Salohiyatli, har jabhada bilimdon va jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shadigan mutaxassislarni tayyorlash bugungi kun talabi. Bilim esa bevosita sinov imtihonlari orqali aniqlanadi. O‘qishga, ishga kirishda yoinki malaka toifasini oshirishda, o‘z yo‘nalishiga mos ravishda test sinovlaridan o‘tkazish borasida, jamiyatga malakali kadrlarning kirib kelishi, iqtidorli yoshlarning oliy ta’limga qadam qo‘yishida Bilim va malakalarni aniqlash agentligi tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning intizomi va test jarayonlaridagi puxta nazorat, korrupsiyadan xolilik bunda muhim.
To‘g‘ri, ilgari imtihonlarga opa-singil, aka-ukalar, egizaklar, o‘xshash chehrali insonlarda bir-birining o‘rniga imtihonga kirish holatlari uchrab turardi. Yoki boshqa turli yo‘llar bilan imtihonlardan o‘tish payida bo‘ladigan fuqarolar ham tajribamizda bo‘lgan.
Biroq bugun bu kabi holatlarning oldini olish, test jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni, adolatni ta’minlash ustuvor masaladir.
O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni, shuningdek, davlatimiz rahbarining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori kabi bir qator hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida agentligimiz tomonidan zarur choralar ko‘rib kelinmoqda.
Bilim va malakalarni baholash agentligining viloyat bo‘limiga zamonaviy, barcha shart-sharoitga ega yangi bino foydalanishga topshirilganki, ushbu binoda bir smenada 1000 nafar talabgor test sinovlari topshirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Hozirgi kunda ushbu binoda chet tilini bilish darajasini aniqlash, umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimi, muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar berish uchun ularning jangovar va ma’naviy-ma’rifiy bilimini aniqlash, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik haqidagi hujjatlarni tan olish, shaharsozlik va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalari mutaxassislariga sertifikat berish, ichki ishlar organlariga ishga kiruvchi nomzodlar uchun, rahbar kadrlar va mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va boshqa test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.
Korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida har bir o‘tkaziladigan test jarayoni oldidan viloyat Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan binolarda taqiqlovchi vositalar bor-yo‘qligi nazoratdan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Qolaversa, testga kiradigan talabgorlarning FaceID qurilmalari yordamida shaxsi aniqlanadi. Bundan tashqari, test sinovlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, test sinovlari to‘liq videokuzatuvga olingan, malakali oliy ma’lumotli pedagoglardan iborat guruh nazoratchilari jalb qilinmoqda.
Korrupsiyaning ildiziga bolta urishga qaratilgan barcha chora-tadbirlar shaffof va adolatli mexanizmni yanada mustahkamlash, mamlakat yuksalishiga hissa qo‘shadigan va sohasini gullatadigan kadrlarning bilim va malakasini ro‘yirost yuzaga chiqarish, hech qanday
qing‘irlikka o‘rin qoldirmaslik,
bir so‘z bilan aytganda, qozonda
borini cho‘michga chiqarib berishga qaratilgan.
Yoqubjon KARIMOV,
Bilim va malakalarni baholash
agentligi viloyat bo‘limi boshlig‘i