Yurtimizda qishloq xo‘jaligi sohasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Tuprog‘imiz unumdor, ob-havomiz ham ayni ekin-tikin qilishga, mo‘l hosil olishga xos va mos. Qolaversa, har qarich yerdan unumli foydalanish maqsadida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlari hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi, mahallaning ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishi yo‘lga qo‘yilgan, eksport ko‘rsatkichlari oshirilib, nafaqat davlatga, tadbirkorga, ferme-u dehqonga daromad keltirayotir. Ayniqsa, ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish hamda garovsiz berilgan kreditlar asosida tashkil qilingan issiqxonalarda meva-sabzavot, uzum va sitrus mevalari yetishtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ta’kidlash lozimki, ayni vaqtda viloyatda sitrus mevalarini yetishtirish asosan dehqon-fermer va shaxsiy xo‘jaliklar ulushiga to‘g‘ri keladi.
Viloyatda mavjud 480 gektar issiqxonadan 151 gektarida sitrus mevalari (limon, mandarin, apelsin) yetishtirilmoqda. Ularni parvarishlash agrotexnikasi yuqori darajada rivojlanmaganligi va zararkunandalarga o‘z vaqtida uyg‘unlashgan kurash choralari ko‘rilmaganligi oqibatida hosildorlik kamayib ketmoqda.
Sitrus o‘simliklariga zarar yetkazuvchi asosiy xashoratlardan situris oq qanoti, situris g‘ovaklovchi kuyasi va o‘simlik bitlari (shiralar) hisoblanadi. Sitrus oqqanoti sitrus o‘suvchi barcha hududlarda yashashga moslashib qolgan, sababi qishda qulay sharoit yaratiladi. U xona gullari va boshqa xona o‘simliklarga ham zarar keltiradi. Sitrus oqqanoti lichinkalari yashil barglarda qishlab chiqadi, mart-aprel oylarida voyaga yetga hashorat uchib chiqadi va imogalari bir sutkadan keyin qo‘shiladi hamda 30-soat o‘tgach, urg‘ochi hashorat tuxum qo‘yishni boshlaydi. Zararkunanda rivojlanishi uchun issiqxonalarda issiqlik va namlik qulay sharaoit hisoblanadi. Shuning uchun sitrus oqqanoti issiqxona va limonxonalarda yaxshi rivojlanadi. Zararkunanda karantin organizm hisoblanadi.
Aniqlangan karantin o‘choqlarini yo‘qotish chora-tadbirlari bilan o‘simliklar karatini va himoyasi boshqarmasi fitosanitar nazoratdavlat karantin inspektorlari, hamda xo‘jalik xodimlari vakillari shug‘ullanadi.
Agrotexnik choralar — zararlangan barg, poya va chiqindilar maxsus joylarda yo‘q qilinadi va ko‘mib tashlandi. Qurigan shoxlar qirqilib shakl beriladi, vaqtida o‘g‘it berib sug‘oriladi.
Kimyoviy vositalar bilan ishlov berish, o‘simlik gullashdan oldin va keyin ikki marta o‘tkaziladi. Ob-havo sharoitini hisobga olib, limonzorlarda qishda bir marta va limonzor plyonka ochilmasdan, yana bir marta ishlov beriladi. Natijada, 95-100 foiz samaradorlik ta’minlanadi.
Sitrus oqqanoti bilan zararlangan ko‘chatlar, qalamchlarini boshqa hududga olib chiqish va ekish man qilinadi. Barcha issiqxonalar bahorda ochilishidan oldin fitosanitar nazorat qilinib, Sitrus oqqanoti topilgan taqdirda ko‘chatlar va qalamchalar (fumigatsiya) zararsizlantirishi shart. Sotish uchun olingan Sitrus o‘simlik mahsulotlari bargi va boshqa qisimlardan holi bo‘lishi kerak. Hududga olib kelinayotgan Situris o‘simliklari, qalamchlari, mevasi karantin hujjatlari (fitosanitar sertifikat) bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim. Yuqorida keltirilgan chora-tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilsa, albatta, sitrus mevalaridan ko‘zlangan hosil yetishtiriladi va elimiz dasturxoni yanada obod bo‘ladi.
J.BOZOROV,
Surxondaryo viloyat o‘simliklar
karatini va himoyasi boshqarmasi
bosh mutaxasisi
L.XAKIMOV,
B.NORMO‘MINOV,
Termiz shahar fitosanitar
nazorati davlat karantin inspektorlari