Antiqa motivatsiya

Date:

Ishimdan dam olishga ruxsat so‘ragandim. Bir oy dam olishimga qog‘ozcha yozib berdi. Lekin to‘g‘risini aytsam, damning ham dami chiqib ketdi. Ishimga ketib yurgan davrim boshqacha ekan. Bir hafta o‘tar-o‘tmas xotinga xizmatkor bo‘lib qoldim. Osh suzib kelsa, qoshiqqa meni yuboradigan bo‘lib qoldi. Choy damlasa, “piyolani olib boravering”, deb ish buyuradi. Bolalar hali yosh. Xotinni o‘zi ham yosh. O‘qiyman, ishlab karera qilaman deb yoshni o‘tkazib uylandim. Uylanganda ham o‘zimdan naqd 15 yosh kichik qizga uylandim.
Mana shu yerida adashdimmi deb o‘ylab qolaman. “Yosh xotin umr egovi”, degan gap xuddi shundan bo‘lsa kerak. Mana hozir unga sovuq tushyapti, “kuyovlik choponni sandiqdan olib qo‘y”, deganimga to‘rt kun bo‘lyapti. “Vaqtim bo‘lmadi”, deb, o‘g‘lini ko‘tarib qo‘shninikiga sut chiqargani kelganlar bilan gap sotgani ketyapti.
Nomiga bir shoxi yo‘q sigirning ikki piyola sutini bonkaga solib jo‘nadi. Shugina sutda nima gunohki, siqib qaymog‘ini olsang? Menginamni siqib suvimni shinni qilib ichding-ku, deb so‘kdim.
Ellik gramm ham yuzida o‘zgarish bo‘lmaydi. Yo‘q, men yosh bolaga uylangan ekanman-u, ammo diydasi o‘ta qotib ketgan va erga qayishmaydiganiga uylanibman.
Alamdan chiqquncha ichib olib odamlarga o‘xshab xurrak otib uxlagim keladi, biroq aroq o‘lgurni ko‘rsam allergiya tutadi. Aksirganim aksirgan. “Bor-e” dedim-da, otamning yengi kuygan paltosini yelkamga ilib ko‘chaga chiqdim. “Mast bo‘lsang, mozorga bor”, degan dono xalqimiz. Bir ko‘ngilni yozay deb qabristonga yo‘l oldim. To‘g‘risini aytsam, birorta ochiq qabr bo‘lsa, biror soatga kirib uxlab ham olmoqchi bo‘ldim.
Battar ezildim. Mamarayim qassob ham o‘libdi. Yonida yana bitta yangi qabr, bolalar qabristoni tomon ham ancha kengayib boshlabdi. O‘lim ko‘payibdi shekilli. Yo‘q, meni negadir qabriston havosi ham bosmadi. “Hayyu-hayt” deb, boshim oqqan tarafga qarab ketaverdim. Qachon shu xayollardan arisam, uyga qaytaman. Biror hafta bo‘lsa ham tentirab yuraman.
Yo‘l yoqalab ketaversam, bir damas tinmay signal chaldi. “Bor-e” degancha shartta to‘xtatib, o‘tirib oldim. Oldi o‘rindiqni bir semiz xotin egallab olgan ekan. To‘g‘risi, shu xotinlarni damasning oldi o‘rindig‘iga o‘tirishiga vooopsheyem qarshiman!
O‘rta o‘rindiqda bir yigit bilan qiz. Bir-biriga musichadek yelka tashlab o‘tiribdi. Sevishganlardir degan yaxshi o‘y bilan orqa o‘rindiqqa o‘tirdim. Ana endi yosh boladay bo‘lib kataysa qilib ketyapman. Balki shu yo‘li bilan tinchirman deb o‘yladim.
— Yaxshimisiz, Bahodir?
Oldi o‘rindiqdagi semiz xotin menga luqma tashladi.
— Yaxshi, rahmat.
— Bolalar yaxshimi? Katta bo‘lishyaptimi? Zaynab xolam bilan Abdurahmon amakim yaxshimilar?
— Rahmat, ular ham yaxshi.
Xotin tinmay savol berardi. Onamni dugonasimikan, desam, bir o‘n yoshlar farq borga o‘xshaydi. Kim ekan deb, boshimni qashlab turganimda, o‘zi yana gap boshladi.
— Tanimadingiz-a?
— Shuni eslolmay turgandim. Dangalini aytib qo‘yaveray.
— Ha-a, umr o‘tib ketyapti. Odam bir-birini ko‘rib turmasa shu-da. Men sinfdoshingiz Shohistaman. Bakirova Shohista.
Yer yorilmadi, yerga kirib ketmadim.
Shu kap-katta xotin meni sinfdoshimmi-a? 20 yil bo‘libdi maktabni bitirganimizga. Sinfdoshlar biror marta uchrashmaganimizdan keyin qayerdan bilaman? Yuzim qizib ketdi. Yana bir nomiga so‘rashib qo‘ydim. O‘sha men ishqida tentak bo‘lib, sigirimizni qorniga o‘roq tiqib o‘ldirganimga sababchi Shohista. O‘sha men zarda qilib, daladagi somonga o‘t qo‘yib yuborganimdagi Shohista. Bir payt, boyagi ikki sevishgan deganim uning bolalari bo‘lib chiqdi. Ikki yer yorilib, yerga kirgim keldi. “O‘g‘lim” degani menga — yo‘q, soqolni qo‘yib olgan. (Bizni urug‘imiz sal ko‘saroq). Sekin ko‘z oldimda xotinim bilan Shohistani chamaladim. Xotinimdan naqd to‘rt barobar katta. O‘sha payt uylansam, hozir onam tenggi ayolni eri bo‘lib yurarmidim???
Boshim yana achiy boshladi. Xullas, endi gap kelib, ichadigan erini yomonlay ketdi. Atay qilgandek, erini yomon tomonlarini sanayapti. Balki bu bilan “mana, senga tegsam bo‘larkan”, deyaptimi? To‘g‘risi, bunisini tili xotinimga qaraganda o‘ta yomon edi. Bu govda bilan meni… o‘ylamaymane…
Xotinimgaku zarda qilib, so‘kib xumorimdan chiqaman. Bunga uylansam, odam so‘kishga ham ikkilanib qolarkan-ku. Xotinim bu payt ko‘zimga anavi chet el kinolaridagi, boshida kattaroq uzukka o‘xshagan halqasi bor bo‘lib ko‘rinib ketdi. Shundoq yo‘lga qarasam, hali uncha uzoqqayam bormapmiz. Shartta tushib qoldim. Damaschi yo‘l puli ham olmadi. Tag‘in sinfdoshimga to‘latib yurma tag‘in, deb dag‘dag‘a qilib ham qo‘ydim. Haydovchi kulib qo‘ydi. Kim bilsin, balki u ham bolasidir.
Eyeye, ko‘nglim yozdagidek bo‘lib, uyga qaytyapman. Qirchillama yoshdaman. Yoshgina xotinim bor. Baloday oylik berib turgan ishim bor. Mendan baxtiyor odam yo‘q ekan. Sinfdosh qizlarning hammasi shunday qarib qolganmikin-a? Zo‘r bo‘ldi. Farhod ham bir mahallar Shohistani men bilan talashib, qornimga shoxa suqmoqchi bo‘lgan. Yo‘lda shuni uyiga kirib, enamday qarib qolgan qiz uchun menday yaqin jo‘rasini o‘ldirmoqchi bo‘lganini bir eslatib o‘tay.
Nuriddin Ziyo

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Rahbarlar kitob ulashdi

“O'zbеkiston – kitobxonlar yurti” shiori ostidagi V Rеspublika...

“Chashma”dan birgalikda foydalanamiz

Oʻzbеkiston va Qirgʻiziston “Chashma” bulogʻidan birgalikda foydalanish boʻyicha kеlishuvga...

Milliy liboslar namoyish etildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.Mahkamova raisligida 2025-yil 19-mart...

Mehnati muvaffaqiyat keltirdi

“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi - 2025” kasbiy ko‘rik-tanlovining respublika...
KunTun
KunTun