Mutolaa eng yaxshi, eng zavqli mashg‘ulot. Bu zavqni his etish uchun faqat va faqat o‘qish kerak. O‘qiganda ham eng sara, mazmunli asarlarni. Shu sababdan ham yosh-u katta kitobxonlikka targ‘ib qilinadi.
Kitob o‘qiyapsizmi, nutqingiz ravon, so‘zingiz ma’no kasb eta boshlaydi. Fikrlaringiz teran, qarashlaringiz o‘tkirlashadi. Kechagidan bugun o‘zingizning o‘zgarganingizni his etsangiz, ertaga esa undandan-da balandroq zinaga ko‘tarilishingiz aniq. Kamolot cho‘qqisi ana shunday pillapoyalardan ko‘tarilish bilan qiziq. Kitob o‘qigan insonlarning suhbati ham mazmunli, fikrlari mushohadakor bo‘ladi. Uyalmaslik uchun ham, izza bo‘lmaslik, davradan qolmaslik uchun ham o‘qigan odam hech qachon yutqazmaydi.

Ha, bizni kitob birlashtiradi, do‘stlashtiradi. Iqtidor va salohiyatimizni yuzaga chiqaradi. Viloyat bolalar kutubxonasi tomonidan 2-aprel — “Xalqaro bolalar kitoblari kuni” munosabati bilan “Kitob bizni birlashtiradi” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda ham ana shunday shukuh hukmron bo‘ldi.
Tadbir bahonasida kitob ko‘rgazmasi tashkil etildi. “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” kitob aksiyasi esa ota-onalarning tanlovi bilan farzandlarga eng sara adabiyotlar tanlandi, tuhfa etildi. Viktorinalar, shoir va yozuvchilar bilan ijodiy uchrashuvlar esa ishtirokchi yoshlarni qizg‘in bahslarga, adabiyot olamiga sayohat qilishga undadi. Davra suhbatlari esa kitobxon yoshlarning o‘z fikrlarini erkin bildiruvchi minbar vazifasini o‘tadi.

Erta tongdan boshlangan navbatdagi tadbirda ham Termiz shahridagi 16-, 13- va 10-, 1-umumta’lim maktablarining iqtidorli, kitobxon o‘quvchi-yoshlari ishtirokida tayyorlangan dastur bilan boshlandi. Kitob o‘qishning foydalari haqida buyuk allomalarning, olim-u shoirlarning fikrlari barchani g‘aflat uyqusidan uyg‘otgandek bo‘ldi.

Mavzuga aloqador sahna ko‘rinishi esa barchaning e’tiborini tortdi. Musiqiy tannafusda esa milliy ohanglar, bu ohanglarga xirom aylagan qizlarning raqsi bilan yanada qiziqarli o‘tdi. Tadbir dasturi bo‘yicha chiqishlar davom etar, bir chekada esa 1-maktabning 4-sinf o‘quvchi Lobar Mahmudova esa qog‘oz qoralash bilan band edi. Qiziqib, kuzatgan borki, yosh musavvir qizning chizgilari, ranglardan mohirona foydalanib, ajib san’at asari yaratayotganiga tahsinlar o‘qishgani aniq. Tadbirdan, tengdoshlarining chiqishlaridan ilhomlangan Lobar bugungi kunni o‘z suratiga muhrladi.

— Bugungi tadbirni tashkil etishda kutubxonamiz xodimalari Dilorom Yazguliyeva, Dilrabo Primova, Mahliyo Mamadmurodova, Xolida Shaymanovalarning xizmati katta bo‘ldi, — deydi Viloyat Bolalar kutubxonasi direktori S.Olimov. — Muhimi, bolajonlarning vaqtlari mazmunli o‘tdi. O‘quvchi-yoshlarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirishda qo‘ldan kelgancha harakat qilib, mana shunday haftalik, tadbir-u kechalar o‘tkazishdan to‘xtamaymiz.

Mehmon tariqasida taklif etilgan vohamiz taniqli ijodkorlari so‘zga chiqib, yoshlarni kitobxonlikka chorladi. O‘qishning foydalarini so‘zlashdi. O‘z ijodidan namunalar o‘qishib, yoshlar kayfiyatini yanada ko‘tarishdi.
— Maktabimiz o‘quvchilari shahrimizda bo‘ladigan bayram-u tadbirlarda doimo tayyor va faollik ko‘rsatib kelishadi, — deydi Termiz shahridagi 16-maktab kutubxonachisi Gulnoza Shabirova. — Bugun ham ular o‘z iqtidorlarini namoyish etishdi. O‘ylaymanki, chiqishlarimiz barchaga manzur bo‘ldi va kitobga oshno etish vazifasini udda eta oldik.

Ushbu tadbir kitob o‘qishga qilingan eng yaxshi targ‘ibot bo‘ldi. Yoshlar tilidan tengdoshlariga, do‘stlariga kitob o‘qish lozimligining uqtirilganini kuzatib turib, targ‘ibot faqat tilda qolmasligini, o‘z natijasini berishini istardik. Telefondan uzoqlashib, qo‘liga kitob olgan yoshlar safi bittaga bo‘lsa-da ko‘paysa, demak bugungi sa’y-harakatlar beiz ketmapti deya olamiz.