Qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini oshirishda o‘tin va ko‘mir kulining ta’siri to‘g‘risida ayrim mutaxassislar salbiy fikrda. Aslida kulning ziroatchilikdagi ijobiy ahamiyati ilmiy asosda isbotlanganligi to‘g‘risida ma’lumotlar ham yo‘q emas. Shu sababli Qiziriq, Muzrabot, Bandixon tumanlarida kollektor bo‘yiga, tashlandiq yerlarga bir necha o‘n yillardan buyon chiqarib tashlangan yuzlab tonna kul uyumlarini ko‘rasiz. Vaholanki, oddiy g‘o‘zapoya kuli tarkibida 30-35 foizgacha “kaliy”, shuningdek, 22-25 foiz “kalsiy” elementlari mavjud.
Ma’lumki, kaliy ekinlarning boshqa ozuqa elementlaridan ko‘proq samarali foydalanishni ta’minlaydi. Bundan tashqari, o‘simliklarni kasalliklarga, “Garmsel” issig‘ida (ko‘pincha quyosh radiatsiyasiga) chidamliligini oshiradi, paxtadagi tola sifatini yaxshilaydi. Oxir-oqibat, tolaning shakllanishi davrida hujayralar bir tekis bo‘lib ko‘payadi. Yetarli darajada Kaliy bilan oziqlantirilgan g‘o‘zada gulning changlanishi yaxshi kechadi, bir chanoqdagi chigit soni ko‘proq va paxtaning salmog‘i kattaroq bo‘ladi. Eng muhimi, paxtaning erta pishishini ta’minlaydi.
Kalsiy tuproq singdirish kompleksiga kiruvchi asosiy element bo‘lib, tuproqning donadorligini oshiradi. Kalsiy tuproqda yetarli bo‘lganida, uning havo almashinuvi, suv o‘tkazish qobiliyati yaxshilanadi va bunday tuproqlarning haydov qatlamida foydali mikroorganizmlar tez ko‘payib yaxshi rivojlanadi. Yuqoridagilarga qaramasdan, dehqonlarimiz kuldan yetarli darajada foydalanmayapti. Agarda xonadonlardagi kulni tashqariga chiqarib tashlamasdan, aksincha, tovuqxonalarning bir burchagiga to‘kib borish, mollarining tagiga (vaqti-vaqti bilan) to‘kib qo‘yish parranda va mollardagi hayvon bitlariga qiron keltiradi. Shuningdek, chirimagan go‘ng uyumlariga aralashtirib saqlash yil bo‘yi ularda ko‘payadigan turli xil zararli zamburug‘lar va mikroblarning ko‘payib ketishi, ularning kelajakda ekinlarga zarar berishining oldini oladi. Chunki, kuldagi kaliy va kalsiy elementi ularda ishqorli muhit yaratadi. Keyingi yillarda birgina viloyatda emas, hatto respublikamizda kaliyli o‘g‘itlar tanqisligi sezilmoqda, chunki bu turdagi o‘g‘it viloyatga chetdan keltiriladi. Aslida g‘o‘zaga mineral o‘g‘it 1 0,7: 0,5 nisbatda beriladi, bu nisbatda berilgan NPK nisbati o‘g‘itning o‘zaro samarasini oshiradi, o‘simlik tomonidan yaxshi o‘zlashtiriladi.
Agar kul go‘ng va boshqa organik qoldiqlar bilan birga qo‘shib ishlatilsa, kaliyli o‘g‘itlarga hojat qolmaydi. Ekinning 35-50 foizini kaliy elementi tashkil etishi shart. Bahor seryog‘in kelgan hollarda chigitni ekishdan oldin namlab, urug‘lik bilan aralashtirib ekilsa, urug‘ning kasallanishini va zararkunandalar ta’sirida zararlanishining oldi olinishi bilan birga nihollarni tez unib chiqishi va barvaqt rivojlanishini ta’minlaydi. Kuldan foydalanish ancha qulay, arzon va naqadar foydali ekanligini dehqonlarimiz bilishi lozim.
Shuningdek, gultugunchalarini ko‘plab to‘kadigan mevalar, ayniqsa, anor, o‘rik va boshqa danakli, urug‘li mevali daraxtlar tagiga ko‘proq kul bilan go‘ng aralashmasini solish, ularning hosilini ko‘paytirishda katta imkoniyat yaratadi. Mineral o‘g‘itlar tarkibida, ya’ni me’yorida kaliy ishlatilayotganligi oqibatida nomutanosiblik yuzaga kelishi natijasida ekinlar hosildorligi pasayib, sifati yomonlashib, tuproq eritmasining agro ekologik holati buzilib (pasayib) bormoqda. Yuqorida ko‘rsatilgan omillar (sabablar) hisobga olinsa, qishloq xo‘jaligida, ya’ni dehqonchilikda kuldan unumli foydalanish qanchalik foydali ekanligi ma’lum bo‘ladi.
B.Jo‘rayev,
Fan va texnika sohasidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi davlat mukofoti laureati, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, Ingichka tolali paxtachilik ilmiy tadqiqot instituti direktorining ilm-fan va ilmiy faoliyat bo‘yicha maslahatchisi
X.jumayev,
olim-agronom, mutaxassis
J.Jo‘rayev,
ilmiy xodim, mustaqil izlanuvchi

