Davlat yoki xususiy sektorda ishlaymizmi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanamizmi, topayotgan daromadimizdan soliq ushlanib qolishini yaxshi bilamiz. Albatta, pulni yerdan supurib olmayotgan ekanmiz, bir tiyinimizni ham tejab-tergab ishlatamiz. Qaysidir san’atkorning bir dasta dollar ko‘tarib, “shoping” qilishi, hali u, hali davlatda sayohatda yurishi-yu, o‘sha davlatlardagi shaxsiy uylari, mashinalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali havas bilan kuzatamiz.
Bir umr ishlab ham bir kunimizni ana shunday o‘tkaza olmasligimizdan afsuslanishdan avval, bizdan-da nochor oilalar borligi shukrimizni yo‘qotmaslikka undaydi. Mana shunday dabdababozlik, o‘zlarida borini ko‘z-ko‘z qilish esa ularga qimmatga tushishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.
2027-yil 1-yanvardan boshlab sanʼatkorlardan daromad soligʻi majburiy tartibda undiriladigan bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahrida oʻtkazilgan matbuot anjumanida Soliq qoʻmitasi raisi birinchi oʻrinbosari Mubin Mirzayev maʼlum qildi.
«Sanʼatkorlar, qoʻshiqchilar amaldagi tartib boʻyicha deklaratsiya toʻldirishi va oʻz daromadlarini koʻrsatishi kerak. Shu asosda soliqqa tortilishi lozim. Tan olish kerakki, juda koʻp sanʼatkorlar bunga rioya qilmayapti. Oʻz daromadlarini toʻliq deklaratsiyalamayapti. Shu sabab ulardan soliq undirilmayapti. Hozir xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish doirasida qaror loyihasini tayyorlayapmiz.
Biz sanʼatkorlarga 2025- va 2026-yillarda daromadlar deklaratsiyasini toʻgʻrilab, topshirish boʻyicha imkoniyat beramiz. YAʼni, kamchiliklari boʻlsa, koʻrsatib, toʻgʻrilashga yordamlashyapmiz. 2027-yil 1-yanvardan boshlab agar ular oʻz daromadlarini toʻliq koʻrsatmasa yoki soliqlardan qochsa, biz soliq nazorati tekshiruvlari oʻtkazib, soliqlarni hisoblaymiz va undiramiz», degan qoʻmita maʼsuli.
Mubin Mirzayevning aytishicha, Oʻzbekistonda 18 million nafardan ortiq jismoniy shaxs daromadga ega va ularning barchasi soliq toʻlashi lozim.
Sanʼatkorlardan daromad soligʻi undiriladi
Date: