Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishda bevosita korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarining samaradorligini oshirish muhim.Sohada normativ-huquqiy bazani tizimli ravishda takomillashtirib borish choralari ko‘rilmoqda. Fikrimizning isboti o‘laroq, korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi qonunning kuchga kirgani, shuningdek, turli qonunosti hujjatlarining qabul qilinganini keltirish mumkin. Shuningdek, qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, vakolatli organlar tizimi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning mazkur sohadagi ishtiroki, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, jazo muqarrarligini ta’minlash va bu borada xalqaro hamkorlikni kuchaytirish kabi choralar mustahkamlab qo‘yildi.
Chora-tadbirlarning samarali amalga oshirilishi uchun maxsus davlat organi tashkil etilib, bu boradagi davlat siyosatining institutsional asoslari takomillashtirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, korrupsiyaning oldini olish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tashkil etildi. Agentlik faoliyatining huquqiy asoslari, vazifa va funksiyalari, huquq va majburiyatlarini belgilashda xalqaro normalarni ilgari surgan holda xorijiy tajriba atroflicha o‘rganildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi va uning hududiy kengashlari tashkil etildi. Ushbu islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, bu — korrupsiya illatlariga barham berishdan iborat.
Korrupsiya holatlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning eng muhim jihatlaridan biri — davlat boshqaruvi tizimida “inson omili”ni kamaytirish uchun davlat va jamiyat boshqaruviga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish yo‘lga qo‘yildi. Ma’muriy va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, ro‘yxatga olish, litsenziyalash va ruxsat berishga doir tartib-taomillarni soddalashtirish hamda ularning tezkorligini oshirish maqsadida barcha hududlarda jami 201 ta davlat xizmatlari markazlari tashkil etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro tajriba va huquqning tegishli normalarini mamlakat qonunchiligi va amaliyotiga implementatsiya qilish bilan birgalikda olib borilmoqda. Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining tashkil etilishi ham O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan BMTning Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi Konvensiyasining tegishli moddalari, shuningdek, xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash amaliyotidagi “Jakarta prinsiplari”ning mamlakatdagi implementatsiyasiga misol bo‘la oladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashda davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarda “komplaens nazorat” tizimining keng joriy etilishi amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2019–2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturida ustav jamg‘armasida davlat ulushi bo‘lgan tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish “komplaens nazorat” tizimini joriy etish, samaradorligini monitoring qilish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tegishli korrupsion standart (ISO 37001)ga muvofiq sertifikatlashtirish tartibini o‘rnatish bo‘yicha tegishli vazifalar ilgari surildi. Ushbu vazifalardan kelib chiqib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 26 ta vazirlik va idoralarda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat “komplaens-nazorat” tizimini joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash sohasida olib borilayotgan islohotlar samarali natijalar berayotganidan dalolatdir.
To‘lqin Gazitdinov,
Viloyat Iqtisodiyot
va moliya bosh boshqarmasi komplaens nazorat va maxsus bo‘lim boshlig‘i