Boysun tumanidagi “Temirdarvoza” MFY tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchi Umarali Avliyoyev O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat kengashiga ish beruvchining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, o‘z lavozimiga tiklab, oylik ish haqini undirib berishni so‘rab murojaat qildi.
Murojaat mehnat huquq inspektori tomonidan joyiga chiqib atroflicha o‘rganildi.
Aniqlangan holatlarga ko‘ra, 2024-yil 1-chorak bo‘yicha tuman hokim yordamchisi faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari qoniqarsiz bo‘lganligi sababli ish beruvchi xodimga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo qo‘llagan. O‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima jazosi tayinlangan va mehnat munosabatlarini muntazam ravishda buzgan deb ish beruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini O‘zbekiston Respublikasi MKning 161-moddasi 2-qismi 4-bandiga asosan, 2024-yil 12-avgustdan boshlab bekor qilgan.
O‘rganishda, ish beruvchi intizmoiy jazo qo‘llagan farmoyishlarini uch kun muddat ichida xodimlarga tanishtirmasdan xatoliklarga yo‘l qo‘yganligi hamda mehnat shartnomasini bekor qilishdan oldin xodimdan tushuntirish xati talab qilmaganligigi, intizomiy jazo qo‘lashda bir oylik muddatni o‘tkazganligi, yozma ravishda ogohlantirish xati bermaganligi aniqlandi.
Ish beruvchi manfaati ko‘rilayotgan xodimga nisbatan intizomiy jazolarni qo‘llashda va mehnat shartnomasini bekor qilishda MKning tegishli moddalari talablarini qo‘pol ravishda buzganligi sababli, xodim manfaatini ko‘zlab ishga tiklash haqida fuqarolik ishlari bo‘yicha Boysun tuman sudiga da’vo arizasi kiritildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Boysun tuman sudi, ishning haqiqiy holatiga baho bermasdan, ishni birtaraflama ko‘rib da’volarni rad qildi.
Mazkur fuqarolik ishi apellyatsiya tartibida ko‘rilib, Surxondaryo viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025-yil 16-apreldagi ajrimiga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha Boysun tuman sudining qarorlari batamom bekor qilinib, da’volarni qanoatlantirish bo‘yicha yangi Hal qiluv qarori qabul qilindi va
U.Avliyoyev o‘z lavozimiga ishga tiklanib, 58 731 756 so‘mlik ish haqi va ma’naviy zarar undirildi. Qo‘llanilgan intizmoiy jazolari ham bekor qilinib, haqiqat qaror topdi.
Zarif Xolov,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining
viloyat kengashi mehnat huquq inspektori