Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonlig‘ hargiz

Date:

Turkiy adabiyotning eng mashhur vakillaridan biri, o‘zining ijodiy faoliyati va kuchli siyosati bilan dunyo tarixida o‘chmas nom qoldirgan buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur Amir Temurning munosib vorislaridan bo‘ldi. Uning avlodlari esa ko‘p yillar davomida dunyo siyosatiga katta ta’sir ko‘rsata oldilar. Shu tariqa Bobur ulkan sulola asoschisi sifatida tarixda qoldi. Boburning nozik ta’bi, musiqaga bo‘lgan qiziqishini barcha juda yaxshi bilardi.
Ayniqsa, uning serjilo turkiyda yozgan “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan joy olishi yuksak ehtiromga sazovordir.
Yoshligidan adabiyot, nafis san’at, tabiat go‘zalligiga mehr qo‘ygan Zahiriddin, barcha Temuriy shahzodalar singari bu ilmlarning asosini otasi saroyida yetuk ustozlar rahbarligida egalladi. Biroq uning betashvish yoshligi uzoqqa cho‘zilmadi. 1494-yili otadan yetim qoldi.
12 yoshida otasi o‘rniga Farg‘ona ulusining hokimi etib ko‘tarilgan Bobur qalamni qilichga alishtirib, Andijon taxti uchun raqiblarga qarshi kurashishga majbur bo‘ldi. Bobur ukasi Jahongir Mirzo bilan murosaga kelish uchun unga yon berishga Farg‘ona ulusini ikkiga taqsimlab, yarmini ukasiga topshirishga qaror qildi va o‘zi Samarqand uchun olib borilayotgan kurashga kirishib ketdi. Bir necha yil davom etgan bu kurash qirg‘inbarotdan boshqa biror natija bermadi: unda katta harbiy kuch bilan aralashgan Shayboniyxonning qo‘li baland keldi va Bobur Samarqandni tashlab ketishga majbur bo‘ldi. 1504-yili Shayboniyxon Andijonni ham qo‘lga kiritgandan so‘ng Bobur janubga qarab yo‘l oldi va Qobul ulusida o‘z hokimiyatini o‘rnatdi. 1505–1515-yillarda u Markaziy Osiyoga qaytishga bir necha bor urinib ko‘rdi. Ammo bu urinishlardan hech qanday natija chiqmadi. So‘ng o‘z mavqeyini yanada mustahkamlash maqsadida, 1519–1525-yillar davomida Hindistonni qo‘lga kiritish uchun bir necha bor janglar olib bordi. 1526-yil aprel oyida Panipatda Hindiston Sultoni Ibrohim Lo‘di bilan va 1527-yili mart oyida Chitora hokimi Rano Sango bilan bo‘lgan janglarda Boburning qo‘li baland keldi. Tarixiy ma’lumotlarning bayon qilishicha, Boburning Hindistonga yurishida Dehli hukmdori Ibrohim Sulton siyosatidan norozi bo‘lgan Panjob hokimlari ham Boburni qo‘llaganlar va Sikri jangidagi bu g‘alaba Boburga Hindistonda o‘z hukmronligini uzil-kesil o‘rnatish va Boburiylar sulolasini barpo etish imkoniyatini berdi. Ovro‘po tarixchiligida “Buyuk mo‘g‘ullar” nomi bilan “g‘alati mashhur” bo‘lgan, aslida “Boburiylar sulolasi” Hindistonda 300 yildan ortiq hukmronlik qildi.
Bobur bu g‘alabadan keyin uzoq yashamadi – 1530-yil dekabr oyida Agra shahrida vafot etdi va keyinroq uning vasiyatiga ko‘ra farzandlari uning hokini Qobulga olib kelib, dafn etdilar.
Biroq qisqa bir vaqt ichida Bobur Hindistonda siyosiy muhitni barqarorlashtirish, Hindiston yerlarini birlashtirish, shaharlarni obodonlashtirish, savdo-sotiq masalalarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, bog‘-rog‘lar yaratish ishlariga homiylik qildi. Hindistonni obodonlashtirish, unda hozirgacha mashhur bo‘lgan me’moriy yodgorliklar, bog‘lar, kutubxonalar, kar-vonsaroylar qurdirish, ayniqsa, uning o‘g‘illari va avlodlari davrida keng miqyosga yoyildi. Hindiston san’ati va me’morchiligiga Markaziy Osiyo uslubining kirib kelishi sezila boshladi. Bobur va uning hukmdor avlodlari huzurida o‘sha davrning ilg‘or va zehni o‘tkir olimlari, shoirlari, musiqashunoslari va davlat arboblarini mujassam etgan mukammal bir ma’naviy, ruhiy muhit vujudga keldi. Boburiylar davlatidagi madaniy muhitning Hindiston uchun ahamiyati haqida Javaharla’l Neru shunday yozgan edi: “Bobur Hindistonga kelgandan keyin katta siljishlar yuz berdi va yangi rag‘batlantirishlar hayotga, san’atga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-birlariga tutashib ketdi”.
Bobur Hindistonda katta hajmdagi davlat ishlari bilan bir qatorda o‘zining adabiy-badiiy faoliyatini ham davom ettirdi va o‘zining nodir asarlarini yaratdi. Boburning butun jahon ommasiga mashhur bo‘lgan shoh asari “Boburnoma”dir. Ma’lumki, unda Bobur yashagan davr oralig‘ida Movarounnahr, Xuroson, Eron va Hindiston xalqlari tarixi yoritilgan.
Asar asosan uch qismdan iborat bo‘lib, uning birinchi qismi — XV asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoda ro‘y bergan voqealarni, ikkinchi qismi — XV asrning oxiri va XVI asrning birinchi yarmida Qobul ulusi, ya’ni Afgonistonda ro‘y bergan voqealarni; uchinchi qismi — XVI asrning birinchi choragidagi Shimoliy Hindiston xalqlari tarixiga bag‘ishlangan.
“Boburnoma”da o‘sha davrning siyosiy voqealari mukammal bayon qilinar ekan, o‘z yurti Farg‘ona viloyatining siyosiy-iqtisodiy ahvoli, uning poytaxti Andijon shahri, Markaziy Osiyoning yirik shaharlari: Samarqand, Buxoro, Qarshi, Shahrisabz, O‘sh, Urganch, O‘ratepa, Termiz va boshqa shaharlar haqida nihoyatda nodir ma’lumotlar keltirilgan. Unda Qobul ulusining yirik shaharlari Qobul, G‘azna va ular ixtiyoridagi ko‘pdan ko‘p tumanlar, viloyatlar, Shimoliy Hindiston haqida ma’lumotlarni uchratish mumkin.
Bobur o‘zining ma’lum va mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir va ijtimoiy masalalar yechimiga o‘z hissasini qo‘shgan olim sifatida xalqimiz ma’naviy madaniyati tarixida munosib o‘rin egallaydi. Zahiriddin Muhammad Boburning boy ma’naviy merosi, o‘lmas asarlari turkiy xalqlar adabiyotining noyob durdonasi sifatida e’tirof etilaveradi.

Gulnora XUDAYOROVA,
Termiz iqtisodiyot
va servis universiteti o‘qituvchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ichki turizm yarmarkasi” tashkil qilindi

Ichki turizmni rivojlantirish, mavjud turizm obyektlariga aholining e’tiborini jalb...

Hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi

Yurtimiz dunyoning rivojlangan davlatlari bilan xalqaro savdo va iqtisodiy...

Urinish besamar ketmadi

Sportning turlari ko‘p. Har bir sport turi esa alohida...

TerDUda Navro‘z shukuhi

Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z shodiyonalari qizg‘in tus olgan ayni kunlarda...
KunTun
KunTun