Imlosi ilmoqli tilga egamiz

Date:

Hali bola kezlarim o‘zimdan qirq yosh katta onamni xafa qilib, uyatga ham qoldirganimni eslasam, xijil tortaman. Huv anavi Angorning yo‘lida “G‘alla — risq-ro‘zimiz!” degan yozuv bitilgan devor bo‘lardi. Imloni “g‘ijimlab” o‘rgatgan malimimga ishonib, xato yozilgan deb yozg‘irsam deng. Avtobusning ichidagi hammani og‘zimga qaratganim yetmagandek, onamning: “Balki, ular to‘g‘ri yozgandir”, deganiga yovqarash qilib, jahl ham qilganman. Onam shunda uyalganini aytgandi, mening “donoligim” sabab emas, hech kimni eshitmay, o‘zimnikini ma’qullaganimdan…
Rizqim imlo bilan bog‘lanishini o‘shanda bilganimda, o‘la qolsam, xatosini topmagan bo‘lardim. Keti boshidan oshsin, biram katta yukki, gohida turumi yo‘q qoidalardan bezillayman ham. Oliy ma’lumotli onam qilg‘iliqlarimdan uyalib yurgan kezlarida maktabni bir amallab tugatgan otam mazza qilardi deng. Murvati qartillab buraladigan televizorning oldiga o‘tirg‘izib qo‘yib, “to‘g‘ri yozilganmi?” deb axborot ko‘rsatishi esa meni “aybtopar” qilib ulg‘aytirdi. Hozir ham bir tinchgina televizor ko‘ra olmayman. Hech kim meni majburlamaydi ham, xato topishga undamaydi ham… Lekin tarki odat — amri mahol ekan. Gapidan xato topmasam, harakatidan… harakatidan topmasam, imlosidan… Imlosidan ayb topmasam yondashuvidan “kir” qidirib o‘tiraman.
Ko‘z nurim o‘tmaslashib, ko‘zoynak ko‘makchim bo‘lgan esa-da, uncha-muncha xatolarni payqamay qolmayapman-da… Yozuvli xabarlardan biri hayratimga sabab bo‘ldi: “Er qa’ri to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi”. Zo‘r bo‘libdi-da… Yuzsiz va tuzsiz ko‘rinmoqchi emasman-u ammo er qa’ri qayerda ekan-a?! Shu xatoyozar, imlobuzarlar men kabilarni o‘ylab-da shunday xato qilsa kerak.
Yana bir telekanal deng, muxbirning o‘lib-tirilib berayotgan ta’riflarining lokatsiyasini ming kilometr olisga uloqtirdi-da… Qoraqalpog‘istonning Termiz shahrida yashayotganligimni his etarkanman, qoraqalpoq birodarlarimiz uchun Termiz otani ziyorat qilish mushkul bo‘lmay qolganligidan quvondim. Yana endi “afg‘on shamoli” Orol dengizi o‘zanidagi tuz bilan qorishib azobimizni berarkan-da deb tanglayim-u manglayim sho‘rlashib ketdi…
O‘zi shunchalik bezor bo‘lsam-da, bezor qilgan esam-da, ma’zur tutasiz. Hech xatolardan uzoqlashib keta olmayman. O‘zlari ham “meni ko‘r” deganday ko‘zimga ko‘rinaveradi-da. Bolalarimga kitob o‘qib beraman sizga o‘xshab… Ana bu asabiylashish esa jonimni hiqildog‘imga keltiradi. Hozir bittagina matnni havola qilay, o‘zingiz mening qiynog‘imni his eting: “Vatussi buqalarida eng hayratlanarli shoxlar o‘sadi. Bunday turdagi buqalar Afrikada turli zotlardagi sigirlar va buqalarni nazorat qilmay, aralashtirish orqali yetishtirildi (Shu yergacha nimanidir tushundingizmi? Endi bolaga nima deb tushuntirasiz?). Bu turdagi buqalarning har bir shoxining vazni 40 kilogrammgacha, uzunligi bir metrdan oshadi. Bunday ulkan shoxlar tufayli Afrika qabilalari bu zotdor buqani muqaddas deb bilishadi. Ularni iste’mol qilish ta’qiqlanadi, sigirlari faqat suti uchun boqiladi. Vatussi buqalari xatto Ginnesning rekordlar kitobiga ham kirdi. Eng katta shoxdorlar sifatida “Lach” laqabli buqa bu sharafga sazovor bo‘lgan. Uning shoxlarining har biri 50 kilogramm vaznga ega va uzunligi 90 santimetrdan oshiqroq edi” .
Bolalar ensiklopediyasining bu kabi xatoliklar bilan chop etilishi, so‘z qo‘llashdagi g‘alizliklarni ta’riflashga til ojiz. Endi bu bolalar bilan imlo borasida tortishish ilojsiz. Ularning fakt va dalillari bor. Ensiklopediyada shunday yozilgan, sizning malimingiz daho bo‘lgani ham qiziqmas…
Ertaklar esa xatolikka yetaklar bo‘lib yotibdi. Mayli-da, aldagani bola yaxshi, axir!
Akmal Najmiddinov tomonidan nashrga tayyorlangan “Ertaklar avtobusi”da “Baliqchi va baliqcha” ertagi bor. O‘zi nima haqida ekanligini tushunmagan ertakni oxiriga qadar eshitmay uxlab qolgan bolalarimga havas bilan qarar ekanman, so‘nggi jumla mening holatimni to‘la ifodalay olardi: “Baliqcha dengizga tushishi bilan onasining bag‘riga otildi. Alovuddin esa ularga qo‘l siltabdi”. Men ham hammasiga qo‘l siltadim, ilmog‘i ko‘p, har soniyada ilib qoladigan til — ona tilim ekanidan, rosti, lazzatlandim. Baliqning bag‘ri qanday bo‘ladi?! Alovuddinning qo‘l siltashi aslida qo‘l silkish emasmidi?! Savollar ko‘pligidan mening uyqum qochdi. Bu yozganlarim dengizdan tomchi, xolos.Yana bir iltimos bolangizga televizor ko‘rsatib, imloni o‘rgataman demang, kitob o‘qitib dunyoqarashini kengaytiraman ham demang. Mabodoyi karim, kengayib ketsa, to‘xtata olmay qolasiz aniq!

Xatosevar
IMLO!

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Oltinsoyni yayov kezganda…

Oltinsoy tumanidagi 1-son texnikumida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish,...

Hashar birlikka chorlar

Termiz shahri bo‘ylab barcha mahallalarda umumxalq xayriya hasharlari uyushqoqlik...

Surxondaryoda sport rivojlantiriladi

Surxondaryo viloyat sport boshqarmasi boshlig’i Ravshanbek Maxmudov Fransiyaning “Group...

Hamkorlik yangi bosqichda

Dushanbe shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Tojikiston oliy ta’lim muassasalari...
KunTun
KunTun