Ijara tizimida moliyaviy rag‘bat

Date:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni bilan davlat mulki obyektlarini ijaraga berish tizimida muhim o‘zgarishlar joriy etildi. Mazkur hujjat tadbirkorlikni rag‘batlantirish, bandlikni oshirish hamda bo‘sh turgan davlat obyektlaridan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Farmonga ko‘ra, ijara shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir oy ichida yillik ijara to‘lovini amalga oshirgan ijarachilarga yillik summa miqdoridan Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida chegir-ma beriladi. Bu mexanizm, avvalo, halol va intizomli to‘lovchilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Natijada tadbirkorlar uchun moliyaviy yuk kamayadi, davlat uchun esa to‘lov intizomi mustahkamlanadi.Shuningdek, olti oy davo-mida elektron onlayn auksion savdolarida ijaraga berilmagan obyektlarning boshlang‘ich narxi 50 foizga pasaytirilishi belgilandi. Bu esa uzoq muddat bo‘sh turgan bino va inshootlarni iqtisodiy aylanishga jalb qilish imkonini beradi.
Farmonda kasanachilik faoliyatini kengaytirayotgan tadbirkorlarga alohida e’tibor qaratilgan. Buning ortidan hududlarda, ayniqsa, xotin-qizlar va uy sharoitida ishlovchilar bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan kamida 5 nafar ishsiz xotin-qizni ishga olgan tadbirkorlar ham davlat mulkini ijaraga olishda 50 foizlik imtiyozga ega bo‘ladi. Xuddi shuningdek, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlagan subyektlarga ham ijara to‘lovlarida 50 foiz chegirma taqdim etiladi. Bu choralar ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni mehnat bozoriga faol jalb etishga xizmat qiladi.
Farmon nodavlat sport-ta’lim muassasalari uchun ham qulay sharoitlar yaratadi. Mahallalarda sport to‘garaklari tashkil etish uchun bo‘sh turgan davlat obyektlari eng kam ijara stavkasining yarmi miqdorida, auksionsiz ijaraga beriladi.
Bundan tashqari, Olimpiya, Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari hamda nufuzli chempionatlarda so‘nggi besh yilda sovrindor bo‘lgan sportchi-trenerlarga, shuningdek, olis hududlarda faoliyat yuritayotgan trenerlarga ham xuddi shunday imtiyozlar taqdim etiladi. Bu esa professional sport tajribasini hududlarga olib kirish va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish imkonini beradi.
Moddiy madaniy meros obyektlarini investitsiya kiritish sharti bilan ijaraga olgan tadbirkorlar besh yil davomida ijara to‘lovining 80 foizidan ozod etiladi. Bu norma tarixiy obyektlarni saqlash va ulardan samarali foydalanish uchun xususiy sektor investitsiyalarini jalb qilishda muhim rag‘bat bo‘ladi.
Shuningdek, bir yildan buyon sotilmagan yoki foydalanilmayotgan bino va inshootlar, jumladan, kasb-hunar kollejlari binolari “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi ishtirokchilariga minimal ijara stavkasi asosida beriladi. Bu tashabbus ishlab chiqarish va malaka oshirish jarayonlarini birlashtirgan amaliy monomarkazlar tashkil etishga zamin yaratadi.
Ushbu Farmon davlat mulkini boshqarish sohasida yangi yondashuvni namoyon etadi. Unda iqtisodiy samaradorlik, ijtimoiy mas’uliyat va bandlikni oshirish maqsadlari uyg‘unlashgan. Eng muhimi, hujjat bo‘sh turgan obyektlarni iqtisodiy aylanishga kiritish orqali hududlar rivojiga turtki beradi.

Bekzod Jumayev,
“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ Surxondaryo viloyati hududiy vakili

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Hashar ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda

Yurtimizda “Yurt obodligi — avvalo mahalladan boshlanadi” shiori ostida...

Javobgarlik kuchaytirildi

Mamlakatimizda energiya resurslaridan oqilona foydalanish va tarmoqlardan noqonuniy foydalanish...

Vatan himoyasi – yigitlik burchi

Termiz shahridagi “Vatanparvarlar bog‘i”da muddatli harbiy xizmatga jo‘nab ketayotgan...

Xidirsho kanali ta’mirlanmoqda

Oltinsoy tumanida joylashgan Xidirsho kanalidagi sel tashlama gidrotexnik inshootlarini...
KunTun
KunTun