Termiz xalqaro savdo markazida giyohvandlikka qarshi kurashish va xususiy sektor masalalari bo‘yicha ishchi guruhlarning qo‘shma siyosiy muloqotlari bo‘lib o‘tdi.
Ikki kunlik xalqaro tadbirda Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini standartlashtirish, sertifikatlash va eksportga tayyorlash, shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish hamda inklyuziv iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbirning ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Sherali Jo‘rayev, BMTning Afg‘onistonga yordam missiyasi (UNAMA) Bosh kotibining maxsus vakili o‘rinbosari Jorjett Ganyon, Afg‘oniston tashqi ishlar idorasi vakillari, Yaponiyaning Afg‘onistondagi elchisi Masamoto hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Muloqotlarda Afg‘onistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifati va xavfsizligini ta’minlash, xalqaro standartlarga muvofiq sertifikatlash tizimini takomillashtirish, eksport jarayonidagi to‘siqlarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, tashqi bozorlar talablariga mos mahsulotlar ishlab chiqarish va mintaqaviy eksport imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash borasidagi tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Bu borada YUNESKO, Xalqaro mehnat tashkiloti, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Turkiya va boshqa xalqaro hamkorlar vakillari o‘z takliflarini bildirdi.
Muloqotlar doirasida Termiz xalqaro savdo markazi va «Airitom» erkin savdo zonasidagi ta’lim imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida belgilangan yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirish va muhokama qilingan masalalar yuzasidan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

