Surxondaryo viloyatida ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish hisobiga ijtimoiy soha obyektlarini ta’mirlash va yangilash ishlari izchil davom etmoqda. Joriy yilda viloyat bo‘ylab 52 ta ijtimoiy obyektni rekonstruksiya qilish loyihalariga rasman start berildi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Qumqo‘rg‘on tumani Tibbiyot birlashmasida bo‘lib, hududlardagi 24 ta maktab, 4 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 8 ta birlamchi tibbiyot muassasasini ta’mirlash hamda 16 ta binoni bog‘chaga moslashtirish ishlari boshlanishiga “Zoom” orqali ishora berdi. Mas’ullarga ishlarni sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlash vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish maqsadida shifokor va hamshiralarga 200 dona planshet va zarur jihozlar topshirildi. Tashrif doirasida tuman markazida infratuzilmani yaxshilash, oqova suv tarmoqlari va yo‘l ta’miri ishlari holati ham o‘rganildi.

