Daniyel Defoning eng mashhur asarlaridan bittasi “Robinzon Kruzo va uning sarguzashtlari” bosh qahramon nomi bilan atalgan asari. Kitob 1719-yilda roman shaklida ingliz tilida nashr qilingan. Asarda 28 yoshli dengizchi Robinzon Kruzoning boshidan kechirgan qiziqarli sarguzashtlari haqida hikoya qilinadi. Baxtga qarshi u o‘tirgan kema xalokatga uchraydi, kemadagi ekipajdagilardan faqatgina u tirik qoladi. Taqdir taqazosi bilan u dengizdagi orollardan biriga tushib qoladi. Bu roman angliyadagi ilk klassik romanlardan biri edi. Roman ilk bora qisqa nashrda, ingliz tilida chop etildi. Asarning yozilishiga bir necha sabablar mavjud. Defo ushbu asar uchun ilhomni shotland dengizchisi Aleksandr Selkirkning hayotidan olgan. Selkirk 1704-yilda kemadagi kelishmovchilik sababli Tinch okeanidagi kimsasiz orolga tashlab ketilgan va to‘rt yil yolg‘iz yashagan. U keyinchalik qutqarilgan va uning hikoyasi keng tarqalgan. 18-asrda ma’rifatchilik harakati kuchaygan edi. Defo bu roman orqali insonning aqli, mehnati va mashaqqatga bardoshli ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan. Robinzon o‘z bilimi va harakati bilan yovvoyi tabiatni o‘ziga bo‘ysundira olgan. Asarda Robinzonning ruhiy o‘zgarishi va e’tiqodi muhim o‘rin tutadi. U boshida o‘zining omon qolishini tasodif deb bilsa, keyinchalik buni sinov ekanini tushunadi va ibodatga berila boshlaydi. “Robinzon Kruzo” oddiy sarguzasht asar emas, balki inson tafakkuri, mustamlakachilik, ma’rifatchilik va axloqiy o‘zgarishlarni aks ettirgan muhim asar hisoblanadi.
Men ko‘p kitoblar o‘qiganman, lekin Daniel Defoning “Robinzon Kruzo” asaridagi bosh qahramon Robinzon Kruzo mening eng sevimli qahramonimdir. U juda aqlli, jasur va sabr-toqatli inson bo‘lib, qiyinchiliklarga taslim bo‘lmaydi va har qanday vaziyatdan chiqish yo‘lini topa oladi. Robinzon Kruzo savdogar bo‘lishni orzu qiladi, lekin ota-onasi uning bu orzusini qo‘llab-quvvatlamaydi. U oxir-oqibat uyidan qochib, dengizga chiqadi va turli sarguzashtlarga duch keladi. Uning sarguzashtlari insonning tabiatga qarshi kurashi, o‘z-o‘zini anglash va hayotdagi maqsadlarni izlash haqida chuqur mulohazalarga olib keladi. U yolg‘izlikda o‘zining ichki dunyosini kashf etadi va hayot haqidagi fikrlarini o‘zgartiradi. O‘z aqli va sabr-toqati bilan orolda o‘ziga uy quradi, ovqat topadi, dehqonchilik bilan shug‘ullanadi va hattoki hayvonlarni boqadi. U orolda 28 yil yashaydi, lekin hech qachon umidsizlikka tushmaydi. Shuning uchun ham u men uchun haqiqiy qahramon! Robinzon Kruzoning menga yoqadigan tomonlari: Mehnatsevarligi – U hech narsaga qaramay, o‘z hayotini o‘zi yaratadi.
Jasurligi – yirtqich hayvonlar va yovvoyi qabilalardan qo‘rqmaydi, ularni yengish yo‘lini topadi.
Aql-zakovati – Har qanday sharoitda ham chiqish yo‘lini topa oladi.
Sabrliligi va kuchli irodasi – Orolda yolg‘iz yashashiga qaramay, hech qachon tushkunlikka tushmaydi.
Robinzon Kruzo, birinchi navbatda, o‘z-o‘zini tartibga solish (dissiplina)ga katta e’tibor beradi. U bir necha dona bug‘doydan ulkan bug‘doyzor, mahalliy jonivorlardan o‘z fermasini yaratadi. Bu ishlarni amalga oshirayotgan vaqtida Robinzon barcha qiyinchiliklarni va yolg‘izlikni unutadi. Amalga oshirilgan ishlar natijasi esa unga ulkan quvonch va baxt olib keladi. Ulkan qayiq yasash va uni suvga tushirish uchun Robinzon 1 yil vaqt sarflaydi, lekin baribir qayiqni joyidan qimirlata olmaydi. Barcha mehnati zoe ketadi. Shunday bo‘lsa-da, Robinzon qilgan ishidan pushaymon bo‘lmaydi. Chunki u ushbu qayiqni u katta ishtiyoq va orzular bilan yasagan edi. Ushbu ish bilan ovvora bo‘lib o‘tgan vaqt Robinzon uchun haqiqiy baxtli davr edi.
Kimsasiz orolda muloqot yetishmovchiligi Robinzon uchun eng katta muammo bo‘ladi. Uni hal qilish, gapirishni esidan chiqarib yubormaslik uchun u dastlab to‘tiqushni gapirishga o‘rgatadi, keyin yangi orttirgan do‘sti Jumavoyga dastlab ingliz tilini, keyin esa turli madaniyat qoidalarini o‘rgatadi. Xulosa qilib aytganda, bu asar o‘ziga xos ahamiyatga ega. Asar inson ruhining kuchi, umid va hayotdagi qiyinchiliklarga qarshi turish qobiliyatini ifodalaydi. Bu roman, shuningdek, sivilizatsiya va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni, shaxsiy tajribalar orqali insoniyatning umumiy tajribasini aks ettiradi.
Shoira Husanova,
TerDU talabasi