Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Asqar aka domofondan qarasalar, rahmatli ukasining yolg‘iz farzandi Anvarjon ekan. Eshikni ochib, jiyanni ichkariga taklif qildi.
— Amaki, sizdan olgan 300 dollar qarzni olib kelgandim, rahmat.
— Qiynalib qolmadingmi, ishlatib yurishingga puling bormi?
— Bor, amaki. Onam ham operatsiyadan yaxshi chiqdilar. Endi bir-ikkita reabilitatsiya kurslarini o‘tasalar bo‘ldi.
— Hali davolanishi davom etyapti, degin. Dori-darmon deganday… pul kerak bo‘ladi-ku? Nima qilasan?
— Tog‘amdan so‘rab turarman…
Asqar aka o‘ziga to‘q, badavlat tadbirkor edi. Bir nechta korxonalari ishlab turibdi. Kafelari, choyxonalari bor. Bundan tashqari, shahardan tashqaridagi katta bog‘lari ham yaxshigina daromad keltiradi. U jiyanidan 300 dollarni olar ekan, o‘zini qandaydir noqulay his etdi. Nega endi uning jiyani tog‘asidan qarz so‘rashi kerak?!
— Endi jiyan, gap bunday. Ertaga qurbon hayit bayrami. Men qo‘chqor sotib olib, so‘yib, kambag‘allarga tarqatmoqchi edim. Lekin hadisda, eng avvalo, o‘z yaqinlaringga, ulardan ortsa, begonalarga qilgin degan. Shuning uchun mana bu pulni men senga bermoqchiman.
— Qarzgami?
— Qarzga emas, o‘zingga. Senga hayitlik, jiyan. Yana bir gap, agar qachon senga pul kerak bo‘lsa, bemalol so‘rayver. Axir ukamdan qolgan yolg‘iz yodgorimsan.
— Rahmat amaki! Rahmat..
Anvarjonning ko‘zlarida minnatdorlik yoshlari miltiradi. Kelib, amakisini qattiq bag‘riga bosdi. Asqar aka ham jiyanini bag‘riga bosib, boshini silar ekan, ko‘z o‘ngidan rahmatlik ukasi o‘tdi. O‘sha mash’um avtofalokat bo‘lmaganida edi… U jiyanini kuzatib qo‘ygach, o‘zida ruhiy yengillik his qilib, kayfiyati ham ko‘tarildi. Alloh ko‘ngliga nimanidir solganday bo‘ldi. Qo‘liga telefonni olib, birma-bir undan qarz olganlarga qo‘ng‘iroq qila boshladi.
— Allo, men, Asqar akangman. Senga bergan qarzdan piysabilloh kechdim!
BEHZOD HOJIMATOV