Termiz xalqaro savdo markazi dunyo tarixida muhim iz qoldiradigan yana bir xalqaro tadbirga mezbonlik qilmoqda. “Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi aynan shu hududda o‘tkazilmoqda.
Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Аmerika, Yaqin Sharq mamlakatlaridan 200 ga
yaqin siyosiy-iqtisodiy va
biznes doira vakillari, moliya institutlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar a’zolari, shuningdek, dunyoning turli tahliliy hamda ilmiy-tadqiqot markazlarining nufuzli ekspertlarini yagona maqsad yo‘lida Termizda jamladi.
Forumning dastlabki kunida “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasi bilan tanishuv doirasida 36 gektar maydonda qad rostlagan hozircha mintaqamizda yagona zamonaviy markazning taqdimoti o‘tkazildi. Mehmonlar markaz faoliyati va u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Erkin savdo zonasida yaratilgan imtiyozlar doirasida barcha chet davlat fuqarolarining O‘zbekistonga kirish vizasisiz 15 kun markazda bo‘lish imkoniyati beriladi. Markazda multivalyuta, ya’ni o‘zbek so‘mi bilan birga AQSH dollari, yevro, rubl va yuan qabul qilish tizimi joriy etilgan. Shuningdek, hududga keluvchi barcha tovarlar bojxona to‘lovlarisiz joylashtiriladi va chiqariladi. Hududda banklar, notariuslar va boshqa davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlari tashkil etilgan. Qolaversa, “Hilton Garden Inn.” mehmonxonasi, “Akfa Medline” zamonaviy tibbiyot majmuasi, “Central Asia University” biznes maktabi, yirik savdo markazi, restoran, xostel, yiliga 900 ming tonna yuk aylanmasi quvvatiga ega yirik logistika markazi, ishlab chiqarish korxonalari barpo etilgan kompleksda “Termez Cargo Center” xalqaro transport-logistika xabi ham faoliyat yuritmoqda.
Termiz muloqotining ikkinchi kunida ishtirokchilar tomonidan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikning joriy holati va istiqbollarini muhokama etildi. Bunda xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, iqtisodiyotda xususiy sektor va moliyaviy tuzilmalarning rolini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashishdi. Xalqaro forum doirasida xalqaro ekspertlar, xususan, Tojikiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Pokiston davlatlaridan kelgan vakillar bilan bir qatorda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ham nutq so‘zladi.
— Bugun juda muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirda O‘zbekistonda, aynan, Termizda bo‘lib turganimiz ham bejiz emas, — deydi BMTning Afg‘onistondagi missiyasi rahbari Roza Orunbayeva. — Termiz muloqotidan ko‘zlangan maqsad esa Janubiy va Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro bog‘liqligini, siyosiy, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, mamlakatlararo tinchlik va do‘stlik rishtalarini har tomonlama mustahkamlashdan iborat.
Bugun mintaqa duch kelayotgan ichki – iqtisodiy qiyinchilikdan energetika inqirozigacha bo‘lgan muammolar girdobida ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish zarurati ortmoqda. Shu asnoda mamlakatlar muloqoti va o‘zaro savdosini kuchaytirish, iqtisodiy zanjir yaratish zarur. Bunday rishtalar barqarorlashtiruvchi kuch sifatida ziddiyatlar ehtimolini kamaytiradi, uzoq muddatli tinchlik, farovonlik o‘rnatishga yordam beradi.
Yana bir gap. Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida Аfg‘oniston ikki asosiy yo‘nalish – Xitoy – Pokiston iqtisodiy chizig‘i (CPEC) va Xitoy – Markaziy Osiyo – G‘arbiy Osiyo yo‘lagi uchun muhim o‘tkazgich vositasiga aylanishi mumkin. Ushbu loyihalar mintaqaviy savdoni rivojlantirish barobarida keng ko‘lamli iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qilishi shubhasiz.
Adolat MO‘MINOVA,
Islom MENGLIYEV
(surat)