Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sherobod tumanida bayram tantanasi ko‘tarinki kayfiyat va yuksak shukuh bilan o‘tkazildi. Bayram shodiyonalarida xalqimizning istiqlolga bo‘lgan ehtiromi, Vatanga muhabbati va ertangi kunga ishonchi o‘z ifodasini topdi.
Tantanali tadbirda Sherobod tumani hokimi Usmon Alimov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni ulug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etdi. Tabrikda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, erishilgan yutuqlar va xalqimiz hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, tumanda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari, zamonaviy ijtimoiy obyektlarning barpo etilishi, ta’lim sohasida yaratilayotgan yangi imkoniyatlar hamda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan loyihalar alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng bayram tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan rang-barang badiiy-musiqiy dastur bilan davom etdi. Jo‘shqin kuy-qo‘shiqlar, nafis raqslar va ijodkorlarning chiqishlari yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Bayramning kutilgan mehmonlaridan biri — taniqli san’atkor Janob Rasul Sherobod ahli uchun unutilmas musiqiy dastur taqdim etdi. San’atkor o‘zining mashhur qo‘shiqlarini jonli ijroda kuylab, barchani Mustaqillik bayrami bilan muborakbod etdi. Uning chiqishlari tomoshabinlar tomonidan katta olqishlar bilan kutib olindi.
Jo‘shqin musiqa, jonli ijro va samimiy tilaklar uyg‘unlashgan bayram tadbiri Sherobod ahliga ko‘tarinki kayfiyat va yorqin taassurotlar ulashdi. Tantanalar xalqimizning birdamligi, Vatanga muhabbati va istiqlolga shukronalik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

