Ma’lumki, joriy yil boshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishii bo‘lib o‘tgan edi. Mazkur videoselektor tom ma’noda tarixiy burilish bo‘ldi desam, mubolag‘a bo‘lmas. Yig‘ilishda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalar belgilandi hamda Davlatimiz rahbari tomonidan korrupsiya qarshi kurash va undagi muammolar aniq ravshan tushuntirib berildi. Sohalardagi jiddiy va tashvishli muammolar birma bir tahlil etildi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekanini ta’kidladi. Ma’lumki, so‘nggi yillarda bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha qonunlar qabul qilinib, yangi tizim yaratildi. Parlament palatalarida mas’ul qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va Agentlik tashkil qilindi. Eng muhimi, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratildi. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi o‘rni va ta’siri ortib bormoqda.
Shunga asosan, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev raisligida o‘tgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy Kengashning kengaytirilgan yig‘ilishidagi ma’ruzasidan kelib chiqib o‘tkazilgan partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi qo‘shma yig‘ilishida joriy yilning aprel oyi “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” deb e’lon qilindi. Mazkur oylik doirasida partiya faollari tashabbusi bilan respublikamiz bo‘ylab korrupsiyaga qarshi kurash mavzusida keng qamrovli tadbirlar tashkil etilyapti. Barcha viloyatlar qatorida partiyaning Surxondaryo viloyat Kengashi vakillari tomonidan ham hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish yuzasidan joylarda tadbirlar bo‘lib o‘tyapti. Hududlarda bo‘lib o‘tayotgan “Adolat” SDPning “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” doirasida korrupsiyaga qarshi kurashishni targ‘ib qilish bo‘yicha “Biz korrupsiyaga qarshimiz!” mavzusida tadbirlarda deputatlar, partiya vakillari bilan birga hamkor tashkilotlar xususan, Adliya xodimlari, prokuratura, sud organlari xodimlari va soha vakillari ham ishtirok etishyapti. Tadbirlarda so‘zga chiqqanlar korrupsiya illati va uni ildizi bilan quritish masalalari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bayon etib, O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunida korrupsiyaga qarshi kurashni keng qamrovda olib borish choralari ko‘zda tutilgani, bu borada har bir masalaga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emasligini tushuntirib o‘tishyapti. Tadbirda so‘z olganlar korrupsiya balosidan qutulish, islohotlarni uning changalidan qutqarish sharafli burchimiz ekanligini hamma birdek tushunmog‘i shart ekanligini, poraxo‘rlik va tamagirlikdan tiyila olmayotgan shaxslar jazoga tortilishi muqarrarligini qayd etib tushuntirib borishyapti.
Aytish kerakki, jamiyatda shunday illatlar borki, u ma’lum bir sohaga emas, balki butun jamiyat taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘ladi. Davlatni ich-ichidan yemiradigan ana shunday illat – korrupsiya va poraxo‘rlikdir. Aynan shu illat sababli ko‘plab davlatlarning inqirozga yuz tutgani ham tarixdan ma’lum. Bugungi kunda korrupsiya muammosiga jahonning deyarli har bir mamlakatida duch kelish mumkin. Korrupsiya so‘nggi yillarda xalqaro miqyosda transmilliy jinoyat sifatida keng muhokama qilinayotgan mavzulardan biridir. Taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan O‘zbekiston uchun korrupsiyaning har qanday shakldagi ko‘rinishi islohotlar shiddatini susaytirishi bilan xavfli. Albatta, bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi fuqarolarda korrupsiyaga nisbatan huquqiy ongni oshishida, ularda korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyatga egadir. Tadbirlarda ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga ma’ruzachilar tomonidan aniq va batafsil javoblar berilyapti.Rustam Hamrayev,