Bir-biriga yonma-yon, devor qo‘shni. Birining uyi ko‘kka bo‘y cho‘zgan, ikki qavatli, ikkinchi qavatdagi oynadan butun mahalla kaftdek ko‘rinib turardi.
Ikkinchisi juda oddiy, xatto loy suvoq.
Ikkisida ikki xil hayot. Birida boy-badavlat savdogar, o‘sha hududning obro‘li kishisi bo‘lib, uning bir qiz va bir o‘g‘li bor, ikkisi ham erka va bebosh.
Ikkinchisi o‘rtaxol, ustachilik bilan shug‘illanadigan hunarmand, uning ikki o‘g‘li va bir qizi bor, o‘g‘illarini yoniga olib, ustachilik bilan tirikchilik qiladi.
Kunlarning birida ustaning uyida shovqin eshitildi. Boy o‘rnidan turib, ikkinchi qavatdan qo‘shnisining kaftdek ko‘rinib turadigan hovlisiga nazar tashladi.
Usta ikkinchi o‘g‘lini o‘zboshimchalik qilib, ro‘zg‘origa yarab turgan velosipedini mingani va natijada velosipedning g‘ildiraklariga shikast yetgani uchun qattiq koyib turganini ko‘rdi. Boy bu holatni ko‘rib, miyig‘ida kuldi.
“Bolani ham shunday tergaydimi?” deb, ichida tanqid ham qildi.
Qo‘shnisiga eshitiladigan darajada, ataydan ovozini balandlatib, ayolini yoniga chorlab, erkatoy o‘g‘lining tug‘ilgan kuniga yangi mashina sovg‘a qilishini aytib maqtanib ham qo‘ygan edi.
Mahallada ikkisi ham birdek aziz.
Mahalladagilar birini boyligi uchun hurmat qilishsa, ikkinchisini mehr-oqibatliligi va kamtarligi uchun hurmatlaydi.
Birining uyida ikki kelin qaynota va qaynonatasini xizmatini qilib, ularning boshlarida girdikapalak bo‘lishsa.
Ikkinchisining uyida ikki nafar xizmatkor, bir erkak va bir ayol xizmat qilardi.
Taqdir taqozosi bilan vaqti soati yetib, ikki qo‘shni oila boshliqlari bir haftada birin-ketin bu dunyoni tark etdi. Xonadonlari har xil, yashash tarzi har xil bo‘lgani bilan janozalariga bir xil odam yig‘ildi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmadi. Boy xonadonning erkatoy o‘g‘li, yoshligida bir ishning etagidan muqim tutmaganligi sabab, og‘ir holatga tushib qoldi va hashamatli uyini sotib, oddiyroq uy sotib olishni reja qildi.
Xaridor oddiy qo‘shnining, mehnatkash va bir-birlariga mehribon bo‘lgan ikki o‘g‘li bo‘ldi.
Iqbol Yusuf