Vaqti-vaqti bilan Termizda chang-to‘zon bo‘lib turadi. Bu holat shahar aholisi ta’bini xira qiladi. Yana tozalik ishlari bilan band bo‘lishimizni o‘ylab, ifloslangan havodan nafas olishning inson organizmiga ta’siridan anchagina asabiylashamiz ham.
Gap inson salomatligi, ekologiya, atrof-muhit haqida ketar ekan, ekologik muammolarni keltirib chiqarayotgan bir qator sabablarni e’tiborga olmoq joiz. To‘g‘ri, chang-to‘zonga barham berish maqsadida hududdagi dasht-cho‘l zonalardagi minglab gektar yer maydonlarida millionlab saksovul qalamchalari qadalayotgani muammoga ijobiy yechimdir. Qolaversa, havo tarkibida karbonat angidridning oshishi, chiqindi gazlarning me’yoridan ortiq havoga chiqarilishi oqibatida issiqxona effekti hosil bo‘layotgani siz-u bizga yaxshi ayon. Bugungi kunda jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan jiddiy ekologik muammo — global iqlim o‘zgarishi bilan ham yuzlashib turibmiz.
Ekologik xavf bugungi kunda tobora keng tus olib, yer yuzidagi barcha mamlakatlarni bu haqda chuqurroq o‘ylashga majbur etmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi esa muammoni yechish sari ijobiy qadam bo‘ldi deyish mumkin. Butun mamlakat miqyosida loyiha doirasida daraxtlarni ekish va parvarish qilish ishlari boshlanib, jadal sur’atlarda davom etmoqda. Shuningdek, ayni tashabbusning boshqaruv tizimini takomillashtirish, ilmiy yondashuvlar asosida hududlarning tuproq-iqlim va boshqa xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan tadqiqot va tahlillarni amalga oshirish hamda buning natijasida hududlar kesimida respublika xaritasini ishlab chiqish, ko‘chatxonalar sonini ko‘paytirishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlari ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni kengaytirish rejalashtirilgan. Endilikda barcha shahar va qishloqlarda daraxt ekish bo‘yicha keng ko‘lamda ish olib borilayotgani tahsinga sazovor.
Shu bilan birga, har yili bahor va kuz oylarida ekiladigan daraxtlar parvarishiga, ularning keyingi taqdiriga ham e’tibor qaratilishi lozimligi belgilandi.
Viloyatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasini hayotga tatbiq etish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024-yilning bahor va kuz mavsumida viloyat hududida 17 million 298 ming tup manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Ushbu ko‘chatlar “Yashil makon” tuman va shahar shtablari tomonidan “Yashil makon” elektron platformasiga kiritilgan bo‘lib, viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining barcha tuman va shahar bo‘limlari davlat inspektorlari tomonidan ular haqiqatda ekilganligi tasdiqlandi. O‘tgan yilda 9 ta tumanda “Yashil bog‘lar” tashkil etilishi belgilangan bo‘lib, “Yashil loyiha” loyihalash instituti tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqildi va kuzgi ko‘chat ekish mavsumida 9 ta tumanda jami 17,8 gektar yer maydonida viloyat “Yashil hudud” DUK tomonidan “Yashil bog‘lar” tashkil etildi
Har bir daraxt ko‘chatlarini ekishda sug‘orish tizimiga alohida e’tibor qaratildi. “Yashil makon” elektron platformasiga kiritilgan daraxt va buta ko‘chatlarini parvarishlash uchun har bir korxona, tashkilot va muassasa rahbarlari va mas’ul shaxslarga dalolatnoma asosida biriktirildi. Shuningdek, ekilgan ko‘chatlarni sug‘orish, parvarish qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasining hayotga tatbiq etilishi tabiatni muhofaza qilish va ekologik muammolarning oldini olish borasida eng muhim dasturi amal bo‘lmoqda. Hech shubhasiz, yashil hududlarni kengaytirish, yashil maydonlar va jamoat parklarini tashkil etish atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtiribgina qolmay, balki atmosfera havosining ifloslanishi, tuproq erroziyasi, iqlim o‘zgarishi, ozon qatlamining yemirilishi va ayni paytdagi eng dolzarb muammolardan biri bo‘layotgan qum va chang bo‘ronlarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
B.Shoymardonov,
TerDU o‘qituvchisi
D.Safarova,
talaba

