Yurtimizda xavfsizlikka oid masalalar davlat siyosati darajasida hal etilayotgan yirik yo‘nalishlardan biridir. Zero, aholining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ongli ravishda yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilishga chorlash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan hisoblanadi. Shu maqsadda, 15-sentyabrdan 15-okyabrga qadar mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi doirasida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ham bir qator amaliy ishlarga qo‘l urmoqda.
Boshqarma va shahar, tuman FVBlari tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar, avvalo, aholiga yong‘in xavfsizligi qoidalarini o‘rgatish, kuz-qish mavsumida elektr va isitish uskunalaridan to‘g‘ri foydalanish tartibini tushuntirish,muassasa va korxonalarda yong‘inga qarshi holatni mustahkamlash,ta’lim muassasalarida o‘quvchi va talabalar ongida xavfsiz hayot madaniyatini shakllantirishga qaratilgan.
Soha xodimlari tomonidan viloyatdagi turli korxonalar, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida o‘rganish va tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Bu jarayonlarda mavjud kamchiliklar aniqlansa, ularni qisqa muddatda bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berilmoqda. Shuningdek, aholi bilan olib borilayotgan profilaktik ishlar doirasida suhbatlar, amaliy ko‘rgazmalar, buklet va broshyuralar tarqatish orqali odamlar xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga chaqirilmoqda. Ma’lumki, ayniqsa, kuz-qish mavsumida isitish pechlaridan noto‘g‘ri foydalanish, elektr tarmoqlarining ortiqcha yuklanishi yoki e’tiborsizlik sababli ko‘plab yong‘in holatlari yuzaga kelishi mumkin. Shu bois, boshqarma tomonidan uy xo‘jaliklari, mahallalar va ko‘p qavatli uylarda keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Aholiga eng oddiy xavfsizlik choralari — pechlarni to‘g‘ri o‘rnatish, gaz plitalaridan ehtiyotkorlik bilan foydalanish, bolalarni nazoratsiz qoldirmaslik kabi qoidalar doimiy targ‘ibot qilinadi. Ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda bolalar va yoshlar uchun maxsus ko‘rgazmali darslar tashkil etilmoqda. Bu orqali ularda hushyorlik, mas’uliyat va xavfsizlik madaniyati shakllantirilmoqda. Chunki bugungi yoshlar — ertangi kunning mas’ul fuqarolaridir.
“Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi doirasida Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar aholi hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga xizmat qilmoqda. Yong‘indan ogoh bo‘lish — har bir insonning o‘z oilasi, qo‘shnisi va Vatani oldidagi burchi ekanini anglash demakdir.
Zulfiya Sohibova,
Viloyat FVB axborot xizmati yetakchi mutaxassisi