“Issiqxonachilikni drayverga aylantiramiz!” yoxud 5 sotix yeri bor odam kambag‘al emas

Date:

“Marketing qirolichasi” deya e’tirof etiladigan menejer-ekspertning bir gapi diqqatimni tortdi: “Agar sen katta pulga ochilmoqchi, muvaffaqiyat qozonmoqchi bo‘lsang, mehnatga ochil, o‘z ishingni sidqidildan sevib, zavq bilan bajar, eng avvalo, xalqqa xizmat qilish oliy burchim deb bajar, ana shunda sen pulning emas, pul sening ortingdan ergashib yuradi”. Oltinsoylik Akrom Turdiyev ham xuddi shunday yo‘l tutdi. Va bugun el orasida tajribali tadbirkor, ishbilarmon sifatida nom qozondi. Mehnati evaziga bugun Oltinsoyda sitrus mevalarni yetishtirish bo‘yicha o‘ziga xos maktab yaratdi. Issiqxonachilik faoliyatini 14 sotix tomorqasida limon yetishtirishdan boshlagan qahramonimiz bugun oilaviy biznesini kengaytirib, bir gektar yerda limon, mandarin hamda apelsin yetishtirib, birgina o‘tgan yilning o‘zidayoq 500 million so‘m sof daromad ko‘rdi. Rejani katta olgan mirishkor bu yilgi foydani ikki baravar oshirib, bir milliard so‘m daromad ko‘rishni maqsad qilgan. Imkoniyati ham, o‘ziga nisbatan ishonchi ham baland tadbirkor tumanning “Mingchinor”, Tog‘ay Murod hamda “Xo‘jasoat” mahallalarida issiqxonachilikni, ya’ni sitrus mevalar yetishtirishni drayver sohaga aylantirmoqchi. Qahramonimiz “Mingchinor” mahallasida hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan yilda limonchilikni mahallada kengaytirish bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirib ulgurgan edi. Ayni vaqtda esa xalq deputatlari Oltinsoy tuman Kengashi deputati bo‘libgina qolmasdan, Tog‘ay Murod mahallasi raisi sifatida ham ko‘plarga bosh bo‘lib kelmoqda. Shuning uchun ham shu kungacha 200 ta oilada limonchilikni tashkil etgan bo‘lsa, tag‘in 300 ta xonadonda issiqxonachilikni yo‘lga qo‘yib, aholining tomorqadan unumli foydalanib, daromadli bo‘lishiga erishishni maqsad qilgan. Tom ma’noda tomorqani xazinaga aylantira olgan mirishkorning tajribasi elga tatiyotir.

— Bugun kambag‘allik haqida juda ko‘p gapirilmoqda, kambag‘alligini ro‘kach qilayotganlar ham, ming afsuski, oramizda ko‘p. Aslida besh sotix tomorqasi bor odam hech qanaqasiga kambag‘alman deyishga haqi yo‘q, — deydi Akrom Turdiyev. — Chunki tomorqasiga issiqxona qursa, besh sotix yerga 60 tup limon ko‘chati ekish mumkin. 60 tupning har biridan 50 kilogramdan hosil olinganda ham 3 tonna limon sotsa bo‘ladi. Bozorda limonning kilosi 20-25 ming so‘m bo‘lib turganda, endi bu yog‘ini o‘zingiz hisoblab olavering. Qolaversa, eng ishyoqmas, dangasa odam ham bemalol limon yetishtirishi mumkin. Bu o‘simlik nozikta’b, e’tibortalab, mehnattalab emas. Ustiga ustak, qator oralariga to hosilga kirgunicha kartoshka, pomidor, bodring ekib, hosil olib, ro‘zg‘origa yaratishi yoinki issiqxona uchun bankdan olgan kreditini so‘ndirishi mumkin. Odamda faqat xohish va ozgina harakat bo‘lsa, issiqxonachilikdan yaxshigina daromad topsa bo‘ladi. Ko‘pchilik xorijga oshiqadi, oson pul topishga ishqiboz bo‘ladi, biroq bilingki, mehnatdan qochgan, tomorqasini yastantirib, chakalakzorga aylantirib, yengil-yelpi pul topaman, degan odam katta xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘ladi. Tomorqa — xazina. Undan maqsadli foydalanmas ekanmiz, ishimiz yurishmaydi, oldimizdagi imkoniyatni oyoqosti qilsak, uning uvoli bor, albatta. 2008-yildan buyon issiqxonachilik bilan shug‘ullanib kelayotgan tashabbuskor tadbirkor, xalqparvar deputat hamda mahalla oqsoqoli sifatida ko‘plarga o‘rnak bo‘layotgan Akrom Turdiyev o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga va ish o‘rgatishga, kerak bo‘lsa, ko‘chatni qanday ekish, issiqxonaning qanday qurilishigacha o‘rgatib, to hosil olib daromad topgunicha, yordam berishga, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga tayyor ekanligini biz bilan suhbatda baralla aytgani kishini quvontiradi. Mahalladoshlari, tumandoshlari ham ish o‘rgansa, daromad topsa, sharoitini yaxshilasa va hayotini farovonlikka olib chiqsa, Akrom Turdiyev ham quvonadi.

Bugungi kunda issiqxonachilikni drayverga aylantirish borasidagi tashabbusini viloyat hamda tuman mas’ullari ham qo‘llab-quvvatlashmoqda. Joriy yilning 30-yanvarida tomorqachilikni rivojlantirish masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz bilan onlayn muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan tadbirkor katta sahnadan turib, bu yil 300 ta xonadonda issiqxona tashkil etib, sitrus mevalar yetishtirish bo‘yicha drayver yaratishga va’da berdi. Ayni vaqtda, qahramonimizdan boshqa tumanlardan kelib, limonchilik bo‘yicha mahorat darsini olayotganlar talaygina. Tajribasini o‘rganib, o‘z hududida ommalashtirayotgan bo‘lg‘usi tadbirkorlarni A.Turdiyev hamisha qo‘llab-quvvatlaydi, maslahat va tavsiyalari bilan ularni yanada pishiq ishlashga undaydi. Tinib-tinchimaydigan, lekin kamtar va kamsuqum tadbirkor Yurtboshimizga bergan va’dasining ustidan chiqish, aholining ish bilan bandligini ta’minlab, ro‘zg‘origa baraka kiritish barobarida, tumanda kambag‘allikka o‘rin qoldirmaslik maqsadida issiqxonada sitrus mevalar yetishtirish tajribasini 300 ta xonadonga o‘rgatib, limonchilikni mahallaning drayver sohasiga aylantirishga allaqachon kirishgan.

— O‘zim yoshlikdan tomorqamizda mehnat qilib katta bo‘lganim va halol mehnat, peshona teri bilan topilgan rizqda baraka borligini yaxshi anglaganim uchun ham farzandlarimga ham tomorqada mehnat qilishni o‘rgatdim, — deydi Akromning otasi Abdumurod Turdiyev. — Bugun nevaralarim ham shu issiqxonachilikka, uzumzorlarimizga mehr qo‘yib, biz bilan bir qatorda mehnat qilishmoqda. Dehqonchilikning nonini yeb katta bo‘layotgan bolalarim va nevaralarimga doim, elning xizmatida bo‘linglar, odamlarga qo‘ldan kelganicha yaxshilik ilininglar va mehnat qilganlarni qadrlab, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatinglar, deb uqtiraman. Tomorqachilik bu aslida tarbiya. Ham jismonan, ham ruhan tarbiya topgan inson hech qachon kam bo‘lmaydi. Shuning uchun ham bugungi kun odamlariga, yoshlariga qarata bir narsa degim keladi: “Yerni seving, unga ishonch va mehnat kerak, ana shunda sizga u bitmas-tuganmas baraka bulog‘ini ochib qo‘yadi”. Bundan ko‘rinadiki, tashlandiq, keraksizdek tuyulgan har qarich yer yaxshi niyat, mehnat va tirishqoqlik sabab baraka manbayiga aylanishi shubhasiz. Besh nafar farzandini ham mehnatga tutintirgan Akrom Turdiyev mehnatsevarligi, halolligi, qolaversa, yaratuvchanligi bilan hurmatga sazovor bo‘ldi. Uzumzor va limonzorlar barpo etib, el dasturxoniga noz-ne’matlar ulashishga bel bog‘ladi. Qishin-yozin sarxil mevalar bozor rastalarini to‘ldirib tursin, yetishtirilgan hosil yaxshi saqlansin, deya 400 tonnalik muzlatkich qurdi. Qishloqdoshlari tomorqasida yetishtiriladigan hosilni ham muzlatkichda saqlashga yordam berdi. 12 nafar fuqaroning bandligini ta’minladi. Limon bilan bir qatorda, issiqxonalarida apelsin va mandarin barq urib turganini ko‘rsangiz, ko‘zingiz quvnaydi. Yetishtirilayotgan sitrus mevalari esa nafaqat mahalliy bozorga, balki eksportyorlar ko‘magi bilan Rossiyaga ham eksport qilinmoqda. Suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish, tomchilatib sug‘orish orqali yuqori hosil olish evaziga mahsulotning tannarxi kamayib, daromad ortishiga nima deysiz? Qahramonimiz kamtarona mehnatlari evaziga 2024-yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Rahbar, xalq vakili, daromadi yuqori tadbirkor Akrom Turdiyev elim deb yashab, jon kuydirib, oddiy insonlarning ham hayotda o‘z o‘rnini va daromad manbayini yaratishiga hissa qo‘shar ekan, insonning mehnat tufayli yuzi yorug‘, kelajagi ham porloq bo‘lishini bot-bot takrorlaydi. Suhbatimiz yakunida qahramonimizning tomorqadan unumli foydalanib, erishayotgan natijalari, topayotgan daromadlarini ko‘rib, qaqrab, qarovsiz yotgan yerlar ko‘z oldimdan o‘tgani rost. Qaniydi, o‘sha yerlar egalari ham o‘zidagi dangasalik va befarqlikni yengib, yer bilan tillashib, Akrom aka bilan fikrlashib, ishini o‘rganib, tomorqasini gullatib qo‘ysa va shu orqali ro‘zg‘orini tebratsa, kambag‘allik tushunchasi unut bo‘lishi shubhasiz.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ichki turizm yarmarkasi” tashkil qilindi

Ichki turizmni rivojlantirish, mavjud turizm obyektlariga aholining e’tiborini jalb...

Hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi

Yurtimiz dunyoning rivojlangan davlatlari bilan xalqaro savdo va iqtisodiy...

Urinish besamar ketmadi

Sportning turlari ko‘p. Har bir sport turi esa alohida...

TerDUda Navro‘z shukuhi

Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z shodiyonalari qizg‘in tus olgan ayni kunlarda...
KunTun
KunTun