Islohotlar — inson manfaatlari uchun

Date:

Guvohi bo‘lib turganimizdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va izchil islohotlarga muvofiq, keyingi 8 yil ichida sud-huquq sohasini isloh etish borasida 60 dan ziyod qonun va qonun osti hujjatlari qabul qilindi, ushbu sohadagi islohotlar tizimli ravishda dadil davom ettirilmoqda.
Shu asosda sudlarning haqiqiy mustaqilligini ta’minlash, sud kadrlarini tanlab olishning ochiq va shaffof mexanizmlarini yaratish, inson va fuqarolarning odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan davrda sudlar tuzilmasi zamon talablariga mos ravishda takomillashtirildi. Viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda viloyat darajasidagi umumyurisdiksiya sudlari tashkil etildi. Fuqarolar va tadbirkorlarning davlat organlari va mansabdor shaxslari tomonidan buzilgan huquqlarini tiklashga qaratilgan ma’muriy sudlar tashkil etildi. Investitsiyaviy nizolar bo‘yicha alohida sudlov tarkibi tashkil etildi, yirik investitsiyaviy nizolar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudda ko‘rilishi imkoniyati yaratildi. Sudlarda ishlarni ko‘rilishida bir qator yangi institutlar joriy etildi. Xususan, qonunchiligimizga sudgacha majlis, soddalashtirilgan tartibda ish yuritish, mediatsiya institutlari tatbiq qilinib, samarali qo‘llanilib kelinmoqda. Sudlar tomonidan qabul qilingan qarorlar Oliy sud rasmiy veb-saytida muntazam ravishda e’lon qilinib borilmoqda.
Ayniqsa, odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini osonlashtirish hamda bu borada shaffoflikni oshirishga qaratilgan elektron tartib-taomillar bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilayotgani muhim ahamiyatga ega.
Ishlarni inson omilisiz, ya’ni avtomatik ravishda taqsimlash, sud majlisi jadvalining yagona elektron bazasining joriy etilganligi, sud qarorlarini rasmiy veb-saytda e’lon qilib borish, sudga elektron murojaat va sud hujjatlarini taraflarga elektron shaklda yuborish, sud majlislarini audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish kabi zamonaviy yondashuvlar evaziga odil sudlov samaradorligiga erishilmoqda.
Mamlakatimiz rahbarining 2025-yil 21-avgustda qabul qilgan “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sud-huquq sohasida, xususan sud tizimini takomillashtirish bo‘yicha yana bir muhim qadam bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Farmonga binoan, sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, sudlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishning kelgusi yillardagi ustuvor maqsadlaridan biri sifatida iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali ularning faoliyati samaradorligini oshirish va yagona sud amaliyotini shakllantirish belgilandi.
Gap shundaki, farmonga binoan iqtisodiy ishlarda eksterritorial sudlovga tegishlilik mexanizmini yaratish belgilangan bo‘lib, bunda, 2026-yil 1-yanvardan boshlab iqtisodiy sudlar tizimida iqtisodiy sudlarni maqbullashtirish orqali tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarini tugatish hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo iqtisodiy sudlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.
Umumiy tartibga ko‘ra, ishlar javobgar joylashgan hududdagi sudda ko‘rilishi belgilangan. Biroq, ayrim holatlarda fuqarolar va tadbirkorlar da’volari boshqa hudud sudida ko‘rilishini iltimos qilishadi. Bugungi raqamlashtirish va videokonferensaloqa imkoniyatlari asrida iqtisodiy ishlarning muayyan hududda ko‘rilishi deyarli o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda. Negaki, qonunlar butun respublikamiz miqyosida bir xilda amal qiladi va qo‘llaniladi.
Shunga ko‘ra, aholining sud tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish maqsadida da’vogarlarga aynan muayyan hudud sudiga murojaat qilishi shartligiga oid byurokratik to‘siqni bartaraf etish va fuqarolarga tanlash imkonini berish asosiy maqsad hisoblanadi. Fuqarolik va iqtisodiy sudlarning ish yurituvidagi nizosiz ishlarni tegishli organlar (notariuslar) vakolatiga o‘tkazish yo‘li bilan sudlarning ish yuklamasini kamaytirishdir. Kelgusida, basharti nizo kelib chiqqan hollarda bunday ishlar sudda ko‘rib chiqiladi.
Sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuziga, jumladan, sud mustaqilligi, qonun ustuvorligi va odil sudlov samaradorligi bo‘yicha xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning nufuzi oshishiga ham munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.

Botirjon Abdullayev,
Termiz tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Kichik fikrlar, katta g‘alabalar”

Bolalarda mantiqiy tafakkur, diqqat va strategik fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishda...

Hashar ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda

Yurtimizda “Yurt obodligi — avvalo mahalladan boshlanadi” shiori ostida...

Javobgarlik kuchaytirildi

Mamlakatimizda energiya resurslaridan oqilona foydalanish va tarmoqlardan noqonuniy foydalanish...

Vatan himoyasi – yigitlik burchi

Termiz shahridagi “Vatanparvarlar bog‘i”da muddatli harbiy xizmatga jo‘nab ketayotgan...
KunTun
KunTun