SURXON DIYORINING MA’RIFAT BESHIGI

Date:

Jahon madaniyatining eng muhim tarkibiy qismlaridan biri teatrdir. Teatr sintetik (qo‘shiluvchi, birikuvchi) san’at bo‘lib, unda dramaturgiya, musiqa, tasviriy san’at, raqs, me’morlik ajralmas birlikni tashkil etadi.
“Teatr” so‘zi yunoncha — tomoshagoh degan ma’noni anglatadi.
Buyuk mutafakkir Mahmudxo‘ja Behbudiy iborasi bilan aytganda: “Teatr – bu tarbiyaxona, u ma’rifat beshigi”, “Teatr – bu ibratxonadir”.

Teatr san’at turi sifatida o‘ziga xos ifoda vositasi, aktyorning omma oldidagi o‘yini jarayonida yuzaga keladigan sahnaviy voqeadir. Shunday ekan, teatr san’atida ham boshqa san’atlarda bo‘lgani kabi xalq hayoti, tarixi, dunyoqarashi aks etib, jamiyat taraqqiyoti, ma’naviyati, madaniyati bilan bog‘liq holda o‘zgarib, takomillashib boradi. Shu bois, madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, xususan, teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash doimo hayotiy muammodir.
Surxondaryo viloyat o‘zbek davlat musiqali drama teatri — O‘zbekistonning yetakchi teatrlaridan biri hisoblanadi. U 90 yil avval — 1935-yilning 5-noyabrida Afandixon Ismoilov sahnalashtirgan Hamzaning “G‘olibiyat” spektakli bilan Termiz shahrida ochilgan. Toshkent yosh tomoshabinlar teatridan kelgan bir guruh san’atkorlar teatr asosini tashkil qildilar. Teatr direktori etib R.Bobojonov, bosh rejissor A.Ismoilov, bosh rassom N.T.Malishevskiylar tayinlandi. O.Fayozova, M.Hamidova, K.Muslimova, Z.Olimov, T.Zohidov, M.Umarova, X.A’zamov, N.Azizov, Q.To‘laganov va boshqalar teatrning ilk aktyorlaridir. 1936-yili Jarqo‘rg‘on kolxoz-sovxoz teatri ham Surxondaryo teatriga birlashtirildi. O‘tgan asrning 30-yillarida teatr repertuaridan o‘zbek va jahon dramaturglarining ijtimoiy hayot, turli kuchlarga qarshi kurash ruhida yozilgan “Rustam” (U.Ismoilov), “Gulsara” (K. Yashin), “Uyg‘onish” (N.Safarov), “Maysaraning ishi” (Hamza), “Arshin mol-olon” (U.Hojibekov), “Farhod va Shirin” (A.Navoiy) va boshqa asarlari o‘rin oldi.
Teatr Ikkinchi jahon urushi yillarida og‘ir sinovdan o‘tdi. Teatr jamoasining bir qismi urushga jo‘natildi. Nishon Xodimetov, Obid Rixsiyev, Obid Ibrohimov, Qayum To‘laganov, Muhammad Shermuhamedov, Nurmat Azizov kabi san’atkorlar jang maydonlarida halok bo‘ldilar.
Front ortida qolgan qismi esa turli mavzularda asarlar sahnalashtirdilar. Masalan, “Front” (A.Korneychuk), “Boy ila xizmatchi” (Hamza), “Tohir va Zuhra” (S.Abdulla), “Nurxon”, “Oftobxon” (K.Yashin) va boshqalar.
1943-yilda teatrda studiya ochildi. Teatr jamoasi rus va ukrain rejissyor va aktyorlari bilan ijodiy muloqotda bo‘lishdi. Urush yillari ular Termiz shahriga evakuatsiya qilingan edi. Surxon vohasi san’at ahli, xususan, teatr jamoasi faxr va g‘urur bilan xotirlashadiki, evakuatsiya qilinganlar orasida — keyinchalik, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng — XX asr jahon san’atining buyuk namoyandasi darajasiga ko‘tarilgan Arkadiy Raykin ham bo‘lgan. Bu davrda teatrning turli mavzu va mazmundagi spektakllari bilan repertuari yanada boyidi.
1948-yilda iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli teatr vaqtincha Buxoro teatriga qo‘shib yuborildi. 1957-yilda teatr qayta tiklanib, Surxondaryo viloyat o‘zbek davlat musiqali drama teatri, deb nomlandi. Viloyat badiiy havaskorlaridan tuzilgan teatr ijodiy jamoasi dastlabki yillarda tomoshabinlarga manzur spektakllar yarata olmadi.
1958-yili ilgari ham Termiz teatrida ishlagan X.Boboxonova, H.Muhiddinov (Kattaqo‘rg‘on teatridan), S.Nurmatov, A.Rahmatov, N.Pardayev, Inotjon G‘afurov va boshqalar teatrga taklif etildi. Ayni bir paytda Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatganlardan A.Qosimov, Z.Soliyeva, S.Lutfillayev, Ergash Karimov, Roza Karimova, A.Nomozovlardan iborat iste’dodli yoshlar kelib qo‘shilishdi. Teatr qisqa vaqt ichida o‘z repertuarini yaxshiladi. “Birinchi muhabbat” (X.Voxit) , “Xavfli uchrashuv” (I.Stadnyuk), “Boy ila xizmatchi”, “Maysaraning ishi” (Hamza), “Nurxon” (K.Yashin), “Pilla aya” (Tuyg‘un), “Oltin bolta”, “Guli siyoh” (S.Jamol), “Do‘stlar”, “Qotil” (Uyg‘un), “Zarafshon qizi” (D.Fayziy) kabi spektakllar muvaffaqiyat qozondi.
“Gulsara” (K.Yashin), “Qotil ona” (I. Ahmedov), “Ayajonlarim” (A.Qahhor), “Hijron alangasi” (Z.Fatxullin, “Sofiya taronasi” (Xugayev), “Vyetnam tongi” (G.Kim), “Bir o‘likka bir tirik” (A.Ibrohimov) kabi to‘laqonli spektakllar bilan o‘z mavqeyini yanada mustahkamladi.
1977-yili teatr jamoasi otalig‘ida Jarqo‘rg‘on, Muzrabot, Uzun xalq teatrlari ochildi. 1978-yili teatr jamoasi rus tilida spektakllar qo‘ydi (“Kuyov va kelin”, “Maysaraning ishi”, “Hamma bilan birgalikda”, “Ayollar hayotidan” va boshqalar).
Mustaqillikdan so‘ng, bu teatr sahnasida ham tub o‘zgarishlar yuz berdi. Ko‘proq tarixiy mavzuga, mahalliy dramaturgiyaga e’tibor kuchaydi, komediyalar, ertak — spektakllar, o‘zbekona urf-odatlarga qurilgan “Qamashgan ko‘zlar” (I.Otaqulov), “Yulduz so‘ndi” (N.Hayitqulov), “Adib Sobir Termiziy” (N.Pardayev), “Sadoqatli arvoh” (X.Maqsadqulov), “Olifta” (F.Musajonov), “Uzoqdan kelgan kuyov” (X.Rasul), “Temir xotin” (Sh.Boshbekov), “Xotinlar hazili” (H.Muhammad), “Jononga bordim bir kecha” (Hamza) kabi asarlarga keng o‘rin berildi.
Ma’lumki, viloyat musiqali drama teatri ijodkorlari doim respublika va xalqaro festivallarda faol ishtirok etib kelgan. Aytish joizki, 2018-yil teatr tarixida unutilmas yil bo‘ldi. Sababi, Prezidentimiz 2018-yilning 19-20-yanvar kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida teatr jamoasi bilan maxsus uchrashuv tashkil etdi. Bu samimiy muloqot paytida teatr san’ati oldida turgan dolzarb vazifalar xususida to‘xtalib, O‘zbekistonning “janub gavhari” hisoblanmish qadim Surxon zaminida umrguzaronlik qilgan buyuk Termiziy bobolarimiz hayoti va ijodi, ularning jahon ilm-fani rivojidagi beqiyos xizmatlari aks ettirilgan sahna asarlari yaratish hamda “Alpomish” dostonining mazmun-mohiyati bilan nafaqat yurtimiz, balki dunyo ahlini voqif etish zarurligini uqtirib, bu borada qimmatli tavsiyalar berdilar.
Ikkinchidan, Yurtboshimiz takliflari bilan Termiz shahrida bunyod etilgan “San’at saroyi” teatrga in’om etildiki, bu koshonada ijodkorlar uchun zamonaviy barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Uchinchidan, Prezidentimizning tavsiyasi asosida, hukumat tomonidan teatrga 2 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik teatr ijodkorlarini behad ruhlantirib yubordi. Natijada, ilgari surilgan ayni fikrlarga javoban viloyat san’at koshonasida O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning “Alpomishning qaytishi” spektakli premyerasi bo‘lib o‘tdi. Teatrimiz jamoasi Toshkent shahriga gastrol safari uyushtirdi. O‘zbek Milliy teatri sahnasida ijro etilgan “Alpomishning qaytishi” spektakli jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi. Respublika “Oynayi jahon”i orqali xalqimizga namoyish etildi. Keyinchalik mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatov qalamiga mansub “Sohil yoqalab chopayotgan olapar” qissasi, Qo‘chqor Norqobilning “Zamindan olis ketma” asari sahnalashtirildi.
U. Uvatov va G‘.Shermu-hammadning “Al-Hakim at-Termiziy” asari asosida rejissyor M.Ravshanov tomonidan sahnalashtirilgan “Allomayi zamon” spektaklini keyingi yillarning eng katta voqeasi bo‘ldi, deyish mumkin.
“Allomayi zamon” spektakli premyerasi Toshkentda O‘zbek Milliy drama teatrida o‘tkazilganligi Surxondaryo viloyat teatri jamoasi mehnatiga berilgan yuksak bahodir.

Shomat SAMATOV,
Termiz davlat universiteti professori,
falsafa fanlari doktori

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Oltinsoyni yayov kezganda…

Oltinsoy tumanidagi 1-son texnikumida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish,...

Hashar birlikka chorlar

Termiz shahri bo‘ylab barcha mahallalarda umumxalq xayriya hasharlari uyushqoqlik...

Surxondaryoda sport rivojlantiriladi

Surxondaryo viloyat sport boshqarmasi boshlig’i Ravshanbek Maxmudov Fransiyaning “Group...

Hamkorlik yangi bosqichda

Dushanbe shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Tojikiston oliy ta’lim muassasalari...
KunTun
KunTun