Dehqon erta tongda uyg‘onib, eng avvalo, mo‘jazgina tomorqasida barq urib turgan qulupnaylaridan xabar olardi. Biri-biriga navbat bermay yam-yashil barglar orasidan qizarinib ko‘rinishga urinayotgan qulupnaychalar ham “salom” deya sekin bosh ko‘targandek, dehqonning yuragi bir entikib ketardi. Choy-poyini ichiboq, qizaringan qulupnaylarni avaylab savatiga joylab, bozor tomon otlanardi. Chuni shu qulpnaylar uning kundalik yumushi ham, daromad manbayi ham edi. Atigi 2 sotixgina yeridan u har yili mo‘maygina daromad olib, yildan yilga qulupnaylarga boshqacha mehr qo‘ydi. Chunki bolalarining og‘zi qizardi, dasturxoni to‘kin, usti-boshi ham shu mittigina mevalar sabab but edi. Bu esa dehqonga qilayotgan mehnatidan zavq olish hissini berardi.
Kunlarning birida dehqon qo‘shni qishloqqa mehmonga borib qoldi. U tomonlarda esa suvi mo‘l, tuprog‘i unumdor. Nima eksang, barq urib, mo‘l hosil beradigan yer afsuski, qarovsiz yotardi. Negadir yuragi boshqacha og‘ringan dehon uy egasiga, “shu yerga qulupnay yoki bodringmi, pomidormi eksangiz qanday bo‘larkin”, deya maslahat soldi. Yerga mehr berib yurgan odamga bo‘zlab yotgan yerning ingranishi boshqacha og‘riq bergandi o‘shanda. Biroq uy egasi, “Bu yerga ekin ekkandan foyda yo‘q, undan ko‘ra yaqinda chet elga ketadigan bo‘lib turibman, to‘y qilishim, mashina olishim kerak, arzimagan qulupnayning puliga bularni qilib bo‘larmidi” deya mehmonni uyaltirmoqchi bo‘ldi. Mehmondorchilik ham shu taqlid yakun topib, dehqon o‘yga cho‘mib uyga qaytdi. Uyida esa uni issiqxonasida barq urib turgan qulupnaylar kutib oldi.
Oradan vaqt o‘tib, boyagi odam xorijga ishga ketdi, dehqon esa tomorqasidagi issiqxonani yanada kengaytirib, qulupnay bilan birvarakayiga bodring-pomidor yetishtirishga tutindi. Xorijda zo‘r berib ishlayotgan qarindoshi avvaliga yaxshigina pul yuborayotgani dehqonning qulog‘iga chalinardi. Dehqon esa chetdan keladigan bu pullarga parvo ham qilmay, zo‘r berib tomorqada mehnat qildi. Uning ham o‘ziga yarasha orzu-havasi, dasturxon yozib elga to‘y berish niyati bor edi. Shu yili hosil chunonam yaxshi bo‘ldiki, dehqonning xonadoniga baraka yog‘ildi. Birgina tomorqasidan to‘y qilib, kelin olib, mehnatining huzurini ko‘rdi.
Xorijda yurgan qarindoshi ham to‘y qilish orzusida ishga ketganini bilgan dehqon u chet eldan qaytib kelgach, “Bizga nima xizmat to‘yni ham boshlab oldingizmi”, deya hol so‘ragan bo‘lib, yangi mashinasida tag‘in mehmondorchilikka bordi. Bu safar quruq bormadi, o‘zi yetishtirgan qulupnay bodringlardan ola bordi. Bozorda har kilosi falon so‘m qulupnaylarni bolalariga yedirish orzu bo‘lib turgan qarindoshi ko‘zlariga ishonmasdan “Nahotki, tomorqaning orqasidan o‘g‘lingni uylab, mashina olgan bo‘lsang, bunga ishonish qiyin” deya bosh chayqadi.
Dehqonga havasi kelib, og‘ziga bir dona qulupnay soldi, biroq chet elda u ishlayotgan zavod kasodga uchrab ishlagan pullarini ololmay, to‘y qilish tugul, “ikki qo‘lini burniga tiqib” qaytgani alam qilib, og‘zidagi qulupnay halqumiga tiqildi. Dehqonning yerga mehr bersang, u seni boqadi, yuzingni yorug‘ qilib, qorningni to‘qlaydi, degan maslahati esiga tushib, qulupnayni bazo‘r yutdi, shirasi og‘zida qoldi…
Adolat MO‘MINOVA