Dunyoviy davlatchilikni mustahkamlash yo‘lida

Date:

Joriy yilning 31-yanvar kuni “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan parliament.gov.uz/oz/regulation/35 saytida muhokama uchun qo‘yildi.
Ushbu Konsepsiya loyihasida belgilangan vazifalar mamlakatimizning dunyoviy mohiyati bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash o‘rtasidagi oqilona uyg‘unlikni ta’minlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Binobarin, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 1-moddasida davlatimizning dunyoviy ekanligi oliy maqomda mustahkamlab qo‘yilgan.
Davlatning dunyoviyligi nimalarda ifodalanadi? Dunyoviy davlat bu shunday davlatki, unda dunyoviy ishlar diniy ishlardan alohida holda kechishi, ta’lim ham dunyoviy bilimlar berishga asoslanishi va odil sudlov diniy normalarga emas, amaldagi fuqaroviy qonunlarga asoslanishi barobarida fuqarolarga din va vijdon erkinligi, ya’ni istagan diniga e’tiqod qilish yoki qilmaslik hamda mamlakatda mavjud barcha konfessiyalarga o‘z diniy e’tiqodi, ibodat va rasm-rusumlarini amalga oshirishi uchun sharoit yaratib berilishi bilan tavsiflanadi.
Aytish joizki, mazkur Konsepsiya loyihasi milliy davlatchiligimizning boy tarixiy tajribasi va butun dunyo xalqlari uchun umumiy bo‘lgan muhim umuminsoniy qadriyatlarga suyangan holda tayorlangan. Ushbu nufuzli hujjat loyihasi bugungi kunda mamlakatimizda hukm surayotgan milliy va diniy bag‘rikenglik, turli millatlar, turli konfessiyalar o‘rtasidagi o‘zaro totuvlik va shu asnoda kelajak sari rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan.
Mazkur Konsepsiya loyihasining “Dunyoviy davlatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va mexanizmlari”ga bag‘ishlangan bobida qator sohalarda dunyoviylikni ta’minlash masalalariga e’tibor qaratilgan. Jumladan, davlat boshqaruvida dunyoviylikni ta’minlash masalasi bo‘yicha ko‘zda tutilgan vazifalar mazmuniga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, haqiqatan ham, davlat xizmatchilari davlat nomidan, butun aholining, jamiyatning umumiy manfaatlarini ko‘zlab faoliyat olib boradilar, tegishli davlat ahamiyatiga molik qarorlar qabul qiladilar. Shu sababdan, davlat xizmatchilarining diniy qarashlari ularning shaxsiy munosabati bo‘lib, xizmat vazifalarini bajarishga u yoki bu tarzda ta’sir etmasligi, ya’ni umumiy manfaatlariga zid kelmasligi kerak. Bundan tashqari, iqtisodiyotni rivojlantirishda dunyoviylik ham jamiyat rivojlanishi, aholining turmush farovonligini oshirishida muhim o‘rin tutadi. Iqtisodiy qarorlar esa faqat aniq ilmiy ma’lumotlarga, amaliy tajriba xulosalariga, xolisona tahlilga asoslangan holda amalga oshirilishi zarur hisoblanadi.
Ta’lim sohasidagi dunyoviylik esa bevosita yoshlarni chinakam ilmiy bilimlar olishi, hayotda kerak bo‘ladigan ko‘nikmalarni egallashi, umuminsoniy qadriyatlarni hamda vatanparvarlik hissini qalbiga jo qilishini ta’minlashi kerak. Yoshlarda dunyoviylik va vijdon erkinligi huquqini chuqur tushunishlarida, ular o‘rtasidagi nozik nisbatni to‘g‘ri anglashlarida dinshunoslikka oid fanlarni malakali o‘qituvchilar tomonidan yuqori saviyada, zamonaviy yondashuvlar asosida o‘qitilishini ta’minlash alohida dolzarblik kasb etadi, bunday yondashuv yoshlarda to‘g‘ri ilmiy va diniy dunyoqarash, diniy bag‘rikenglikning shakllanishiga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ushbu Konsepsiya loyihasidagi vazifalarning amalga oshishi jamiyat a’zolari o‘rtasidagi, jumladan, millatlararo, konfessiyalararo munosabatlar oddiy insoniy qadriyatlarga, amaldagi qonunlarga, madaniy qadriyatlarga asoslangan holda dunyoviylik bilan diniylikning oqilona uyg‘unligini ta’minlashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Mavlyuda AXMEDSHAYEVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori, y.f.d.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ichki turizm yarmarkasi” tashkil qilindi

Ichki turizmni rivojlantirish, mavjud turizm obyektlariga aholining e’tiborini jalb...

Hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi

Yurtimiz dunyoning rivojlangan davlatlari bilan xalqaro savdo va iqtisodiy...

Urinish besamar ketmadi

Sportning turlari ko‘p. Har bir sport turi esa alohida...

TerDUda Navro‘z shukuhi

Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z shodiyonalari qizg‘in tus olgan ayni kunlarda...
KunTun
KunTun