshqa shaxslarga qayta ijaraga berishi mumkin. Biroq bu jarayon tartibsizlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun qat’iy meyorlarga asoslanadi. Masalan, ijarachida qoladigan hamda qayta ijaraga beriladigan maydonlar qonunchilikda belgilangan minimal o‘lchamdan kam bo‘lmasligi shart. Bundan tashqari, yerning qishloq xo‘jaligi xaritasidagi konturlari hamda sug‘orish tizimi yaxlit holda saqlanishi talab qilinadi. Bu shartlar yerdan foydalanish samaradorligini pasaytirmay, aksincha uni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yana bir muhim yangilik — endilikda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga faqat ijara huquqi beriladi. Yer kodeksiga muvofiq, bunday yerlar boshqa shaklda ajratilmaydi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi. Demak, bundan buyon ushbu maydonlarda egalik yoki boshqa huquqiy shakllar tan olinmaydi.

Shuningdek, Farmon yer egalari va foydalanuvchilarga o‘z huquqlarini yangi tartibga moslashtirish imkonini ham taqdim etdi. Ular 2027-yil 1-yanvargacha mavjud egalik qilish va foydalanish huquqlarini ijara huquqiga o‘tkazishlari mumkin. Bunday shartnomalar O‘zbekiston fuqarolari va ular tuzgan yuridik shaxslar uchun 30 yilga, chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar uchun esa 25 yilga mo‘ljallangan bo‘ladi.

Prezident Farmoni bilan belgilangan ushbu qoidalar qishloq xo‘jaligi sohasida yer resurslaridan foydalanishni tubdan yangilaydi. Yerlarning bo‘sh qolishining oldi olinadi, qayta ijaraga berish mexanizmi qonuniy va tartibli yo‘lga qo‘yiladi, ijara huquqi esa uzoq muddatli barqarorlikni kafolatlaydi. Bu nafaqat yerdan samarali foydalanish, balki butun qishloq xo‘jaligi tizimining rivojlanishiga xizmat qiladigan yangi bosqich bo‘lib kiradi.

B.Safarov,

Davlat kadatrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi matbuot xizmati rahbari

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyiladi

Hukumatning 2025-yil 30-sentyabrdagi 614-son qarori bilan “Texnikumlarda xorijiy taʼlim...

Ijod va xotiralar oqshomi

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Surxondaryo viloyat bo‘limi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar...

Kreditlar ajratish tartibi belgilandi

O‘zbekiston hukumati qarori bilan “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarga...

Haydash hujjatsiz, qolmas javobsiz

O‘zbekistonda 2025-yil 1-oktyabrdan boshlab hujjatsiz skuter va moped haydovchilariga...
KunTun
KunTun