Tomorqachilik modeli kengayadi

Date:

Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi” faoliyati bilan tanishdi. Dastlab suv xo‘jaligida mahalliylashtirilgan texnika va uskunalar taqdimoti ko‘zdan kechirildi. Suv tejash texnologiyalari va zamonaviy irrigatsiya tizimlarini mahalliy ishlab chiqarish orqali xarajatlarni kamaytirish, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda fermerlar talabini tezkor qondirish mumkinligi ta’kidlandi. Davlat rahbari bu yo‘nalishda ilmiy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.

“Tomorqa maktabi” aholiga tomorqadan samarali foydalanish, yuqori daromadli ekinlarni joriy etish, mahsulotni qayta ishlash va qadoqlashning zamonaviy usullarini o‘rgatishga ixtisoslashgan. Banklar ko‘magida faoliyat yuritayotgan muassasa, avvalo, ishsiz va kam ta’minlangan oilalarni barqaror daromad manbai bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Maktab Termiz, Muzrabot, Qiziriq, Bandixon, Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlarini qamrab olgan bo‘lib, uch gektar issiqxona va uch gektar o‘quv-tajriba maydoniga ega. Bu yerda banan, papayya, limon, anjir, brokkoli va boshqa eksportbop ekinlar yetishtirilmoqda, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan. Tinglovchilarga bir yilda uch marta hosil olish amaliyoti o‘rgatiladi.

Shu kungacha qariyb 1300 nafar fuqaro kurslarni tamomlab, o‘z tomorqasi yoki ijara yerida daromad topishni yo‘lga qo‘ygan. Vaucher tizimi asosida o‘qish xarajatlari qoplanadi, tadbirkorlik subyektlari esa urug‘ va ko‘chat bilan ta’minlab, yetishtirilgan mahsulotni xarid qilishni tashkil etadi.

Prezident maktab faoliyati bilan tanishar ekan, qayta ishlashni kengaytirish, qo‘shilgan qiymat yaratish hamda hudud uchun yangi bo‘lgan sitrus va tropik mevalarni yetishtirishni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Ushbu tajriba Surxondaryoda kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishda samarali model bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Termiz tongi badantarbiya bilan boshlandi

Termiz shahrida aholi o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish va sog‘lom...

Ishlar jadallashdi

Oltinsoy tumanidagi “Shirin-ijyu” fermer xo‘jaligi dalalarida paxta hosilini yig‘ib-terib...

“Elobod”da yangi qurilish materiallari korxonalari barpo etilmoqda

Qumqo‘rg‘on tumanining “Elobod” mahallasida yangi sanoat loyihalari amalga oshirilmoqda....

Yo‘l bo‘ylariga chiqindi qutilari o‘rnatilmoqda

Davlat ahamiyatidagi D-167 avtomobil yo‘lining Bandixon tumaniga kirish qismidan...
KunTun
KunTun