Dastavval, elektr yoritgichni ixtiro qilgan olim Tomas Edison (qabring nurga to‘lgur)ni alqashimiz, imkonimiz yetsa, duoyi salom yo‘llashimiz lozim. Albatta, uning bu bo‘lajak ixtirosi zamirida yaqqol ezgulikka xizmat, insoniyatning zulmatga cho‘mgan oqshomlarini yog‘duga chulg‘ash bosh g‘oya bo‘lgan. U yillar davomida bu ezgu yo‘lda oromidan kechib, tun-u kun aziyat chekarkan, kelajak avlodlarni, ya’ni bizni o‘ylagan desak, sira xato bo‘lmaydi. Zero, barcha ezgu ishlarning tag zamirida xalq hayotini farovonlashtirish, insoniyatga nisbatan mehr-oqibat, odam bolasiga nisbatan muhabbat va shafqat tuyg‘usi bosh g‘oya bo‘lib xizmat qilganligiga shubha yo‘q.Masalan, g‘ildirakni kashf etgan odam ham bu orqali odamlarning uzog‘ini yaqin, yukini yengillatishni mo‘ljal qilgan. Ya’ni iste’dodli yozuvchi O‘tkir Hoshimov “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobidan joy olgan “G‘ildirak” hikoyasida shunday yozadi:“G‘ildirakning yaratilishi dunyodagi eng katta kashfiyot bo‘lgan. Ammo g‘ildirakni kashf qilgan odam uni to‘xtatish, “tormozlash” yo‘lini o‘ylamagan bo‘lishi mumkin emas!Ustoz Ozod Sharafiddinov “shunchaki”, “kezi kelganda” aytgan bir gap tagida teran ma’no borligini keyinroq tushundim. G‘ildirak-ku, insonning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qildi. Lekin dumalab ketayotgan g‘ildirakni to‘xtatishning hech iloji bo‘lmasa, qanday fojialar ro‘y berishini tasavvur qilib ko‘ring!So‘ng tag‘in bir gap esimga tushdi. Maktabda birga o‘qigan uchuvchi do‘stimdan “Samolyot boshqarishda eng qiyini nima?” deb so‘raganimda “Qo‘nish”, degan edi… Bas, ma’lum bo‘ldiki, hatto eng ezgu ishni ham avval oqibatini o‘ylab, keyin qilish kerak ekan…”
Hikoyadan olinadigan xulosa shuki, insoniyat tarafidan hayotimizga “tiqishtirilayotgan” har bir yangilikning sabab va oqibatlari obdan tahlil qilinib, zararidan foydasi ko‘proq bo‘lgan taqdirdagina ommaga taqdim etilishi kerak. Ushbu jarayondagi eng muhim tadbir — g‘ildirakni o‘z vaqtida to‘xtata bilishdadir. Zero, hayotimiz, butun turmush tarzimizni har tomondan xuddi chirmovuqdek chirmab olgan zararli urf-odatlar, rasm-rusumlar xuddi tormozi yo‘q g‘ildirakka o‘xshaydi. O‘z vaqtida to‘xtay olmagan har qanday chavandoz, oxir-oqibat, jarlikka qulashi shubhasiz. Sun’iy intellekt nima deydi?
Sun’iy intellektga qo‘ygan savolimizga shunday javob oldik. “O‘zbek to‘ylari an’anaviy va juda ko‘plab marosimlarni o‘z ichiga oladi, lekin ba’zan ularda isrofgarchilik ham kuzatilishi mumkin. Isrofgarchilikning ayrim sabablari va undan qochish yo‘llari haqida gaplashaylik.Isrofgarchilik sabablari:
1. Keng miqyosdagi to‘ylar: to‘yda ishtirok etuvchilarning soni ko‘p bo‘lishi, ko‘p miqdordagi musiqabozlik va haddan ziyod o‘yin-kulgi.
2. Haddan tashqari pul sarflash: to‘ylarda oziq-ovqat mahsulotlarining me’yoridan ortiqchaligi, dabdaba va as’asa, kiyim-kechak va boshqa xarajatlarda haddan tashqari ko‘p mablag‘ sarflash kuzatiladi.
3. Raqobat: oila va tanish-bilishlar o‘rtasida raqobat muhitining paydo bo‘lishi tufayli isrofgarchilik yuzaga keladi.
4. An’analar: ba’zi an’analar o‘z vaqtida aniq zaruriyatlarga javob bergan bo‘lsa-da, bugungi kunda ularni bajarish zarur emas. Isrofgarchilikni kamaytirish yo‘llari:
1. Soddalikka o‘tish: to‘ylarni sodda va samarali o‘tkazish, ortiqcha bezaklardan foydalanmaslik;
2. Oziq-ovqat miqdorini rejali ravishda belgilash;
3. Mehmonlar sonini aniqlash: to‘yga taklif qilinadigan mehmonlarni aniq belgilash yordamida isrofni kamaytirish;
4. Eko-madaniyat: tabiatga zarar yetkazmaslik maqsadida qayta tiklanadigan materiallardan foydalanish.Isrofgarchilikni kamaytirish unutilmas to‘ylar tashkil etish uchun muhimdir. Umuman olganda, to‘y — bu odamlar birgalikda nishonlaydigan ma’naviy tadbir ekanini unutmaslik kerak”.
So‘nggi yillarda o‘zbekka xos to‘y va marosimlarni kuzata turib, tormoz qismi ishdan chiqqan g‘ildirakka qiyosladim. Boshqaruv tizimi (jilov) harakat jarayonidagi g‘ildirak egasining qo‘lida emas. U go‘yoki yoydan uzilgan kamondek vizillab, nishon sari uchib ketmoqda. Havodagi parvozi chog‘ida uni to‘xtatib qolmoq dushvor. Uning sabab va oqibatlari haqida esa o‘q yoydan chiqishidan avval o‘ylab ko‘rilishi kerak. Aks holda, aslo oddiy xalqning kosasi oqarmaydi. Eng ajablanarlisi, bu bir butun mexanizmga aylanib ulgurganligida. Ya’ni siz istasangiz ham, istamasangiz ham, “ommaviy madaniyat”ga bo‘ysunishga majbursiz. Bu yerda turli xil bahonalar, vaj-karsonlar hech qanday ish bermaydi. Zero, siz uchun butun ra’iyat, jamoatchilik hukm chiqarib bo‘lgan-u uni bajarishdan bo‘yin tovlash mumkin emasdek. Hukmingiz tayin, shikoyatga esa o‘rin yo‘q. Arz-u shikoyat omma tomonidan aqli noqislik deb qabul qilinadi.Ijtimoiy tarmoqlar, internet va o‘zbekona to‘ylar…Internet sahifalari va ijtimoiy tarmoqlarga joylanayotgan “shoh”ona to‘ylar aks etgan videolarni ko‘rib, kishining aqli shoshadi. Ortiqcha dabdababozlik, isrofgarchilikdan tashqari, ularning har birida qandaydir yangicha rusum, yangicha odatlar ko‘zga tashlanadi. Va banogoh, yuragingizga qo‘rquv oralaydi, nima bo‘lsa ham shu odatlar bizgacha yetib kelmasin-da. Pachkalab pul sochishlar, yarim yalang‘och raqqosa va otarchi qizlarning beo‘xshov qiliq va harakatlari ko‘ngilni aynitar darajada bachkana. Yuqorida sun’iy intellekt eslatmasi orqali to‘ylarimiz ma’naviy tadbir ekanligini yana bir karra yodga oldik. Xo‘sh, ma’naviyat tushun-chasi nima o‘zi? Unga qanday erishiladi? Umuman, hozirgi to‘ylarimizga ma’naviyat tushun-chasining biror-bir aloqadorlik yeri bormi o‘zi? Javob esa – yo‘q. O‘zaro hurmat-izzat bilan boshlangan to‘y tantanalari oqibatda ommaviy sharobxo‘rlik, aralash-quralash erkag-u ayollar ijosidagi raqqoslik, odob-axloq me’yorlariga mos kelmaydigan baqir-chaqir, bachkana qiliqlar avj olgan to‘s-to‘polonga aylanib ketadi. Erkaklarga xos kiyingan qo‘shiqchi qizning betiyiq xatti-harakatlari ertag-u dostonlar, ajnabiy filmlarning salbiy qahramonlari singari jin va ajinalar timsolida namoyon bo‘la boradi. Eng ajablanarlisi, mobil telefonlarining kamerasini ayol “xonanda”ga tutgan yosh-u qari birdek, hech tortinmasdan xuddi sirk attraksioni atrofida aylanib olib, maymunni tomosha qilgandek alfozda tushuniksiz g‘imirlashadi. Bundan ilhomlangan “xonanda” battar xiromon qiladi.Kelin-kuyov atrofida jam bo‘lib g‘ujg‘on o‘ynayotgan kuyovjo‘ralar oyog‘i yerdan uzilib, irg‘ishlab sakrashadi. Davra qizigandan qiziydi. Kimdir kimningdir yalang‘och bilagidan tortqilagan, kimdir sherigining belidan quchib, dast ko‘targan; chiyillagan qichqiriqlardan quloq qomatga keladi. Voqealar jarayoni yana ham “qiziq”, esda qolarli. “Mahallada duv-duv gap” filmidagi qahramonlar ta’biri bilan aytganda, mahallada “duv-duv” gap bo‘ladigan beo‘xshov harakatlar tizimli davom etaveradi. Qisqa, qop-qora soqol qo‘ygan novcha bir yigit oshnasining yelkasiga o‘tirib olib, davradagilardan bir bosh baland bo‘lib, go‘yoki ot choptirib chavandozlik qilayotgandek, uloq chopayotgandek.To‘y egalarini o‘rtaga olib, to‘n ilayotgan, pul qistirayotgan qarindosh-urug‘larni-ku tushunsa bo‘ladi, ammo kuyovjo‘ralarning bachkanaliklari sira kurakda turmaydi.Kredit oling, to‘y qiling! Bachkanaliklar nihoya topmaydi. O‘zbekni ortiqcha orzu-havaslar, urf-udum va yangidan yangi paydo bo‘layotgan rasm-rusumlar zinhor o‘stirmaydi. Oyog‘idan zanjirband qiladi. Bu urf-udumlar o‘g‘il uylayotgan, qiz chiqarayotgan xonadon sohiblarini hech erkin nafas olishga yo‘l qo‘ymaydi. Doimo xayolda bitta o‘y – elning oldidan o‘tishim kerak. Ya’ni bir necha o‘n millionlarni qulog‘idan yetaklab ketadigan, oldi-keti yo‘q to‘y xarajatlari. Baraka topsin deymiz-u, ammo botqoq sari yetaklaydigan shu kredit balosi to‘y va marosimlarimizga ham “ora” kirdi. To‘y va marosimlarga ketadigan xarajatlarning zanjirsimon bu halqasi oddiy fuqaroning tomog‘idan g‘ippa bo‘g‘ishi tayin. Bir paytlar ota-bobolarimiz tomonidan aytilgan, “Qarz ol-u xotin ol, xotin yoningga, foydaga qoladi”, degan naql musulmonchilikka unchalik mos kelmaydi, chog‘i. “Avvallari qiz chiqarish osonroq edi, deydi notanish bir suhbatdosh. Nari borsa, bitta kichikkina qo‘y so‘yish bilan to‘y o‘tib ketardi. Ilgari qiz chiqargan odam to‘yni imi-jimida o‘tkazib qo‘yardi. Ya’ni qiz uzatayotgan otalarda ozgina bo‘lsa-da, xalqdan qisinish, tortinish bor edi. Eslaymiz, ilgarilari qishloq joylarda qiz chiqargan xonadonda to‘y bo‘lganligini birov bilib, birov bilmay qolardi. Qiz chiqarish to‘yini ovoza qilishdan otalar oz bo‘lsa ham istihola qilishardi. Hozir esa teskarisi. Kattakon to‘yxonalarni band etib, to‘kin-sochin dasturxon yozib, butun qishloq ahli to‘yga chaqiriladi”. Qumqo‘rg‘onlik muallimning hikoyasiYaqinda uylandim. To‘ydan bir-ikki kun avval bo‘lajak kelin bilan bozorga chiqdik. Ayrim urf-odatlar haqida oz-moz eshitganim bor, qarasam, bo‘lajak kelin men uchun bosh-adoq kiyim-bosh tanlay boshladi. Eng ajablanarlisi, paypoqdan tortib ichki kiyimgacha kiyintirish kelin tarafga majburiy rusum bo‘lgan ekan. Ota-onamiz bizni halol yedirib, ichirib katta qilgan emasmi, bu holatni ko‘rib, butun badanim muzlab, o‘zimdan o‘zim uyalib ketdim. Kelinga qarab, o‘z e’tirozimni bayon qildim. “Menga qara, men hali o‘zimdan qolganim yo‘q. Bu nima qilganlaring! Yig‘ish-tiringlar maynavozchilikni! Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, men to‘yni qaytilish qilaman”, deya g‘azabimni oshkor qildim. Shundan so‘ng bu holatga barham berdik.Hammasidan qizig‘i to‘ydan keyin bo‘ldi, shu desangiz. To‘yning ertasi kuni ertalab, kelinning singlisi kichkinaroq bir tovoqda somsa ko‘tarib kelibdi. O‘zimcha, ha, shunchaki kelishgandir-da, deb o‘ylabman. Qarasam, indini kuni ertalab yana tovoqda qanaqadir ovqat olib kelgan ekan. Buning sababini kelindan so‘rasam, emishki, to chilla chiqqunicha har kuni ertalab kelinning singlisi bizga ovqat tashir ekan. Uchinchi kuni ataylab kelinning singlisini kutib o‘tirdim. Qarasam, yana ovqat olib kelgan. Shunda bexosdan jahlim chiqib ketdi. “Nima, men senlarga gadoymidim, har kuni ovqat tashiysan? Bundan keyin ovqat tashiganingni ko‘rmayin, agar gapimga ko‘nmasalaring, ana, opangni o‘zing bilan birga olib ketaver”, deb qat’iy e’tiroz bildirdim. Muallimning bu gaplaridan, rosti, hayratlandim. E, bor ekan-ku haqiqiy mard, tanti yigitlar, deb yuborganimni o‘zim sezmay qolibman. Uning bu jo‘mardligiga tasanno aytdim. Bu gaplardan so‘ng o‘ylanib qoldim. Oriyatsiz ayrim yigitlar kelinning hisobidan to‘ygacha bosh-adoq kiyintirilganligini sira hazm qila olmadim. Bu hali xarajatlarning boshlanishi. Katta to‘y jo‘natish degan rasm bor. Kuyovning yaqinlari kelin tarafga katta to‘y boshlab kelishadi. Tovoq qaytarish degan udum bor. Unga ko‘ra, kelin tomoni kuyov tarafga kattaroq bir sovg‘a jo‘natishi lozim. Sport kiyimi yoki kostyum-shim, televizor, muzlatkich yoinki sovutkich. Hozir maishiy texnika olishdan osoni bormi, bitta pasport-u plastik karta bo‘lsa kifoya. Kredit ol-u — xotin ol! Xotin foydaga qoladi. Oqibatda bank muassasalarining ketmoni baland uchaveradi. Yangi oila qurgan ikki yosh esa qarz botqog‘iga botgan ko‘yi bir necha yil qora terga botib mehnat qilishi, kerak bo‘lsa, xorijga chiqib ishlab kelishi zaruratga aylanib qoladi. Yoki bir qarzni ikkinchi bir qarz bilan yopishni odat qilganlar ham uchrab turadi bu hayotda. O‘ylaysan-da, mantiq qani? Bir ota-ona qizini yillar mobaynida tarbiyalab o‘stirib, oliy ma’lumotli qilib, bu ham yetmaganidek, uzatayotganida kuyov bolani bosh-adoq kiyintirib, yana kamiga maishiy texnika olib berishi, bu endi, ochiqchasiga qaroqchilik emasmi?! Ayrim yigitlar uyatni ham yig‘ishtirishib, qiz tomondan tama qilishni odat qilishganligi haqiqiy fojia. Bu kabi bizga yot rasm-rusumlarni bir paytlar qaydadir o‘ziga to‘q boy-badavlat odamlar o‘ylab topishgan-u bugungi kunda oddiy o‘rtamiyona xalq bu udumlarni davom ettiramiz deb beli uzilmoqda. Nega qora va yana qora?!! E’tibor qaratsangiz, so‘nggi yillarda qora rang ongimizdan, odatlarimizdan oq rangni siqib chiqarishga ulgurdi. Avvallari kelin to‘ylarga irim qilib, qora rangli mashinalar qo‘shilmas edi. Endi esa teskarisi, hamma narsaning qora tuslisi qadrliroq, qimmatroq, nufuzi ham balandroq. Odamlar hatto kelin to‘ylarda ham oqdan ko‘ra qora rangni ustun ko‘radigan bo‘lishdi. Go‘yoki bu qora rangga o‘chlik butun ong-u shuurimizni egallab olgandek. Yaqin kelajakda kelinlar to‘y kuni qora fata kiyishmasa yaxshiydi, degan bir andisha bor.Din bu borada nima deydi?Hadisi shariflarda: “Kimki bir yomon odatni chiqarsa, unga o‘sha odatning gunohi bo‘lur va shuningdek to qiyomatga qadar o‘sha yomon odatga amal qilganlarning ham gunohi o‘sha odamga bo‘lur”, deyiladi. Ba’zi bir ulamolarning aytishiga qaraganda, kuyov taraf kelin tomondan hatto bitta cho‘p olishga ham haqli emas. Zero, yaxshi farzandni tarbiyalab voyaga yetkazishdan ko‘ra yaxshiroq amal yo‘q. Urf ekan deb, yuzdagi pardani sidirib tashlash faqat nodonlargagina xos xislatdir.Kuyov qizga mahr berishi majburiydir. Barcha xarajatlarni kuyov taraf qilishi kerak: ko‘rpa-to‘shak va boshqa ashyo-buyumlar ham shular jumlasidan.Kelinning sepiga qarab baho berish kaltabinlik. Har qanday erkak o‘ziga jufti halol tanlayotganida, avvalo, uning odobi, hayosi, tarbiyasiga e’tibor qaratmog‘i durust. Mol-dunyo – bir kunlik, hayo va ibo esa boqiy tushunchadir. Islom dini isrofgarchilik va ortiqcha dabdababozlikni qoralaydi. Ortiqcha xarajatlarni qisqartirib, orttirilgan mablag‘ni farzandlar tarbiyasi, ilm-fan va ezgu amallarga sarflashlik afzaldir.
Xulosa
Manaman degan rivojlangan davlatlarda to‘y va bazmlar juda tor doirada o‘kaziladi. Bazmda sanoqligina odam ishtirok etishadi. Bunday yo‘l tutishga ularni pulsizlik emas, aksincha, hayot sinovlaridan o‘tgan bilim va tajriba undaydi. Bizdagi singari to‘kin-sochin to‘y berish ular uchun borib turgan aqlsizlik, mantiqsizlikdir. Ya’ni ular o‘zgalarni yedirib-ichirish orqali rozi qilishga, dabdabozlik bilan hayratda qoldirishga intilishmaydi. Bozor iqtisodi kishidan tejamkorlik va omilkorlikni talab qiladi. Inchunin, qorni to‘q odamga taom berish, suv to‘la idishning ustidan yana suv quyishga mengzaydi. Shu o‘rinda ma’raka va marosimlar haqida ham gapirmasak bo‘lmaydi. Musibat bo‘lgan uydan taom yeyish mantiqan olib qaraganda, odobsizlikdan o‘zga narsa emas. Marhumni qabristonga qo‘yib kelishgan kundan mehmonlarga taom berish boshlanadi. Yettisi o‘tgach, to qirqigacha har payshanba kunlari “shom oshi” berilishi bir qadar ortiqchadek. Boshidan musibati arimagan oila boshida xarajat ustiga xarajat boshlanib ketadi. “Shom oshi”da ham tumonat odam yig‘iladi. Chaqirilgan, chaqirilmagan insonlar kelib, xuddi to‘yda o‘tirgandek taomxo‘rlik qilishadi. Ma’rakalar haqida-ku aytmasa ham bo‘laveradi. Dasturxonning to‘kinligini ko‘rib, to‘y bilan ma’rakaning farqiga bormasligingiz tayin. To‘y bilan ma’raka dasturxoni o‘rtasidagi farq – spirtli ichimlikda qoldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun aksariyat vatandoshlarimiz kelajak avlod tarbiyasi bir chetda qolib, bor mablag‘ini ma’raka va marosimlarga tikishmoqda. Oilalarning to‘y va marosimlardan keyingi moddiy ahvoli hech kimni qiziqtirayotgani yo‘q. “Eng yaxshi investitsiya — bu ta’limga qilingan investitsiya”, deb bejiz aytilmagan. Sizningcha, millatni oyog‘idan tortib, kambag‘allik sari yetaklovchi keraksiz urf-odatlar, rasm-rusumlardan voz kechishning vaqti yetmadimikin? Toki asosiy e’tibor ilm-fanga qaratilmas ekan, o‘zimiz yaratgan urf-odatlarga qul bo‘lib qolaveramiz. Urf-odatlar esa hech nihoya bilmaydi. Xulosa esa o‘zingizdan.
Xolmuhammad TOG‘AYMURODOV