Beg‘ubor xo‘jayin

Date:

 “Kuchukchalar sotiladi”. E’lonni ko‘rgan kichkina bola do‘konga kirdi va kuchukchalarning narxini so‘radi. Do‘kon egasi javob berdi:

— O‘ziga qarab, 30 dollardan 50 dollargacha.

— Menda 2 dollaru 37 sent bor, — dedi bola afsusli ohangda. Keyin tortinibroq dedi:

— Bitta ko‘rsam maylimi?

Do‘kon egasi kulimsiradi va ichkariga qarab xushtak chaldi. Birpasda 5 ta kuchukcha chiqib keldi. Hammasi alpong-talpong qilib egalarining oldiga chopishdi, biroq bittasi ortda qolib ketdi. U juda qiynalib qadam bosar edi. Bola hayron qaradi:

— Anavi kuchukka nima bo‘lgan?

Do‘kon egasi uni nogiron ekani, tuzalmasligini aytdi. Bola hayajonlanib ketdi:

— Shunisini sotib olaman.

— Iye buni nima qilasan? Lekin rostdan ham xohlayotgan bo‘lsang, tekinga olib ketaver.

— Yo‘q, — dedi bola birdan achchiqlanib, — nega tekin bo‘lar ekan? Buning ham boshqa sheriklaridek qadri bor. Hozir sizga qo‘limdagi bor pulni beraman, qolganini esa oyda 50 sentdan to‘lab uzaman.

— Nega tushunmaysan-a, bolakay, pulinga kuyasan-ku! Chunki bu boshqalardek yoningda chopqillab yurolmaydi, sen bilan sakrab o‘ynasha olmaydi.

Shunda bola egildi va shimining pochasini qayirdi.

— Mana, — deya tizzasidan pasti protezlangan oyog‘ini ko‘rsatdi. Keyin kuchukchaning boshini silab, erkalagan ovozda qo‘shib qo‘ydi:

— Men ham yaxshi yura olmayman, yugira olmayman, bunga esa o‘ziga o‘xshagan, ahvolini tushunadigan xo‘jayin kerak. To‘g‘rimi, mittivoy.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Shved instituti bilan yangi loyihalar amalga oshiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda Shvetsiyaning...

“Ezgulik — yurakdan yurakka”

Jamiyatda mehr-oqibat, insonparvarlik va o‘zaro ko‘mak muhitini mustahkamlash maqsadida...

“Kitob karvoni” yo‘lga chiqdi

O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan kitobxonlar uchun yana...

Surxondaryoliklar mukofotlandi

Prezidentimizning tegishli Farmonlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi...
KunTun
KunTun