Dilnoza Normamatova bugun sho‘x-shaddodlikdan yuqori aql va salohiyat uyg‘un bo‘lgan, maqsadlari sari dadil odimlayotgan, yoshlikning har lahzasini mazmunli tashkil etayotgan qiz. Dilnozaning ijtimoiy tarmoqlardagi kuzatuvchilari esa, darhaqiqat, uning energiyasiga havas qilishadi. Xuddiki 21 yoshli qizning udda eta olmas biror ishi qolmaganini ta’kidlashadi. Rostdan ham, Dilnoza bugun aytar so‘ziga ega, o‘ziga ishonchi baland kadr…
Payqashgan, iqtidorimni shakllantirishgan
Dilnoza hali bola kezlaridayoq uyidagilarning yaxshi ma’noda bezor qilgan “bezorisi” edi. Uning energiyasi tuganmas, bir yerda turib qolishni istamasdi. Bir qarasangiz, raqs tushayotgan, bir qarasangiz, nimadir buzg‘unchilikning boshida turgan bo‘lardi. Onasi bunga barham berishning yo‘lini topdi. Raqs bilan mashg‘ul bo‘lsin; ham bo‘sh vaqti kam bo‘ladi, ham uyga sal charchagan holda qaytsa, energiyasi susaysa, “quloq tinch bo‘ladi”.
— Meni ilk marotaba “Barkamol avlod” bolalar markaziga olib kelishgani hamon esimda, — deydi Dilnoza Normamatova. — Matluba Davxonovaning go‘zal qiyofasi, nozik harakatlari maftun qilib qo‘ygandi o‘shanda. Ilk saboqlaridan ko‘z uza olmaganim uchundir juda tez raqs elementlarini o‘zlashtirdim. Yana va yana o‘rgangim kelaverardi, raqs tushgan sari men nimani istashimni, taqdirim nima ekanligini tushuna borardim.
“Chuchvarani xom sanashgan” oiladagilar Dilnozaning yangi so‘roqlariga javob topa olmay qiynalishardi, uning esa energiyasi tugay demasdi. Iqtidori-yu iste’dodi olmosday sayqallanarkan, ota-onaning ham bir tashvishi o‘n bo‘ldi. Hali bir necha oylik raqs tushish ortidan asosiy tarkibda tanlovda qatnashishga ishonch bildirilgan Dilnoza his qila olmagan mas’uliyat uning ota-onasi uchun yurak hovuchlab kutilgan kun edi. Dilnozaning motivatsiyasi so‘nib qolmasmikan, yutqazsa, qanday ahvolga tushadi?!
— Uyning erkasi emasmanmi, meni hamisha qo‘llab-quvvatlashgan, — deydi Dilnoza. — O‘shanda “Barkamol avlod” festivalida ilk bora ishtirok etib, g‘olib bo‘lganman. Festivalning respublika bosqichida ham ishtirok etdik. Mening quvonchimdan ko‘ra ota-onamning hayajoni baland edi. Ular men bilan har nafasda yonma-yon bo‘ldilar. Men ularning ishonchini qozona oldim — men ularning kutganlarini uddalay oldim.
Raqqosalik — otarchilig-u o‘yinchilik emas, u san’at
Poytaxtdan yuzlab kilometr olisdagi hududlarda raqs hamisha ham oqlanadigan, qo‘llab-quvvatlanadigan san’at turi emas. Ayniqsa, uyning erkaklari bu san’atni qizlariga ravo ko‘rmaydilar, bo‘yi yetgan qizining bu san’atda bo‘lishiga qarshilik bildiradilar. Qahramonimiz ham bunday sinov bilan obdan siylandi, sinaldi. Uning ham raqs bilan xayrlashishi odamlarning gap-so‘zlari bilan hisoblashish sabab paydo bo‘lgan fikr edi…
— Men dadamni tushunaman, u kishi mening kelajagimni o‘ylab, raqsni tark etishimni so‘raganlarida, rozi bo‘ldim, — deydi Dilnoza. — Lekin hammasi ana shundan so‘ng boshlandi, men musiqa eshita olmay qoldim, hayotim rangsiz tus oldi. Zulmatga g‘arq bo‘la bordim. Kayfiyatim yo‘q, umidim, maqsadlarim yo‘qlikka singishganday edi.
Suyukli qizining qiyofasini ko‘rgan otaning yuragi bo‘lmadi, u Dilnozani eshitdi, san’atga qaytishi uchun sharoit yaratdi, har nafas u bilan hamnafas bo‘ldi. Qizlarni bejiz otalar bilan bog‘lashmaydi. Uning ideali ham, suyanchi-yu tayanchi ham otalardir. Dilnoza uchun bu ikki karra mas’uliyat edi, hali kichik jussasiga ishonch yukini yuklagan san’at ishqibozining endigi maqsadlari aniq edi. U ota-onasini faxrlantira oladigan qiz bo‘lishi shart.
— Ota-onalar raqsga qiziqqan qizlari uchun sharoit yaratar ekan, bir so‘zni aytishadi, — deydi Dilnoza. — “Bizga raqqosa qiz kerak emas, qomatini tik tutsin, sog‘lom bo‘lsa kifoya”. Raqs bu san’at. Uni otarchilik, o‘yinchilik bilan farqlay olmaslik ortidan asl san’atkor yoshlarning iste’dodi ko‘kka sovrilmoqda. “Odamlar nima deydi” degan puch qarashlar ortidan san’atsevar qizlar hayotining mazmunidan — sevimli mashg‘ulotidan ayrilishayotir.
Darhaqiqat, hali yoshgina qizning bu fikri diqqatimni tortdi, san’atni sevgan insondan yomonlik chiqmaydi, axir. Qarashlarimiz jamiyat qarashlariga moslashishi shart emas, ulardan yuqoriroq fikrlash ham mumkin. “Sharq qaldirg‘ochi” deya ta’rif etilgan Tamaraxonimning iste’dodi ham “o‘zbekchilik” qurboni bo‘lganida, 6 yoshli umidlari osmon qiz — Tamaraning orzulari tuproqqa qorilganida bugungi o‘zbek raqs san’ati ham asliyatidan uzoqlashgan bo‘lardi. Ana shunda raqs — otarchilik, o‘yinchilik bilan bog‘liq qolardi aniq.
Surxon meni qo‘lladi, “Surxoncha” muvaffaqiyatga yo‘lladi
“Besh tashabbus olimpiadasi”ning “Milliy raqs” yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni ham aynan “Surxoncha” raqs bilan qo‘lga kiritgan Dilnoza Normamatovaning muvaffaqiyatlariga surxoncha ohanglar zamin hozirladi. Ilk bora raqs to‘garagiga kelganidayoq “Surxoncha” raqs bilan ustozining e’tiboriga tushgan edi, festivalda ham ushbu raqs bilan g‘olib bo‘lgandi. Yillar davomida turli musobaqa va tanlovlarda ham bu ohang uning uslubiga aylandi, u ijodni sevdi-ardoqladi, ohangni his etdi. Bari bejiz ketmadi. U har safar alohida e’tirof etildi. Ammo “Besh tashabbus olimpiadasi”da zamonaviy raqs bilan ishtirok etmoqchi bo‘ldi. Hammasi ajoyib. Respublika bosqichida ustozlar uning uslubi aynan milliyligini aytishib, viloyatga “quruq” qaytarishdi…
— Shu tanlovdan keyin 12 yillik faoliyatim ko‘z oldimdan o‘tdi — men san’atning milliy yo‘nalishida natijalarga erishganimni o‘ylab, qattiqroq va qat’iyroq kirishdim, — deydi Dilnoza. — Keyingi mavsumda “Surxoncha” raqs bilan tanlovning hamma bosqichida g‘olib deb topilib, respublika bosqichida ham ishtirok etdim. Ishonasizmi, tanlovdagi chiqishimdanoq raqiblarim ham, hakamlar ham g‘olib ekanligimga sha’ma qilishgandi.
Qahramonimiz iqtidorini san’at zargarlari yuqori baholashdi, raqiblarning ham bu borada tan berishgani bejiz emasdi. Dilnoza nafaqat yaxshi raqqosa, balki yaxshi xoreografdir. U raqsni ijro etmaydi, uning boshidan oxiriga qadar o‘zi sahnalashtiradi, maqsadni o‘zi belgilaydi. Shu bois ham uning chiqishlari doim ham yorqin bo‘ladi.
Uning bu chiqishlari yangicha umid va motivatsiya berdi. U o‘z bilganlarini yoshlarga o‘rgatishni istadi, raqsga e’tibor qaratdi — unga ishonch bildirgan 35 nafar yosh qizaloqning tanlovlarda g‘olib bo‘lishi uchun jon kuydira boshladi, lekin…
Kichik va sharoitlari mavjud bo‘lmagan xonada mashg‘ulotlar qumga singgandek taassurot uyg‘otardi, xolos. Susaygan e’tibor esa iste’dodlarni shunchaki yo‘qotish bilan barobar edi.
“Hokim bir so‘zli odam ekan…”
“Hokim va yoshlar” uchrashuvi tashkil etilganida taklif va mulohazalarini o‘rtoqlashgan yoshlarni jiddiy tinglagan, arzirli va muhim deb hisoblagan, tashabbuslarga imkoniyat berishini aytayotgan viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovning susti bosdimi, g‘oya va tashabbuslarning ko‘pligi-yu
so‘roqqa tutgan hokimning salobati sabab bo‘ldimi Dilnoza o‘ylab qo‘ygan, oylar davomida miyasida pishitib qo‘ygan tashabbusini aytishga kuch topa olmay ancha o‘ylandi.
— Navbat menga yetib, o‘zimda kuch to‘plab shogirdlarim uchun to‘garak xonasi kerakligini aytib, amaliy ko‘mak so‘radim, — deydi Dilnoza Normamatova. — Hokim esa: “Yurtboshimiz san’atga yuksak e’tibor qaratayotgan pallada yoshlarga sharoit yarata olmaymizmi? Qizim, siz ijodda davom eting, bir haftada muammo hal bo‘ladi”, dedilar. Quvonishimni ham bilmayman, ishongim ham kelmaydi. Bir haftada joy topib, uni jihozlashga ulgurish mumkinmi?! Shunchaki gapmikan, deb ham o‘yladim, rosti. Hali bir hafta o‘tmasidan meni shahar “Barkamol avlod” bolalar maktabiga chaqirishdi. Qadrdon maskanda biror tadbir bo‘lsa kerak-da, deb o‘ylab yo‘lga otlandim.
Dilnoza kelganida hamma uni tabriklar, uning faoliyatiga muvaffaqiyat tilashardi. Ko‘zquvnatar xona esa to‘garak uchun tayyor edi. Sharoit yetarli, faqat mehnat qilish kerak.
— Shogirdlarimni chaqirdim, quvonchim ichimga sig‘masdi, — deydi Dilnoza. — Viloyat hokimining markazga tashrifi chog‘ida esa bizning to‘garakda ham bo‘lgani esa mening faoliyatimning yangi bosqichga ko‘tarilganidan darak edi. Hokimimiz bir so‘zli odam ekan, hech bir murojaatni bee’tibor qoldirmaydi, har birining natijasi bilan qiziqadi. Shu-shu, “Nafosat” raqs maktabi faoliyati gullab-yashnamoqda.
Raqs qo‘rquvlarni yo‘qotadi
Bugun yuzdan ziyod qizaloq ishonch bildirgan “Nafosat” raqs maktabi o‘z faoliyatini boshlaganida Dilnozaning mahoratiga ishonqiramagalar yetarlicha edi. Ularning e’tirozlari, musiqiy ta’limdan xabari bor-yo‘qligi bilan qiziqib, Dilno-
zaning yoshligini vaj qilishlari esa shunchaki yonib turgan qizga suv sepish bilan barobar edi. Sinmadi, susaymadi, bunday savollarga vaqt ajratishni suymadi — Dilnoza uddaladi. Bugun uning shogirdlari g‘oliblar safida. Garchi hali o‘zi yosh bo‘lsa-da, ustozlik bobida ancha talabchan.
— Shogirdlarimning ota-onalari menga ishonch bildirmagan, bir-ikki hafta sinash uchungina qizlarini menda qoldirgan paytlari bo‘lgan, — deydi Dilnoza Normamatova. — Hozir o‘sha qizaloqlar turli tanlovlar g‘oliblaridir. Ishonch mo‘jiza yarata oladi, hech bir ishtirokimiz muvaffaqiyatdan bebahra bo‘lmaydi.
“Dance fusion” xalqaro tanlovi haqida xabar topgach, Dilnoza va uning shogirdlari yangi repertuar tuzishga kirishdi. Qahramonimiz uchun yangicha uslub, o‘zi xos yondashuv muhim. U shogirdlarining potensialini hisobga olar ekan, musiqa ritmiga moslaydi, raqsga jon ato etadi. Zotan, “raqs — vujudning tarjimoni” deb bejiz aytishmagan.
— “Dance Fusion” xalqaro tanlovida oltita davlatdan o‘nlab jamoalar ishtirok etdi, — deydi Dilnoza. — Maktabimiz qizlari milliy raqs namoyishi bilan ishtirok etdi. Natija esa kutilmagan: “Eng yaxshi jamoaviy chiqish” yo‘nalishida g‘olib deb topilgan esak, “Eng yaxshi yakkaxon chiqish” yo‘nalishida Gran-prini qo‘lga kiritdik. Qolaversa, “Eng yaxshi milliy raqs xoreografi” sifatida meni e’tirof etishgani esa xoreograflik faoliyatimdagi eng yorqin yutuqlardandir.
17 yillik umrning mahsuli bu
17 yillik muddatning aksari o‘rganish, ustozning yo‘rig‘iga tayanish bilan o‘tdi. Shu bois ham ustoz ko‘rgan shogird yanglig‘ tezda o‘z yo‘lini topa olgan, tanigan Dilnoza Normamatovaning qaysarligi, otasining doimiy qo‘llab-quvvatlashi, onasining daldasi, ustozlarining ko‘magi va shogirdlarining ishonchi bu muvaffaqiyatlar kalitidir.
Dilnoza esa zafarli odimlar bilan qaynoqtaft Termizning har bir soniyasiga munosib bo‘laveradi. Zero, uning qalbi musiqa ohanglariga esh, raqs ila ko‘nglidagilarni izhor etish san’atini yosh avlodga o‘rgatayotir. Bundan ortiq baxt ham yo‘q aslida…
Xurshid Karshiyev,
Jonibek Qo‘zimurodov
(surat)