Bugungi globallashuv jarayonida yoshlarni ma’naviy va axloqiy tarbiyalash jamiyatning eng dolzarb vazifalaridan biriga aylangan. Axloqsizlik, ma’naviy tanazzul, madaniy o‘zgarishlar oqibatida yuzaga kelayotgan turli ijtimoiy muammolarga qarshi kurashishda tarixiy meros, xususan, allomalarimiz qoldirgan ilmiy-ma’rifiy boyliklar beqiyos ahamiyat kasb etadi. Buyuk allomalarimiz asarlari — yosh avlodni ma’nan yetuk, insonparvar, Vatanga va jamiyatga sadoqatli qilib tarbiyalashda muhim tarbiyaviy vositadir.
Har qanday jamiyatning barqarorligi va taraqqiyoti, avvalo, ma’naviy sog‘lomlikka, axloqiy yetuklikka bog‘liq. Yoshlar — kelajagimiz, kelajak esa ularning qanday inson bo‘lib ulg‘ayishiga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, yosh avlodni ma’naviy va axloqiy jihatdan tarbiyalashda milliy va islomiy qadriyatlar, tarixiy meros, ayniqsa, allomalar tomonidan qoldirilgan ilm-ma’rifat xazinasi muhim tarbiyaviy vosita sifatida qaralishi lozim.
Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Alisher Navoiy, Bahovuddin Naqshband, Mahmudxon Behbudiy kabi allomalar faoliyati xalqimizning ma’naviy olamini shakllantirishda ulkan ahamiyat kasb etgan. Ularning asarlarida inson tabiati, axloqiy muomala, jamiyatdagi burch, ilm va ma’rifatga bo‘lgan muhabbat, adolat va muhabbat kabi umuminsoniy qadriyatlar mustahkam ildiz otgan.
Forobiy ta’lim va tarbiyani insonni kamolotga yetkazish vositasi sifatida ko‘rar edi. Uning fikricha, ta’limning asosiy maqsadi — yoshlarning aqliy va axloqiy rivojlanishini ta’minlashdir. Uning “Fozil odamlar shahri” asarida jamiyatning barqarorligi va taraqqiyoti fozil insonlar tarbiyasiga bog‘liq ekanligi ta’kidlangan. Bu g‘oyalar zamonaviy pedagogika va psixologiyada ham muhim ahamiyatga ega.
Ibn Sinoning ta’limga oid fikrlari yoshlarning intellektual rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan. Bilimga erishish uchun to‘g‘ri usul va usullar muhimdir. Uning asarlarida bilimning ahamiyati va uning axloqiy fazilatlar bilan bog‘liqligiga alohida e’tibor berilgan.
Yurtimizda yashab o‘tgan buyuk mutafakkirlar falsafa, tibbiyot, axloqshunoslik sohalarida ulkan ilmiy meros qoldirgan. Allomalar merosini o‘rganish va uni yoshlarga yetkazish orqali biz nafaqat bilimli, balki axloqli, ma’naviy barkamol va millatga fidoiy yosh avlodni tarbiyalaymiz. Bu esa jamiyat taraqqiyotining asosiy shartlaridan biridir.
Allomalar hayoti va ijodi orqali Vatanga sadoqat, xalqqa xizmat qilish g‘oyalari yoshlar ongiga singdiriladi. Bu esa milliy o‘zlikni anglashga yordam beradi. Ularning asarlari orqali yoshlarni axloqli, bilimli, ma’rifatli va Vatanga fidoyi qilib tarbiyalash mumkin. Zero, ma’naviyati boy xalq — har qanday sinovni yengib o‘tadi.
A.Qodirova
TerDU dotsenti, psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)